Asosiy mavzular
21 june 2020

Nega bizda Mustaqillik deklaratsiyasi kuni nishonlanmaydi?

Bugun O‘zbekistonda haqiqiy ma'noda mustaqillik kuni sifatida nishonlanishi kerak. Chunki bundan 30 yil burun, 1990 yil 20 iyun kuni respublika parlamenti Mustaqillik deklaratsiyasini e'lon qilgan edi.

Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan sana dunyoning aksariyat mamlakatlarida, jumladan, Amerikada (1776 yil 4 iyul), Rossiyada (1990 yil 12 iyun) mustaqillik kuni sifatida nishonlanadi, biroq o‘zbek xalqi uchun bu qoida istisno sifatida qolmoqda.

O‘zbekistonda Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan kun bayram sifatida nishonlanmaydi. 30 yildirki, o‘zbek hukumati bu muhim sanani xalq xotirasidan o‘chirishga intilib keladi.

Nega hukumatning milliy mustaqillikka bo‘lgan pozitsiyasi Karimov o‘limidan keyin ham, Mirziyoev davrida ham o‘zgarishsiz qolmoqda? Hukumatning bu kunni eslamasligiga qanday jiddiy sabablar bor? Ayni savollar bilan «Eltuz» Mustaqillik deklaratsiyasi muallifi, chin ma'noda mamlakat mustaqilligi uchun kurash olib borgan «Erk» demokratik partiyasi lideri Muhammad Solihga murojaat qildi.

Muhammad Solih «Eltuz»ga bergan intervyusida Mustaqillik deklaratsiyasi parlament tomonidan shunchaki bir kunda qabul qilingan shunchaki hujjat bo‘lmagani, bungacha bir necha yil mustaqillik uchun kurash olib borilgani, xalq irodasi bilan muxolifatdan parlamentga kiritilgan deputatlar kuchi bilan uning qabul qilinishiga erishilgani haqida gapirdi.

«Parlamentda Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilingan kunga biz bir kunda kelmadik. «Birlik» xalq harakati tuzildi 1988 yil noyabrida. Qayta qurish davrining yangi bir bosqichi boshlandi. Faqat O‘zbekistonda emas, SSSRning boshqa jumhuriyatlarida ham mustaqillik g‘oyasi paydo bo‘ldi. Bu g‘oya «Erk» partiyasini tuzishga olib keldi. «Erk» demokratik partiyasi 1990 yil fevral oyida o‘zining tuzilganini e'lon qildi. O‘sha yilning 30 aprelida ilk ta'sis qurultoyi bo‘ldi partiyaning.

«Erk» demokratik partiyasining o‘z dasturiga kiritgan bosh g‘oyasi O‘zbekistonning SSSRdan ajralib chiqishi g‘oyasi edi. Bu g‘oya keyinchalik qisqa bir shaklda Mustaqillik deklaratsiyasiga aylandi.

Demak, «Erk» partiyasi tayyorlagan Mustaqillik deklaratsiyasi loyihasini men 1990 yilning 20 iyun kuni yangi parlamentning 2-sessiyasida deputatlarga tarqatdim», dedi Muhammad Solih «Eltuz»ga bergan intervyusida.

Muhammad Solihning so‘zlariga ko‘ra, bu g‘oya avval-boshidanoq Islom Karimov va uning hukumatdagi odamlariga yoqmagan. Ular aslo istashmagan bu hujjatning kun tartibiga qo‘yilishini, biroq parlamentdagi 70 nafar deputat ta'siri, qolaversa, xalq irodasi bilan parlament muhokamasiga qo‘yilgan.

«Parlamentda davom etayotgan ochiq siyosiy kurashga dosh bera olmagani yoki Kreml oldida javob berish oson bo‘lishi uchun qo‘rqoqligidan Islom Karimov Mustaqillik deklaratsiyasi uchun ovoz berilgan kuni Andijonga ketib qoldi. Keyinchalik esa, bir yil o‘tib, u 16 mart referendumida Ittifoqni saqlab qolish uchun mamlakatni safarbar qildi. Aslida uning bu harakati parlament qabul qilgan Mustaqillik deklaratsiyasiga zid edi», deydi Muhammad Solih «Eltuz»ga bergan intervyusida.

Biroq mustaqillikka tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan Islom Karimov mustaqillikdan so‘ng O‘zbekistonda 27 yil iqtidorda qoldi. Mustaqillik uchun kurashgan muxolifat esa O‘zbekistondan surgun qilindi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 october 2016
4 oktyabr kuni o‘z onasiga nolalari tarzida bitilgan maktubida Gulnora Karimova ekani iddao qilinayotgan Afina@zabitaya1972 akkaunti egasi uch yillik ...
26 january 2026
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati Pop tuman sudida Odilxon qori Yunusxon o‘g‘liga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud jarayoni boshlanmoqda.  ...
19 november 2023
Mustaqil iqtisodchi Yuliy Yusupovning Ostona shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo tadqiqot markazlari forumidagi chiqishida Ukrainadagi urushning O‘zbekiston iqtisodiga ta'sirini ikki ...
9 july 2019
Prezident Shavkat Mirziyoev Olmazor tumanidagi uchrashuvida Vestminster universitetining 3-kurs talabasiga turizm vaziri o‘rinbosari bo‘lishni taklif qildi. O‘zini Saidakbarxon deya ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...