Asosiy mavzular
14 august 2020

Og‘zi boylangan it keti bilan huradi

Yana hafta aylanib siz bilan yuz ko‘rishib turibman. Mag‘rursiz, masrursiz  va orangizda sevgidan majnun, haëtga maftun kishilar bor. Faqat bugun meni bitta do‘stim tomosha qila olmayapti. Bishkekdagi turmada internet yo‘q deyishdi. Gap nohaq tuhmat bilan qamoqqa olingan jurnalist Bobomurod Abdullaev haqida. Bobomurod haqida hali yana gapiraman. Hozir xabarlar bilan tanishtirsam.

Shavkat Mirziyoevning to‘ng‘ich kuyovi Oybek Tursunov Uzcard muassislari ro‘yxatidan chiqarildi.

Xondoyliqda ikki azamat 61 ta qo‘chqorni besh qop kunjaraga qo‘shib o‘mardi. O‘g‘ri qamoqda, qo‘chqorlar og‘ilda. Kunjara izsiz yo‘qolgan.

10 avgust. G‘ijduvondan Sho‘rcha qishlog‘iga eski “Moskvich”da yo‘lga chiqishdi. Yo‘lning yarmiga borganda avtomashinaning old tomon g‘ildiragi chiqib ketsa bo‘ladimi. Falokat. Mashina esa chappa ag‘anab soyga g‘arq bo‘ldi. Mashinadagi 50 va 44 ëshlardagi ikki kishi o‘ldi.

Shofyor shifoxonada. O‘zi shu “Moskvich” degan arava dunëdagi eng rasvo moshin. O‘zbekistondagi tuzum ham “Moskvich” moshinga o‘xshaydi. Oxiri rasmdagiday bo‘ladi, xudo ko‘rsatmasin.

Oliy sud xodimining jasadini bir chamadonga sig‘dirishdi. Bu joyda ishlaganlarning tushiga doimo qasoskorlar kiradi. Xullas, bo‘g‘ib o‘ldirilib, chamadonga solingan bu odamning jasadi kanaldan topildi.

(Eslasangiz, Konfutsiyning bir gapini ëzuvdim kecha. “Uzoq sabr bilan kutsangiz, dushmaningizning jasadi darëdan oqib o‘tadi”, degan aqlli gap).

Chamadondagi odamni talonchilik uchun o‘ldirishmagan. Chunki o‘likning cho‘ntagida yarim millionga yaqin pul chiqqan (cho‘ntagi katta bo‘ladi bundaylarning).

O‘lik bundan 10 yil oldin Oliy sudning xo‘jalik bo‘limini boshqargan. Tili zaharlarning aytishicha, u pora oldi-berdisida bog‘lovchi zveno bo‘lgan.

Ey, sud xodimlari, umuman, o‘zbek mulozimlari. Agar o‘ligingiz darëdan oqmasin desangiz, PORA OLMANG, ELGA ZULM QILMANG!!!

Sirdaryoda ko‘p qavatli uylar qurilishida 2 milliard 482 million so‘m byudjet puli talon-toroj qilindi.

Bir vaqtlar Gdlyan “O‘zbeklar o‘g‘ri”, deganda O‘zbekistondagi shoir zoti bo‘lsa dodlab, “O‘zbek gugurt cho‘piniyam o‘g‘irlamaydi, och qolib o‘lsa o‘ladiki, birovning bir burda nonini olib yemaydi”, deb tirsagini tishlab izillagan edi.

Ko‘plar nazarida o‘zbek avlië, bizni bosib olganlar esa o‘g‘ri edi. Balki shundaydir. Bu gaplardan keyin o‘tgan 30 yilda o‘zbeklarning o‘g‘irlik solnomasini kitob qilib ëzsak, 40 ming tuyaga yuk bo‘ladi.

Nimalarni o‘marishmadi – temir yo‘l shpali, zovod mo‘risi, ishxonadagi oddiylampochka. Byudjetdagi milliardlar.

