Asosiy mavzular
16 may 2020

Yaxshi Mirziëev tugab, ëmon Mirziëev boshlanmoqdami?

Aziz asrimizning aziz onlari

aziz odamlardan so‘raydi qadrin.

Fursat g‘animatdir shox satrlarla

bezamoq paytidir umr daftarin.

Mana, hafta aylanib, yana diydor ko‘rishdik. Yaxshi so‘zimiz, odobu axloqimiz bilan umr daftarining olti kunlik varag‘ini bezadik. Ammo hamma ham yaxshi ish qilgani yo‘q. Kimdir muhtojlar uchun yig‘ilgan ko‘mak pullarini o‘mardi. Yana kimdir esa yetimning burnini qonatdi.

Qotillik, mashina o‘marish kabi jinoyatlar bilan bezadi kimdir umr daftarini. Oyning 15 kuni qorong‘u bo‘lsa, 15 kuni ërug‘ bo‘ladi. Mana, parchalab niqoblarni, uloqtirib chimmatlarni, karantindan qutuladigan kunlarga ham oz qoldi.

Xabarlar

Ortda qolgan haftada Toshkent tumani MIBning bir guruh xodimlari qo‘lga olindi!

Qo‘lga olingan xodimlardan bir nechta qalbaki muhrlar, kvitantsiyalar va bir necha qopda naqd pul ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Gumondorlar qarzdor aholidan pulni undirib, davlatga topshirmaslik, qarzini to‘lagan aholining pulini kompyuterga kiritmay, ularni qarzdorlar safidan o‘chirmaslik, qarzi yo‘q aholidan tovlamachilik yo‘li bilan pul undirish ayblari bilan so‘roq qilinmoqda!

+++

«Uzcard»ning 75 foiz ulushi prezidentning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunov tasarrufiga o‘tdi.

«Uzcard» brendi ostida faoliyat yurituvchi MChJ ta'sischilari tarkibi yangilandi. Yagona davlat reestridagi yangilangan ma'lumotlarga ko‘ra, shirkatning 75 foiz ulushiga egalik qilish huquqi jismoniy shaxs Mahmudov Ahror Abrorovichdan boshqa jismoniy shaxs — Tursunov Oybek Botirovichga o‘tdi.

Ana kerak bo‘lsa!!!

+++

Dunëda biznesning turi ko‘p. Shulardan biri musibat biznesi. Masalan, bitta mayib-majruhning rasmini internetga qo‘yib, «Buni Amerikaga olib borib davolatib kelaman», deb e'lon ëzib, qopchiqni ochsangiz, pul oqib kelaveradi. Odamlar rahmdil. Bitta kino ko‘rsayam ko‘zidan siyadigan qavm.

1992 yili Xorazmda bir firibgar bitta tuyani yetaklab, «Shu tuya bilan Hajga bormoqchiman, yantoq puli beringlar», deb bozorda pul yig‘ardi.

Rossiyadagilar o‘lik yuboraman, deb pul yig‘adi. Qizig‘i shundaki, o‘likning o‘ziyam kechqurun pul sanab o‘tirgan bo‘ladi.

Mirziëev qurdirgan Sardoba suv ombori 2020 yil 1 may kuni Sanginov va Ramatov degan o‘pirimlar kasofatidan o‘pirildi.

Davlatning xazinasi bo‘sh bo‘lgani bois xalqqa imo qilindi. Davay, yo‘taling, deb.

Ushbu ofatni niqob qilgan shaxs “Diqqat xayriya – Sardobada uy quramiz”, deya fuqaro D.J nomiga “Davrbank”dan ochilgan plastik kartasini tarmoqqa ilib qo‘ydi.

Hamma – uyda zerikib o‘tirgan Gulshoda ham, magazinchi G‘aybulla aka ham pul berdi.

Qopchiqda 2020 yilning 02 may kunidan 08 may kuniga qadar 41 679 708 (qirq bir million olti yuz yetmish to‘qqiz ming yetti yuz sakkiz) so‘m miqdoridagi pul mablag‘lari yig‘ildi.

Ammo shonli milisa xodimlari kelib, bu firibgarning ëqasidan tutdi. Jinoyatga nuqta qo‘yildi.

Hozir ushbu jinoyat bo‘yicha surushturuv ishlari olib borilmoqda.

Andijon hokimi Abdurahmonov 9 mayda o‘rischa katyushaga raqs tushgan qizlaga 4000 $ ulashdi. Puldi qag‘dan oldi? Pul zovuti bormi? O‘zi maoshga yashasa.

Video

Ronaldu Instagram sahifasida mma.uz ëzilgan futbolkani reklama qildi.

Ronaldu reklama uchun kamida 1 million dollar olgan. Kuëvning puli oshib-toshib ketibdi qayinpadar soyasida.

