Asosiy mavzular
30 june 2021

Shovotlik fermer: G‘alla shartnomalarida fermerlar manfaati hisobga olinmagan

Shovot tumani hokimligi 28 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “G‘alla rejasini bajargan fermerlardan qo‘shimcha g‘alla talab qilinmoqda” mazmunidagi xabar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Tuman hokimligi rasmiy bayonotida “Shovot don mahsulotlari” AJ va “Shovot yaxshi niyat agroklaster” MChJ bilan tuzilgan shartnoma majburiyatlari bir qator fermer xo‘jaligi rahbarlari tomonidan bajarilmasdan kelinayotgani aytiladi.

Agar bu shartnomalar “bajarilgan taqdirda Shovot tumanida un mahsuloti bahosi oshib ketishining oldi olinishiga erishilishi” ta'kidlanadi.

Shovotlik fermer Ne'mat Eshjonovning “Eltuz”ga bergan izohiga ko‘ra, hokimlik va kuchishlatar tizimlarning fermerlarga qo‘yayotgan talablari o‘rinsizdir. 

Chunki “Shovot don mahsulotlari” AJ va “Shovot yaxshi niyat agroklaster” MChJ bilan fermer xo‘jaliklari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarda g‘alla yetishtiruvchi fermerlarning manfaati mutlaqo hisobga olinmagan. 

Fermer un mahsulotlari narxi oshishiga dehqonlar bilan shartnoma tuzgan ayni tashkilotlar sababchi ekanini bildirdi. 

“Bu shartnomalardan fermerlarga manfaat yo‘q. Masalan, ular g‘allaning kilosini 1300 so‘mdan hisoblashyapti. Lekin shartnoma tuzilayotgan vaqtda, bultur avgust sentyabr oylarida hokimlik aralashib, “sen paxta-g‘alla fermersan, sen shu shartnomani imzolaysanmi, g‘alla ekasanmi?” degan. 

“Hammasiga paxta ekmayman, qo‘shimcha g‘alla, yana nimadir ekarman”, deb o‘ylaydi-da fermer. Shuning uchun rozi bo‘ladi. Hokimlik “Shovot don” va “Yaxshi niyat” bilan shartnoma qilasan, deydi. Ular arzon oladi, desayam, yo‘q, shuni qilasan, tamom, vassalom, deya shart qo‘yadi”, deydi fermer.

Hokimlik bayonotida asosiy muammo nima uchun tumanda rejani bajargan fermerlardan shartnoma rejasini bajarmagan fermerlarning rejalari va tuman rejasini bajarish uchun ham g‘alla topshirish talab qilinayotgani haqida lom-mim deyilmagan.

Bundan avval, 25 iyun kuni Shovot tumani hokimligi majlislar zalida viloyat hokimligi vakillari, viloyat prokurori o‘rinbosari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. 

Telegramdagi “Shovot fermerlari guruhi”ning bildirishicha, yig‘ilishda fermerlar bitta-bitta “razbor” qilingan. Yuzga yaqin fermerga rejadan tashqari don topshirish vazifasi yuklangan.

Eshjonovning so‘zlariga ko‘ra, bu shartnomalarda e'tiborga olinmagan jihatlardan yana biri suv yetishmasligi bilan bog‘liq muammolardir. Masalan, shu yil yozda sug‘orish ishlari yakunlanganidan keyin kuchga kirgan yangi suv solig‘ini olish mumkin.

Bu yil qurg‘oqchilik bo‘lib, xo‘jaliklarga suv kam ajratilganiga qaramay, suv iste'molchilari uyushmalari (SIU) soliq idoralariga real sarflangan suv miqdoridan ancha baland va farqli bo‘lgan ekinlarga zarur suv hajmi me'yorlarini taqdim etishgan.

“Keyin biz o‘zimizni himoya qilish uchun SIUga bordik. Bizga shuncha suv berdingmi, dedik. Ularda yo‘q bunday hujjat. Soliq nimaga asosan hisoblanadi, degan savolni qo‘ydik. 

Bu idora bizga qancha suv bergani haqida hujjat ko‘rsatishi, shu bo‘yicha soliq hisoblanishi kerak edi. Lekin SIU bizga bunday hujjat bermagan. Ana shu gaplar umuman yo‘q axir! 

Gapga tushunishmaydi. Baribir o‘zlari bilganini qilib chiqarib o‘tirishibdi soliqni”, deydi Eshjonov.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 march 2020
Mana o‘lmagan qul, hafta o‘tib yana siz bilan yuzlashdim. Hamma ishga bormay, uyidan ishlaëtgan ekan. Men bo‘lsa, shakllangan introvert o‘laroq, ...
11 august 2021
“Tolibon” yetakchilari chegaralarni nazorat ostiga olgandan keyin qo‘shni davlatlarga hujum uyushtirilmasligini va'da qilmoqda”, deydi Rossiyamudofaa vaziri. Al Jazeera axborot ...
19 september 2016
16 sentyabr kuni O‘zbekistondagi O‘zLiDep partiyasidan mamlakat vaqtli prezidenti Shavkat Mirziyoevning nomzodini ilgari surilgandi. Uning ortidan rasmiyatchilik uchungina ko‘rsatiladigan, ...
4 june 2025
54 yashar o‘zbek faoli va yutuber Yo‘lchiboy Ismoilov Uchko‘prik sudi tomonidan 23 may kuni uni jazolash uchun chiqarilgan hukm ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...