Bugun Senat raisi Tanzila Norboeva Andijon, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan viloyatlaridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari mutasaddilari tomonidan Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasining 1 mlrd 750 mln so‘mdan ziyod mablag‘i talon-taroj qilinganini aytdi. Shu yerda pauza. Bir ibratli hikoya aytsam.

Zolim bilan mazlum

Zolim bilan mazlum bir xonada yashardi. Zolim arzimas sabab bilan mazlum dilini og‘ritar, ammo kechirim ham so‘rardi. Bir kuni mazlum zolimga bir taxta mix va bolg‘a berdi. “Sen mening dilimni og‘ritgan kuni shu taxtaga mix qoq”, dedi.

Bir oy o‘tmay taxta xuddi tipratrikon kabi mixlar bilan to‘ldi. Zolim mazlumga qarab, “Endi nima qilay”, dedi. Mazlum bo‘lsa, “Endi mixlarni sug‘ur”, dedi. Zolim mixlarni sug‘urdi, ammo taxtada teshiklar qoldi.

“Ko‘rdingmi, – dedi mazlum, – sen har safar menga zulm qilib, keyin kechirim so‘raysan. Ammo mening qalbim shu taxta kabi ilma teshik bo‘ldi”.

Zolim aybini tushunib yetdi va boshqa zulm qilmaydigan halim bir odamga aylandi. Ammo O‘zbekistondagi zolimlar aybini tushunib yetgani yo‘q.

Bobomurod Abdulllaevga  qo‘yilaëtgan aybni ko‘rib bir narsa esimga keldi.

Xorazmda Zerip qiziqchi bor edi. U 1999 yili TV ALSga chiqib bir latifa aytgandi. Bir kuni zooparkdan fil yo‘qoladi. Milisalar quënni qo‘lga olib, zoopark direktoriga olib kelib berishadi.

Direktor “sen fil emas quënsan-ku”, desa, “filman, boshqa urmanglar”, dermish dir-dir titragan quën.

Bu latifani aytgan qiziqchi o‘ldi, TV ALS ëpildi. Shunaqa.

Rasmiy Toshkent Bobomurodni “Qora mergan” taxallusi bilan maqola ëzganlikda ayblab, Qirg‘izistonga uni qamanglar, deb so‘rov yuborgan. Xo‘sh taxallus bilan ëzish jinoyatmi?

Bir vaqtlar Qodiriy ham Julqunboy taxallusi bilan ëzgani uchun Stalin jallodlari (hozirgi jallodlarning momosini itarib urchitganlar) uni otishgan edi.

GAP SO‘Z ERKINLIGI haqida. Bugun so‘z erkinligini himoya qiladigan har bir odam Mirziëevning korruptsiyalashgan rejimi uchun “Qora mergan”dir.

Og‘zi boylangan it keti bilan huradi. Bu Amerikaning so‘z erkinligini cheklash imkonsiz ekani haqidagi maqoli.

O‘zbekistonda kuchli istihborat, ya'ni davlat va millat xavfsizligini ta'minlaydigan tuzilma bo‘lishi mutlaqo shart. Bu tizim, eng avvalo, davlat mulozimlarining, xususan, Shavkat Mirziëevning Rossiya manfaatlariga xizmat qilib, milliy manfaatlarga ziën yetkazganini jiddiy monitoring qilishi lozim.

Ëki diniy klerikal elementlarning davlat boshqaruviga suqilib kirib, fitnaga hozirlik ko‘raëtganini fosh qilish zarur. Bu muhim ish o‘rniga O‘zbekiston DXXsi kitob o‘qigan shoir ëki taxallus ostida sotqin mulozimlarni fosh qilgan jurnalist ketidan quvib yursa, ishlar xalta bo‘ldi, degani.

Yangi O‘zbekiston matbuoti Bobomurod qamalgani haqida jim.

Ëzuvchi Mixail Bulgakovning “Ityurak” qissasida professor Preobrajenskiy sassiq ko‘ppakni odamga aylantiradi. Ammo it yana itligiga tortadi. Atavizm, deydi buni.