Mirziëev vazirlikka o‘xshash yana bir idora tuzdi. Korruptsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish bilan shug‘ullanuvchi yangi organ respublika darajasidagi agentlik va uning joylardagi boshqarmalari shaklida tashkil etiladi. DXX, IIV, Bosh prokuratura, Oliy sud, Konstitutsion sud, Prezident adminstratsiyasi, Oliy Majlis yo‘q qila olmagan korruptsiyani endi agentlik yo‘q qilar ekan.

Ahmoq desang, bu Mirziëev degani kop-kotta tog‘a. Ey tog‘a, qaror va ministrlik tuzish bilan muammo hal bo‘lmaydi. Ishni Singapur reformatori Lik Van Yu aytganidek, yaqinlaringizni qamoqqa olishdan boshlang. Ikkita kuëv. Quda bovo Parpiev. Zayniloboddin va uning qarindoshi Sanginov. Aripov va Ramatovlarni…

Eh, Mirziëev, Mirziyoev! Avvaliga kalamushlarga qarshi kurashaman, deding. Kalamush yilida esa atrofing yangidan semirgan kalamushlar bilan to‘ldi.

Yaxshi Mirziëev tugab, ëmon Mirziëev boshlandimi?

Mirziëevning uchta salbiy va bitta ijobiy qirrasi:

1. Korruptsionerlarga yashil chiroq ëqdi.

2. Nepotizm, ya'ni kuëvlari va urug‘-aymog‘i bilan davlatni o‘marib ëtibdi.

3. O‘zbekistonni Rossiya vassaliga – Kreml quliga aylantirib bo‘ldi.

Bu uchta salbiy qirra. Birgina ijobiy qirrasi esa mamlakatda so‘zlaydiganlar ko‘payishiga sababchi bo‘ldi.

Mirziëevning yana bir ëmon qirrasi – umuman keraksiz narsalarga pul sarflaydi.

Kongress-holl qurdi. Bo‘sh ëtibdi ichida itlar hurib. Dunë o‘z mashvaratini virtual o‘tkazmoqda.

«Humo» saroyi ham bo‘sh. Xitoydan usta apkelib, G‘alaba bog‘i qurdi katta pulga. Bir tiyinga keraksiz maskan.

Uyida uni yo‘q odam ko‘chaga ikkita tandir qurib qo‘yar ekan, odamlar boy deb o‘ylasin, deb. Bu keraksiz binolarni quramiz deb milliardlab pul byudjetdan yechib olinib, o‘zlashtirildi. Prezident xalq xizmatchisi sifatida izn olib, pul sarflashi kerak. Yaqinda bor-budini xarjlab, atom elektrostantsiyasi quradi. Shu portlasa, xalqning baxti tugal bo‘ladi.

Bu salbiy qirralar ichida eng ëmoni davlat manfaatlariga xiënat.

Tuman tarqaldi. Front chizig‘i ko‘rindi. Kim davlat va millat tarafda, kim bosqinchi o‘ris tarafda – aën bo‘ldi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev 9 may kuni Toshkentda Xitoydan taklif qilingan haykaltaroshlar tarafidan “neostalinizm” uslubida barpo etilgan G‘alaba bog‘ini ochdi va u yerdagi “Matonat madhiyasi” deb ataluvchi yodgorlik poyiga gul qo‘ydi.

Yangi bog‘ Toshkentning Olmazor tumanida 12 gektar maydonda prezident Mirziyoevning tashabbusi bilan 9 may kuniga qurib bitkazildi.

O‘zbekiston prezidentining “Kremlga oshiqligi” tarmoqdagi ba'zi vatanparvarlar e'tirozini uyg‘otdi.

Tarmoq faoli Muzaffar Ne'matov nazarida Mirziëev kundan kunga O‘zbekistonni Rossiya orqa bog‘chasi qilishga shoshaëtgani taassufli holat:

«Mirziëev G‘alaba bog‘i panjarasiga SSSR timsollarini yasattiribdi. Sotqinlik, vatanfurushlik tezlashdi. Bu millat dushmanlarini  davlati oliyadan haydab solish, sovet timsollarini yulib, qaytadan axlatga tashlashning ayni mavridi.

Boshqa tarafdan, bechora Mirziëevga  o‘risning bayramini to‘ylash ham tatimadi. Bir tomondan, Islom Karimov xat ëzib, «kuëving molimni taladi», deb ëqasidan oldi. Ikkinchi tarafdan, Muhammad Solih «Sardobani o‘pirgan sensan», deya qizil kartochka ko‘rsatdi

Joriy haftada Senat YeOIIga kirishni ëqlab ovoz berdi. Bu O‘zbekiston mustaqilligi ildiziga Mirziëev shotirlari urgan boltadir.

