Asosiy mavzular
19 october 2021

Sudlanuvchilar kiyimidagi qon dog‘lari marhumlarniki ekani ochiqlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudida 18 oktyabr kuni Mirishkor tumani Chandir qishlog‘ida sodir bo‘lgan qotillik jinoyati yuzasidan sud davom etdi. 

Navbatdagi sud majlisida sudlanuvchi tomon guvohlari, shuningdek, sud tibbiyot ekspertizasi vakili tinglangan.   

Qotillik bir yil burun, 2020 yilning 4 oktyabrida sodir bo‘lgan. Uch nafar sudlanuvchi shu qishloqda yashovchi qarindoshlari 62 yoshli Asqar Hazratov va uning xotini O‘g‘ilxon Aymatovani o‘ldirganlikda gumon qilinib, joriy yil 8 mayda hibsga olingan edi. 

“Eltuz”ning sudda ishtirok etayotgan manbalariga ko‘ra, sud tibbiyot ekspertizasi vakili uchala sudlanuvchining kiyimlaridan topilgan qon dog‘lari marhumga tegishli ekanini tasdiqlagan.

Sudlanuvchi tomonning sudda ishtirok etayotgan guvohlari ayblanayotgan hamqishloqlari qassoblik bilan shug‘ullanib kelishlari, ularning egnilaridagi qon dog‘lari eski va so‘yilgan hayvonlarga tegishli ekanini bildirishgan.

“Eltuz” ilgari xabar berganidek, asosiy da'vogar, marhumning kichik o‘g‘li Ibrohim Payg‘ambarqulov ota-onasini o‘ldirganlikda kuyovi Panji Navro‘zov va uning ikki qarindoshini ayblamoqda.

Payg‘ambarqulovning 4 oktyabr kuni guvohlik bergan xotini Shalola Jo‘raeva qotillik sodir bo‘lgan kuni yuziga ro‘mol o‘ragan Panji Navro‘zov uning ikki yashar o‘g‘lini yerga bosib urayotganini ko‘rgani, keyin esa uni ham urib hushidan ketkazganini iddao qilgan edi.

Sud tanaffusi paytida “Eltuz” bir necha guvoh bilan telefonda bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, 18 oktyabr kuni sudga guvohlik bergan fermer Zamon Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, Panji Navro‘zovning kalishidan topilgan qon dog‘lari u shu kuni ovqat pishirish uchun so‘ygan xo‘roznikidir.

Hakimovning bildirishicha, voqea sodir bo‘lgan kuni Panji Navro‘zov tovuq sho‘rvani olib kasal ko‘rgani qo‘shnisi Bahodir Qarshievnikiga borgan. Sudda guvohlik bergan Bahodir Qarshiev “Eltuz”ga bergan intervyusidan chindan ham Navro‘zovning unikiga kasal o‘g‘lini ko‘rishga kelganini tasdiqladi.

Sudda guvohlik berganlarning yana biri, Mirishkor tumanidagi xususiy choyxona egasi ayblanuvchilardan biri Alimardon Navro‘zov shu kuni uning choyxonasida ovqatlanganini ma'lum qildi.

“Eltuz” suhbatlashgan mahalliy huquq faoli Shukurullo Parpievga ko‘ra, sud tibbiyot ekspertizasi xulosasi soxtalashtirilgan yoki tergov jarayonida marhumning qoni sudlanuvchilarning kiyimlariga atay surtib qo‘yilgan bo‘lishi mumkin.  

“Eltuz” ayni iddaolar va guvohliklarning ekspertiza xulosalariga zid kelayotgani yuzasidan kun davomida Qashqadaryo viloyati sud tibbiyot ekspertizasi idorasiga qo‘ng‘iroq qildi, lekin idora xodimlari bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. 

18 oktyabr kuni soat 14 dan o‘tib boshlangan sud kechki 17.30 gacha davom etdi. “Eltuz” Chandir qishlog‘ida sodir bo‘lgan qotillikka oid sud jarayonini kuzatishda davom etadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 february 2020
Ëzuvchi Leonid Solovyovning «Osoyishtalikni buzuvchi» kitobi qahramoni Nasriddin Buxoro amiri va uning mullalarini tanqid qiladi.  Bunga javoban amir Nasriddinni ...
3 october 2023
Narpay tumani turg‘uni 7 sinf o‘quvchisi, Nurmuhammadov Umidjonni mahalla  raisi ayovsiz kaltaklab tashlaganini aytib, yordam so‘rab Eltuzga murojaat qildi. “Samarqand ...
18 january 2019
O‘zbek matbuoti Buxoro viloyatining Olot tumani hokimi Sherali Salomov yig‘ilishda fermer Orif Durmatovni kaltaklagani va shu yilning 9 yanvarida ...
15 february 2016
Bugungi o‘zbek gazetalari ham suvi ko‘pu ko‘miri oz maqolalarga to‘la bo‘ldi. Ajnabiylar tilidan gapirayotgan «Xalq so‘zi»ga ko‘ra, O‘zbekiston «dunyodagi ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...