Asosiy mavzular
2 february 2022

Pilla ichidagi qurt ëki Jo‘raev nega qamaldi?

Buxoro viloyatidagi “Bukhara brilliant silk” fabrikasi ta'sischisi, 4 oydan beri qamoqda qolaëtgan Baxtiyor Jo‘raevning onasi Robiya Doniërova yutubdagi chiqishida “o‘g‘li ipak sanoatidagi korruptsioner rahbarlar qurboni” bo‘lganini aytdi. 

Ushbu fabrika kasaba uyushmasi raisi Doniyorovaning iddaosiga ko‘ra, pillachilik sanoati qo‘shib ëzish va ko‘zbo‘yamachilik sahnasiga aylangan. 

Doniërovaning bildirishicha, o‘g‘li Baxtiyor Jo‘raevni “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi rahbari Bahrom Sharipov qamatgan.

Baxtiyor Jo‘raevning onasi Robiya Doniërova

“Bahrom Sharipov “Bukhara brilliant silk” korxonasining 100 foiz ulushini xotini Sayyora Sharipova nomiga o‘tkazib berasan, deb o‘g‘limga bosim o‘tkazdi. O‘g‘lim bu kirdikorlarni prezidentga yetkazaman, deganidaan so‘ng uni qamatishib, to‘rt oydan buyon hibsga ushlab turishibdi”, deydi Doniyorova.

“Eltuz” bu iddaolar ortidan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov va Buxoro viloyati huquq-tartibot organlari xodimlari bilan suhbatlashib, masalaga oydinlik kiritdi. Shuningdek, sayt tasarrufida voqealar silsilasiga oid hujjatlar ham mavjud.

Buxoro viloyati prokuraturasi xodimiga ko‘ra, Baxtiyor Jo‘raev 2021 yil 20 oktyabrda ikki farzandning onasi, 41 yoshli Dilafro‘z Sobirovani kaltaklagani ortidan qamoqqa olingan. “Eltuz”ning aniqlashicha, bu ayol Baxtiër Jo‘raevning ikkinchi xotinidir.

Ma'um bo‘lishicha, ushbu jinoyat ishi doirasidagi tergov davomida ayblanuvchining iqtisodiy jinoyatlari ham yuzaga chiqqan.

Ammo uning onasi Robiya Doniërova o‘g‘lining “maishiy muammo bois qamalib, boshqa jinoyatlar bo‘yniga yuklangani”dan tashvish bildirdi.

“O‘g‘limning hech qanday jinoiy javobgarligi yo‘q. O‘g‘ri, muttaham, davlat xoini emas, o‘g‘irlik qilmagan. “Bukhara brilliant silk” korxonasiga biriktirilgan beshta tumanni tortib olishdi.

Bu fabrikada 500 ortiq ishchi ishlab, oyiga 8 tonna ipak mahsuloti ishlab chiqarardi. “Bukhara briliant silk”ka tegishli tumanlar hech bir fabrikasi yo‘q Odil Qodirov degan shaxsga berilib, pilla uyushmasi rahbarligida sotib yuborildi. 

Hozirgi kunda mahsulotimiz yetishmasligi tufayli 250 ta ishchimiz qoldi. Ular ham beish qolishadi”, dedi Baxtiyor Jo‘raevning onasi, “Bukhara brilliant silk” kasaba uyushmasi raisi Robiya Doniërova.

Mahalliy bloger “Bukhara Brilliant Silk” fabrikasi ichida suratga olgan video davomida bir necha aël ishchi ko‘zida ësh bilan ishsiz qolganini aytib, “direktorimizni qaytarib bering”, deya zorlanishadi.

Robiya Doniërova o‘z chiqishida respublika bo‘yicha  pilla  topshirishda qo‘shib ëzish mavjudligi, tut ko‘chatlarini ekish hisobotlari haqqoniylikdan yiroqligi, 2021 yil kasanachi va fermerlarga pilla puli berilmay turib, 2022 yil uchun majburiy tarzda shartnomalar qilinayotganini aytadi. 

Shuningdek, Doniërova Jarqo‘rg‘on va G‘ijduvon tumanlarida pillani qayta ishlash korxonasi barpo etildi, deb mamlakat rahbariga yolg‘on ma'lumot taqdim etilganini iddao qiladi.