O‘zbekiston ham dunëdagi boshqa 130 davlat kabi erkin bo‘lmoqchi edi, bo‘la olmadi. Yana Nodir To‘raqul kabi pedofil qullar odamlarni ezadigan Shimoliy Koreya kabi mamlakatga aylanmoqda.

Bunday notavon haëtni O‘zbekistonni boshqaraëtgan itvachchalar bilan birga pasportiga qashshoq yo‘qsil fuqaro deb tamg‘a urilgan 30 million taviya ham istaydi. Yashayveringlar, yo‘qsillar.

Bilasizlar, oltiariqliklar kabi men ham olti janrda ijod qilaman. Mana bu shig‘irni hozir ëzdim.

O‘zbekiston tug‘ilish uchun ajoyib makon.

Agar baxtim osmonida doim bulut bo‘lsin desang

O‘zbekistonda tug‘il.

Agar sen bu dunëda jahannamni ko‘rishga qarshi bo‘lmasang,

Albatta O‘zbekistonda tug‘ul,

Albatta O‘zbekistonda tug‘ul,

Chunki aynan shu zaminda odam doriga pul topa olmay o‘ladi.

Hokim va prokuror zulmidan o‘zini osishga eng qulay zamin bu O‘zbekiston.

Doimo qarzga botib och-nahor ëshamoqchi bo‘lsang,

Albatta O‘zbekistonda tug‘ul, albatta.

Agar ikki xomkalla aqllilar ustidan hukm qilishiga qarshi bo‘lmasang,

Agar qurgan uying, boradigan bozoring ëtading mozoring buzilishini istasang,

Agar xotining tul, bolang qul, o‘zing tumso bo‘lishni xohlasang,

Albatta O‘zbekistonda tug‘ul, albatta.

Bu men ëzgan shig‘ir, dastur oxirida esa Londonda oltin yulduz olgan professional shoiraning Ozodlik haqidagi she'rini eshittirib beraman.

Mana, ëz ham o‘tib bormoqda. O‘zbekistondan kelaëtgan xabarlardan xazon hidi keladi.

O‘lim mavsumi. Bugun Toshkentda ikki vrach o‘ldi. Kecha bir kompozitor, oldingi kuni Ruslan Sharipov. Piterda yashaydigan tagi qorasuvlik rassom birat ham kecha o‘ldi. Mamlakatda o‘lim sharpasi kezib yuribdi.

Yaxshi bilan birga ëmon ham o‘lmoqda. Ëvuz prokuror Mirag‘lamning jinoiiy uyushma tuzib odamlarni talashda ayblangan advokat xotini Muhabbat Mirzaeva 7 avgust kuni o‘ldi. Ëmon odam edi. Bu xotindan koronavirus ham hazar qildi shekilli, ichburug‘ va 12 barmoq ichagi chirib o‘libdi.

Odatda va'z o‘rtasida ertak aytiladi. Ammo hozir aytadiganim alamli haqiqat.

2003 yil ëz. Mirag‘lamning Toshkentdagi hovlisi. Mirag‘lam hovlidagi supada o‘tiribdi. Bir odam kirib kelib supa ënida turadi. Mirag‘lam o‘tir deb ham aytmaydi.

Mirag‘lam odamlarga kaltakesakka qaraganday ijirg‘anib qarardi. Kelgan odam qo‘lidagi paketni so‘ri chetiga qo‘yib, “Muhabbat opa aytgan summani olib keldim”, deydi. Paket ichida 70 ming yevro bor edi. O‘sha paytda yevro endi chiqqan va tanqis edi.

Bir oy oldin bu odam 70 ming dollar ko‘tarib kelganda uni tahqirlash uchun shuni yevroga aylantirib kel, deyilgan edi. U odam dollarni evroga aylatirish uchun bir oy yugurdi. Nihoyat, 70 ming yevro ko‘rpacha ustida.