Tarix ulug‘ muallim

Tarix ulug‘ muallim – biz esa no‘noq shogirdlarmiz. Ëki tarixdan saboq olinmasligi aksioma.

1873 yil, Xiva ishg‘olidan sal oldin ruslar Buxoroni ishg‘ol qilgan edi.

Buxoro podshosi Muzaffarxon mamlakatni o‘rislarga peshkash qildi.

Muzaffarxonning To‘ra ismli o‘g‘li bunga norozi bo‘lib, Xiva xoni oldiga kelib, ko‘mak so‘raydi. Xiva xoni esa «o‘ris sening yurtingni bosib olsa, menga nima» tarzida javob berdi.

Bu tashrifni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan tarixchi Baëniy Buxoro vakilining so‘zlaridan o‘z kitobida iqtibos keltiradi:

«Ul to‘ra aytdi: «Otamiz Buxoro viloyatini Rusiyag‘a bermakchi bo‘ldilar. Biz mone' bo‘lub urushg‘a targ‘ib etduk. Otamizg‘a bu so‘zlarimiz xush kelmay, orada vahshat paydo bo‘ldi. Ondin so‘ng ul yerda turmoqni maslahatdin bag‘oyat ba'id ko‘rub, bayakbor chiqib, bu tarafga ravon bo‘lduq».

Xiva xoni va devondagi kallasi kadi mulozimlarini Rossiya bosqinchiligi emas, balki buxorolik xushsurat shahzodaning husni-jamoli ko‘proq qiziqtirgan.

Yana Baëniy ëzadi:

«Ammo ul tojik to‘raning husni suratda adilu badili yo‘q erdikim, o‘n sakkiz yoshida bir oftobi havoriydek yigit erdi. Oning masohiblaridin birining oning haqida oytg‘on she'rlaridin bu misra' xotirimda qolg‘on erkan, misra' «To‘rajonimiz to‘lon oydururki, sitoradur umarolari».

Bu shahvatli tajovuzdan dahshatga tushgan tojik To‘ra Xivadan ayrilib, Tehronga yo‘l oladi.

To‘ra Eron shohi ko‘magida o‘rislarga qarshi kurashmoq istaydi. Ammo uning bu istagi amalga oshmaganiga tarix guvoh…

Sal o‘tmay, 1873 yilning ëzida Xivadagi Xorazmshoh taxtiga Kaufman o‘tiradi. Bu voqeani tarixchi Baëniy taassuf bilan kuzatadi:

«Kaufman yonida G‘aranduq Niqulay prins Yujin kamoli ehtishom bila keldi. Burunroq kelgan bir bo‘lak askari muziqa chertib, istiqbolig‘a chiqtilar. Kaufman kelib Arkka kirib, taxti xorazmshohiyda o‘lturdi».

Bu satrlardan keyin Baëniy tarixchiga xos bo‘lmagan ehtiros bilan mag‘lubiyatdan afsus chekadi:

«Darig‘kim, ahli Xorazm mardi muboriz jamoa erdilar! Bir necha Vatan xoinlari o‘z maqsadlarin hosil etmak uchun mundog‘ jasoratni olarning boshlarig‘a kelturdilar. Agar tamomi Xorazm aholilari yakdilu yakjihat bo‘lub, ittifoq bila Rusiya askariga muqobil bo‘lub, urush etsalar erdi, ehtimoli yo‘q erdikim, Rusiya askari olarg‘a zafar topa olg‘aylar, mundinburun besh navbat kelib, aslo zafar topa olg‘on ermasdurlar. Nechunkim, Xorazmning atrofida qumu dashtlar bordur va bir tarafida daryo bordurkim, mahkam sadlarning o‘rtasida voqedur.

Oning pastu balandin bilmagan kishilarga fathi mahol erdi. Chun ollohi taoloning irodasi bu erdi, taqdirg‘a chora yo‘qdur!»

Baëniyning xon avlodidan ekanini bilsak, bu qayg‘uni tushunamiz. Lekin aytmaydirlarmi, so‘nggi pushmon o‘zingga dushman deb.

Bu gaplarimni ëzaëtganimning sababi shuki, bugun ko‘pchilik o‘zbeklar Rossiya nazoratiga o‘tish dahshatini tushunib yetmayapti.

O tempora, o mores!

Nije plintusa (tanqiddan tuban), degan gap bor. Plintus degani polning chetiga qoqiladigan uzun reyka. Undan pasti yerto‘la bo‘ladi.

Plintusdan past degani hech qanday odobu axloq normalariga muvofiq kelmaydigan o‘ta past darajadir.

Fozillar bu darajadan pastga enishni xush ko‘rishmaydi. Mana, ikki kundirki, mendan palon odamg‘a munosabat bildiring, deb muxlislar o‘tinmoqda.