“Eltuz” bu iddaolar ortidan “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov bilan suhbatlashdi. U bu gaplarni “o‘g‘li qamalgan ona noroziligidan tug‘ilgan uydirma”, deya atadi va o‘z gapi isboti sifatida hujjatlarni taqdim qildi.

Sharipovning ma'lum qilishicha, “Bukhara brilliant silk” fabrikasining 100 foiz ulushi uning xotini Sayyora Sharipovaga tegishli. “Fabrikada ëllanma rahbar bo‘lib ishlagan Baxtiër Jo‘raev hujjat va imzolarni soxtalashtirish yo‘li bilan fabrikaning barcha hissalarini o‘zlashtirib olgan va bularning hammasi dastlabki tergov jaraënida aniqlangan”.

Jo‘raev “iqtisodiy jinoyatlar figurantiga aylangani”ni Buxoro viloyati prokuraturasi vakili ham tasdiqladi.

“Eltuz” tasarrufidagi hujjatda Jo‘raev “prokuraturaga qarzdorlik yo‘qligi haqida soxta xat yozib bergani, aslida 2020 yildan beri ishchilarning ish haqini to‘lamay kelganini agronom va kasanachilar tasdiqlashgani” aytiladi. 

Prokuratura unga nisbatan ishchilarning ish haqini bermaganlik, tutzorlarni talon-taroj qilganlik, pillakorlarga davlat tomonidan tarqatish uchun berilgan un-moyni odamlarga bermasdan sotib yuborganlik, davlat narxida sotib olib, bozor narxida sotganlik ayblarini qo‘ygan. 

Bahrom Sharipov haqiqat tergov asnosida ro‘ëbga chiqishidan umid bildirib, Doniiërovaning videosidagi gaplarning 99 foizi ëlg‘on deb ayta olishini ta'kidladi.

“Na Robiya Doniërova va na uning o‘g‘li “Bukhara brilliant silk” fabrikasi hissalariga ega va ta'sischi emas. 2008 yilgacha fabrika chet el korxonasi maqomida bo‘lib, 99 foiz hissasi Xitoy shirkatga qaragan va bir foiziga O‘zbekistondagi “Mohitobon” firmasi egalik qilgan. 

2008 yili fabrikani uning  xitoylik egasidan xotinim Sayyora Sharipova nomiga o‘z mablag‘imga rasman sotib olganman. Korxonaning bir milliard olti yuz ming so‘m qarzini 2008 yili to‘laganman”, dedi Bahrom Sharipov. 

Uning so‘zlariga qaraganda, Baxtiër Jo‘raevni buyruq asosida fabrika ish boshqaruvchisi qilib tayinlagan. Chunki u bilan oldindan tanish bo‘lgan – Buxorada o‘qiganida ularning uyida ijarada turgan. Ammo Jo‘raev u bildirgan ishonchni suiiste'mol qilib, “hujjatlarni soxtalashtirish yo‘li bilan 2018 yilda korxonani o‘z nomiga rasmiylashtirib olgan”.

Bahrom Sharipov va Nodir To‘raqulov

“Eltuz” tergov hujjatlari bilan qisman tanishib chiqib, Sharipov aytgan faktlar mavjudligiga amin bo‘ldi. 

Ammo ma'lumotlarni o‘rganish jarayonida “MXX jallodi”, Surxondaryoda “Nodir xudo” nomlari bilan tanilgan sobiq Milliy xavfsizlik xizmati (hozirgi DXX) xodimi, ayni paytda qamoqda saqlanayotgan Nodir To‘raqulov ismi o‘rtaga chiqdi. To‘raqulov va Sharipovning achomlashib tushgan rasmlari tarqaldi. 

“Eltuz” suhbatlashgan manbaning bildirishicha, “O‘zbekipaksanoat” rahbari Sharipov aynan To‘raqulov ko‘magida qator ipak korxonalari, xususan, Termizdagi “Surxon Termiz silk” korxonasini “kepak narxida” sotib olgan. 

Bu boradagi savollarga javob bergan Bahrom Sharipov “qo‘rqqani bois majburan To‘raqulov topshiriqlarini bajargani”ni e'tirof etdi.

“Internetda tarqatilaëtgan rasm montaj qilingan. Yuz foiz fotoshop. Lekin bir narsani tan olaman. Men haqiqatan ham Nodir To‘raqulov chaqirsa borganman, biror topshiriq bersa bajarganman. Bunga majbur edim. Oilamni va o‘z jonimni shu yo‘l bilan saqlab yurganman.