Mirag‘lamning ko‘zi marmar favvoradan oqaëtgan suvda. Xizmatkor kelib mehmonni qo‘lidan ushlab hovlidan chiqarib yuboradi. Bechora pul berganidan mamnun bo‘lib ketadi.

U odamni bu pulni olib kelishga majbur qilgan Mirag‘lamning advokat xotini Muhabbat edi. Darrov aytaman. Bu odamning o‘g‘lini Mirag‘lamning milisada ishlaydigan jiyani podstava qilib, Toshoblda qamagan edi. Milisaga qo‘l ko‘tardi deb rasmiylashgan ish narkotik savdosi va yana boshqa moddalar qo‘shilib, katta srok oladigan ishga aylantirildi.

Bolaning qarindoshlari mashina, uy-joy va taqinchoqlarini sotib 70000 yevro yig‘ishdi.

Bugun shu bechoralarga zulm qilgan xotin qora tuproqqa ko‘mildi.

Mirziëev rejimini koronavirus yemira boshladi. Dubay, Qatar bo‘lib oltin unitazlarga bavl qilib, qarindosh-urug‘i bilan yurtni talab uzoq o‘tirmoqchi edi, bo‘lmadi.

Oktyabrda ipoteka krizisi boshlanadi. Ishsiz, maoshsiz odamlar olgan ipoteka kreditlarini ëpa olmay qoladi. Banklar va uning ortidan moliya tizimining oëg‘i osmondan keladi.

O‘zbekistonning bugungi safil imorati tarxini Karimov chizgan bo‘lsa, uni prorab Mirziëev qurgan. Puturdan ketgan tibbiët tizimi. Korruptsiya yemirishi uchun mo‘ljallangan byudjet. O‘g‘irlik va talonchilikdan boshqa narsaga yaramaydigan amaldoru qarindoshlar. Shularning hammasi bu zaif to‘dani koronavirus ikki yurishda mot qiladi.

O‘tgan yili Urganchda qo‘zg‘algan aholini pul berib tinchitishgan edi. Kuzga borib bunday mitti isënlar mamlakatning o‘nlab joyida chiqishi mumkin. Isën qilgan odamga qarata mulozim “Uying kuysin”, deb baqirsa, u odam “Uyim bo‘lmasa nimam kuyadi”, deydi.

Kishanlaridan boshqa narsani yo‘qotmaydiganlar to‘lqiniga obro‘sini yo‘qotgan milliy gvardiya ham, lattabosh bodring mentlar ham qarshi tura olmaydi.

Odamlar ochiqchasiga Mirziëevni mazax qilmoqda. Omma nazdida u Rossiyaga vatanni sotgan o‘risqul. Mafiyaga yurtni pirog parchasi kabi kesib bo‘lib bergan dallol. Echki, limon va qalampir haqida almoyi-jalmoiyi gapiradigan ovsar.

“Odalat, odalat, odalat” deb qamoqdagi o‘g‘ri va qotillarni chiqarib lavozim beradigan ikkiyuzlamachi. Buni oddiy xalqdan ko‘ra mulozimlar ham yaxshi tushunib turibdi.

O‘rmonga o‘t ketar ekan, ho‘lu quruq baravar ënadi. Oz sondagi hukumat odamlari o‘z bola-baqrasi va xotin-xalajini oltin g‘ishtlar solingan savatlar bilan birga Dubay, London va Kiprga olib borib qo‘ydi.

Lekin bu lyuks barcha mulozimga oid emas. Kemaga tushganning joni bir. Ëzuvchi Maksim Gorkiy ëzgani kabi bo‘ron qushlari qasirg‘adan darak bermoqda. Sho‘ring qursin, Shavkat Miromon, do‘xtirning uli. Jila endi, ëstiqqa jila.

Sovet davrida gugurt bir tiyin bo‘lsa, shved turmasida gugurt tekin. Besh marta ovqat. Istagan paytda meva sharbati. Hammasi tekin. Sport zal¸ kutubxona bor. Ishlash majbur emas. Mabodo ishlasangiz, yaxshi haq beriladi.