«Qaerdadir Kanadaning «so‘lim go‘shasida» qandaydir tip o‘ziga yaxshilik qilgan odamga qarab ëmon gaplarni aytibdir», shu haqda fikr bildiring, deyishdi.

Fikrim yo‘q bu haqda. Zotan, mening bit va burgalarga ham munosabatim yo‘qdir.

Olloh bergan nafasni bo‘sha xarjlab, bu tip va bundayin tiplar haqida gapirmayman.

Balki uning xotini nasihat qilib yo‘lga solar. U kishi unutgan bo‘lsa, qilingan yaxshiliklarni xotini unutmaganiga aminman.

Biologlar kuzatuviga ko‘ra, olov ichida qolgan ko‘lvor ilonni qutqarsangiz, u ham qutqargan odamni chaqmas ekan.

Jamiyatda lafz, va'daga vafo va sadoqat degan tushunchalar o‘rniga maymun kabi ket ko‘rsatish qusuri urchiganini ko‘rib, mayus bo‘laman, xolos.

Bunday odamlarni ham «tushunish kerak», degan edi amerikalik ëzuvchi Ernst Xeminguey. Bu fikrni davom ettirgan xorazmlik shoir Matnazar Abdulhakimning zakiy misralarini qayta o‘qiyman.

Hamma-hammasini tushunish mumkin,

Jazoirda yoqqan qalin qorni ham.

Yo‘qni ham tushunish mumkin o‘ylasang,

O‘ylasang, tushunish mumkin borni ham.

«Salbiy muhit» yoki «yomon tarbiya»

O‘g‘rini tushunish mumkin bir kuni.

O‘g‘rini tushunib bo‘lgach, albatta,

To‘g‘rini tushunish mumkin bir kuni.

Ablahning qalbida nogoh uyg‘ongan

Diyonat, tushunsang, hayron qoldirmas.

O‘zingni baxsh etgan bir inson qilgan

Xiyonat, tushunsang, hayron qoldirmas.

Fahm etsang, sotqin, xom sut emgan jon,

Anglasang qotil ham emas hech erish.

Tushunsang, tushunsang, tushunaversang,

Hamma-hammasini zarur kechirish.

Tushuna oldi dunyo. Lekin buning-chun

Kim uqubat chekar, kim tortar azob.

Xoinlar, sotqinlar qilmishi uchun

Kim oladi, axir, oliy bir jazo!

Tushunsang, ko‘zlaring oldiga kelar

Ham do‘zax, ham jannat, hamda arosat,

Oyog‘i shohsupa, bo‘yni sirtmoqda,

Manglayin miltiqqa tutgan Farosat!..

Shunaqa… Farosat o‘z peshanasiga to‘pponcha tiragan davr.

Eh, davr. Eh, davron. Eh, inson tubanligi (O tempora, o mores!), deya ulug‘ notiq Tsitseronning qadimgi Rim senatida aytgan mashhur gapini ëdga olaman.

Aslida inson yaralganidan beri yaxshilik evaziga ëmonlik ko‘radi.

Men sevgan anjanlik ulug‘ shoir Boburning turkcha misralari bunga guvoh:

Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘?

Kimki, ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘!

Gar zamonni nafy qilsam, ayb qilma, ey rafiq,

Ko‘rmadim hargiz, netoyin, bu zamondin yaxshilig‘!

Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun ko‘ngluma

Kelmadi jonimg‘a hech oromi jondin yaxshilig‘.

Ey ko‘ngul, chun yaxshidin ko‘rdung yamonliq asru ko‘p,

Emdi ko‘z tutmoq ne, ya'ni har yamondin yaxshilig‘?

Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q –

Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘!

Yaxshilig‘ ahli jahondin istama Bobur kibi,

Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngil, ahli jahondin yaxshilig‘?

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
7 october 2020
O‘zbekiston prezidentining ilm-fan masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovning Toshkentdagi tadbirda davlat rahbarining katta qizi Saida Mirziëevga ta'zim qilgani sotsial ...
20 january 2022
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahri sudi internetda O‘zbekiston rahbariyati va Xitoyning uyg‘urlarga qarshi siyosatini keskin tanqid qilishi bilan tanilgan ...
15 february 2018
Xalqaro mehnat tashkilotining O‘zbekistonda 2017 yilgi paxta terimi mavsumiga oid e'lon qilingan hisobotidan kelib chiqadigan xulosalarni o‘qib, xuddi shunday ...
28 february 2022
Ukraina atrofidagi 27-dan 28 fevralgacha bo‘lgan kun davomidagi o‘zgarishlar qisqacha Yevropa Ittifoqi o‘z tarixida birinchi marta Ukraina uchun qurol ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...