Asosiy mavzular
19 october 2021

Sudlanuvchilar kiyimidagi qon dog‘lari marhumlarniki ekani ochiqlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati sudida 18 oktyabr kuni Mirishkor tumani Chandir qishlog‘ida sodir bo‘lgan qotillik jinoyati yuzasidan sud davom etdi. 

Navbatdagi sud majlisida sudlanuvchi tomon guvohlari, shuningdek, sud tibbiyot ekspertizasi vakili tinglangan.   

Qotillik bir yil burun, 2020 yilning 4 oktyabrida sodir bo‘lgan. Uch nafar sudlanuvchi shu qishloqda yashovchi qarindoshlari 62 yoshli Asqar Hazratov va uning xotini O‘g‘ilxon Aymatovani o‘ldirganlikda gumon qilinib, joriy yil 8 mayda hibsga olingan edi. 

“Eltuz”ning sudda ishtirok etayotgan manbalariga ko‘ra, sud tibbiyot ekspertizasi vakili uchala sudlanuvchining kiyimlaridan topilgan qon dog‘lari marhumga tegishli ekanini tasdiqlagan.

Sudlanuvchi tomonning sudda ishtirok etayotgan guvohlari ayblanayotgan hamqishloqlari qassoblik bilan shug‘ullanib kelishlari, ularning egnilaridagi qon dog‘lari eski va so‘yilgan hayvonlarga tegishli ekanini bildirishgan.

“Eltuz” ilgari xabar berganidek, asosiy da'vogar, marhumning kichik o‘g‘li Ibrohim Payg‘ambarqulov ota-onasini o‘ldirganlikda kuyovi Panji Navro‘zov va uning ikki qarindoshini ayblamoqda.

Payg‘ambarqulovning 4 oktyabr kuni guvohlik bergan xotini Shalola Jo‘raeva qotillik sodir bo‘lgan kuni yuziga ro‘mol o‘ragan Panji Navro‘zov uning ikki yashar o‘g‘lini yerga bosib urayotganini ko‘rgani, keyin esa uni ham urib hushidan ketkazganini iddao qilgan edi.

Sud tanaffusi paytida “Eltuz” bir necha guvoh bilan telefonda bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. Xususan, 18 oktyabr kuni sudga guvohlik bergan fermer Zamon Hakimovning so‘zlariga ko‘ra, Panji Navro‘zovning kalishidan topilgan qon dog‘lari u shu kuni ovqat pishirish uchun so‘ygan xo‘roznikidir.

Hakimovning bildirishicha, voqea sodir bo‘lgan kuni Panji Navro‘zov tovuq sho‘rvani olib kasal ko‘rgani qo‘shnisi Bahodir Qarshievnikiga borgan. Sudda guvohlik bergan Bahodir Qarshiev “Eltuz”ga bergan intervyusidan chindan ham Navro‘zovning unikiga kasal o‘g‘lini ko‘rishga kelganini tasdiqladi.

Sudda guvohlik berganlarning yana biri, Mirishkor tumanidagi xususiy choyxona egasi ayblanuvchilardan biri Alimardon Navro‘zov shu kuni uning choyxonasida ovqatlanganini ma'lum qildi.

“Eltuz” suhbatlashgan mahalliy huquq faoli Shukurullo Parpievga ko‘ra, sud tibbiyot ekspertizasi xulosasi soxtalashtirilgan yoki tergov jarayonida marhumning qoni sudlanuvchilarning kiyimlariga atay surtib qo‘yilgan bo‘lishi mumkin.  

“Eltuz” ayni iddaolar va guvohliklarning ekspertiza xulosalariga zid kelayotgani yuzasidan kun davomida Qashqadaryo viloyati sud tibbiyot ekspertizasi idorasiga qo‘ng‘iroq qildi, lekin idora xodimlari bilan bog‘lanishning iloji bo‘lmadi. 

18 oktyabr kuni soat 14 dan o‘tib boshlangan sud kechki 17.30 gacha davom etdi. “Eltuz” Chandir qishlog‘ida sodir bo‘lgan qotillikka oid sud jarayonini kuzatishda davom etadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
16 january 2017
Mirziyoevning tadbirkorlik rivoji haqidagi otashin so‘zlariga qaramay O‘zbekistonda kichik biznes nazorat idoralari bosimi ostida tang ahvolda qolmoqda. Shavkat Mirziyoevning ...
15 december 2023
Mana xafta aylanib siz bilan yana yuzma yuz, betma betman. Yaxshimisizlar azizlar. Tashqarida qahraton sovuq bo‘lsa ham, diydoringiz issiq. ...
13 april 2021
Taniqli publitsist va davlat arbobi, Sharof Rashidov va Islom Karimov davrida hukumat lavozimlarida ishlagan Sharof Ubaydullaev “Ozodlik” radiosiga intervyusida ...
16 december 2019
O‘zbekistonda 22 dekabrda bo‘lib o‘tadigan saylov talqini rassom Tuzning yangi karikaturasida. Eltuz.com
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...