Nodirning o‘sha vaqtda qilgan ishlarini qoralayman. Nodirning jinoiy xatti-harakatlari uch yil davomida tergov qilindi. Bir yilga yaqin sud jaraëni bo‘ldi. Nodirning harakatlariga qonuniy baho berildi. Agar men Nodirning hamtovog‘i, uning harom ishlarida sherik bo‘lganimda, meni hech kim saqlab qola olmasdi. Xalqni Nodir degan balodan qutqargan muhtaram prezidentimizdan minnatdorman”, dedi Bahrom Sharipov.

Manfaatlar to‘qnashuvi 

Yanvar oyida O‘zbekiston mulozimlarining manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq muammosi matbuot kun tartibiga chiqdi. Korruptsiyaga qarshi idora xulosasiga ko‘ra, kino sohasi rahbari Firdavs Abduxoliqov qiziga tegishli telekanalga davlat mablag‘larini o‘tkazib, manfatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq muammoni yaratgan. 

“O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipov

Shu voqea fonida “O‘zbekipaksanoat” uyushmasi raisi Bahrom Sharipovning ipakni qayta ishlash korxonalari egasi bo‘lishi ham manfaatlar to‘qnashuvi emasmi? Qanday qilib davlat amaldori ayni sohadagi o‘z shaxsiy korxonasini nazorat qila oladi? 

Bu savollarga javob bergan Sharipov “sohani bilgani prezident tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanayotgani, qonunga amal qilishni o‘zining misolida ko‘rsatib berayotganini” ta'kidladi. 

“Eltuz” hamkori, bloger Diëra Abdujabborova uch viloyatdagi ipakni qayta ishlash  korxonalarida bo‘lib, haqiqatan ham “o‘lgan soha tirilaëtgani”ga guvoh bo‘ldi. 

Shu bilan birga, u “bu o‘zgarishlar, asosan, ish beruvchini boyitaëtgani, oddiy ishchi va pilla yetishtiruvchi kasanachilarning foydadan ulushi kamligi”ga e'tibor qaratdi.

Ishchilarga berilmay sotib yuborilgan moy va un maxsulotlari

Paxta va g‘alla yetishtirish uchun yer olgan fermerlar “Eltuz” bilan suhbatda yangi tashkil etilgan pilla klasterlari uchun pilla yetishtirib berishga majburligidan shikoyat qildi. 

Narx arzonligi bois, fermerlar uchun pilla yetishtirish ko‘pincha unchalik foydali ish emas, Lekin pilla yetishtirish majburiyatidan xalos bo‘lishning iloji yo‘q. 

Fermerlar topshirishi shart bo‘lgan pilla rejasi fermer xo‘jaligi yerlari kattaligidan kelib chiqib hisoblab chiqiladi va odatda 1 gektar yerga 3 kg ipak qurti yetishtirish rejasi yuklanadi.

Ayrim fermerlar pilladan qutulish uchun hokimlik mutasaddilariga yoki klaster ishchilariga oldindan pul to‘laydi.

Sarlavhaga chiqarganimiz “Jo‘raev nega qamaldi”, degan savol javobini yaqinda bo‘ladigan sud hukmiga havola qilamiz. “Eltuz” ipak sanoati borasidagi surishtiruvini davom  ettiradi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 december 2023
O‘zbekistonda yagona “vor v zakone” Baxti Tashkentskiy laqabli Baxtiyor Qudratillaevga qamoq jazosi tayinlanishi mumkin. Eltuzning jinoyat olamidagi manbalariga ko‘ra, ...
15 october 2023
Qashqadaryolik 61 yoshdagi erkak jami 32 bosh echkiemarni tutib olib, ulardan 12 tasini so‘yib yegan. Qolgan 20 tasini keyinchalik ...
2 march 2021
19 fevral kuni huquq faoli Abdurahmon Tashanov O‘zbekiston IIVning 1-tergov izolyatori (Toshturma)da saqlanayotgan, Nigina ismi bilan tanilgan transgender Mirsharif ...
16 january 2024
Qotil atr sotuvchilar haqidagi ovozli va tekstli xabarlar tarmoqni titratmoqda. Atirgulim atringni soch, go‘ringda go‘rkoving bo‘lay… Qotil odekolon! Kobra ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...