Ammo o‘sha turmadan ham qochishadi. O‘tgan yili 19 odam shved turmasidan qochdi. Chunki erk va ozodlik ular uchun tekin gugurtdan muhim.

49 yashar o‘zbek shoirasi Xosiyat Rustam xalqaro adabiët festivali g‘olibi bo‘libdi. Boku, Istanbul va Xoshiminda kitoblari chiqibdi. Nega bu shoira mashhur, nima haqda ëzadi, deb so‘rashdi. Xosiyat ozodlik haqida ëzadi.

(Xosiyat sher o‘qiydi)

Qamoqdagi maxbus, masalan, deylik, Bobomurod Abdulla ozodlik haqida o‘ylaydi. Odam kasal bo‘lsa, salomatlik haqida o‘ylaydi. Ayriliq paytida esa sevgi haqida.

O‘lim – bu senga otilgan kamon o‘qi. Haët esa shu kamon o‘qi senga kelib tekkunga qadar kechgan fursat.

Haët xuddi koronavirus xastalari ëtgan karantin konteyner kasalxonasi kabi. Sen bitta karavotdan ikkinchisiga o‘tishni va umuman konteynerni tark qilishni istaysan. Doktor ëzgan xulosani kutasan. Bu xulosani olib ko‘chaga chiqsang ham dard sendan ayrilmaydi.

Sen xuddi velosiped mingan odam kabisan. Ortga ëki oëq ostiga qarasang, yiqilasan. Qimirlamasang, pedal bosmasang ham yiqilasan. To‘g‘riga, kelajakka boqib doimo pedal bosish – haëtda qolishning tek yo‘li.

Oldiniga haët faqat kelajak bo‘lib ko‘rinadi. Keyin esa nuqul ortda qolgan yo‘l haqida o‘ylaysan. Mana, oldimizda chegara. Oldiniga chegarachilar pasport vizasini tekshiradi. Keyin bojgirlar to‘rvangni titadi. Keyin esa doktor kelib peshonangga termometr to‘pponcha tiraydi.

Shulardan o‘tsang, sen uchun yangi yo‘l ochiladi. Ammo bu yo‘l ham navbatdagi chegaraga qadar. Men bir oycha otpuskada bo‘lgan paytimda offlayn bo‘ldim. Ya'ni tarmoqdan butkul o‘chdim.

Bugun messenjer pochtani qarasam, xabarlar tiqilib ketibdi. Kimdir kimnidir so‘ygan. Bokiraning qizligi olingan. Nomuslining ori toptalgan.

Koronaga chalinib, temir budkaga qamalib, ahvoli battar bo‘lganlar oh-vohi tinmaydi. Yo‘llarda arosatda qolganlar dodi yurakni ezadi. Buning ënida ochlik, poraxo‘rlik, talon toroj. Ulug‘ bir tushkunlik isi keldi.

Xuddi 1600 yili Rossiyada yuz bergan SMUTA davrini eslatdi. Smuta paytida Rossiya davlati o‘zga mamlakat nazoratiga o‘tgan edi.

Assalom, O‘zbekiston, juma muborak!

Rassom Tuz

Tag‘in o‘qing
18 april 2018
Mirziëev N viloyatining olis bir tumaniga vertolyotda uchib keldi. Yurtboshi tikuchar zinasidan tushib, atrofga alanglab qaradi. Atrof ivirsib ëtibdi. ...
4 december 2017
Ko‘p pul ishlab, mashina va uy olish uchun xotinini fohishalikka undagan o‘zbekistonlik erkak jinoiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda 30 ...
10 january 2022
Inson huquqlari himoyachisi Umida Niyozova uzoq yillik hijratdan so‘ng vataniga qilgan safari va yangi voqeliklardan olgan taassurotlari haqida O‘zbekistonda ...
20 april 2016
Xususan, «XXI asr» gazetasining yozishicha, 2015 yilda O‘zbekiston bank tizimining jami kapitali 2014 yilga nisbatan 23,3 foiz ko‘payib, 7,7 ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...