Asosiy mavzular
25 october 2023

Faqat bayramda eslanadigan o‘zbek tili

O‘zbek tiliga davlat maqomi berilishi talab qilingan bu kadrlarni mening aziz do‘stim marhum Abdulaziz aka Mahmudov suratga olganida men ham aynan o‘sha yerda edim. Bu tasvirlar 1989 yil olingan.

Shuningdek o‘zbek tili bayramini 1988 yili tashkil qilgan birinchilar qatorida bo‘lganimdan faxrlanaman. 9 fevral kuni talabalar shaharchasidagi maydonda o‘tgan «Til bayrami» deya atalgan bu mitingdan lavhalar kamdan kam shaxslarning arxivlarida saqlangan bo‘lsa kerak.   

21 oktyabr til bayrami kuni til haqida ko‘p gapirildi.  Jadid bobomiz Ismoyilbek Gaspirali «Til millat rivojidagi birlamchi unsur» degan edi. Shu bois bu mavzu ko‘proq gapirilishga muxtoj.  21 oktyabr kungi rasmiy tadbirlardan ko‘ra, ko‘proq menga ëqqani Qashqadarë viloyati Kasbi tumanidagi 14 maktabning 43 yashar adabiët muallimasi Xurshida Otoullaevaning darsi bo‘ldi.

Hurshida o‘zbek maktabining Ona tili o‘qituvchisi.

Aslida bundan 96 yil muqaddam Bokuda turkologlarning birinchi qurultoyi bo‘lib o‘tgan va turk tili masalasining asosiy yo‘nalishlari belgilab olingan edi. Aynan o‘sha qurultoyda Fitrat taklifi bilan ONA TILI degan tushuncha qabul qilingan edi. Keyin esa 1929 yildagi Samarqand til va imlo konferentsiyasining adabiy til haqidagi qarorida boshqa tillardan kirgan so‘zlarning hammasi “o‘zbek tilining temir qonuniga” bo‘ysungan holda yozilishi va o‘qilishi, ya'ni o‘zbekchalashtirilishi belgilab qo‘yildi.

1941 yili urush boshlanganida xabar tili aniq bo‘lish ehtiëji tug‘ilgani bois til  Qahhor aytgan «quyushqon» ichiga tiqildi. Bundan oldin, 1938 yilda til haqida gapirgan deyarli hammaning tili kesilgan edi.

Shundan keyin, to 1985 yili Mixail Gorbachev kelib hurriyat ato qilib gapiringlar, deguncha hech kim gapirmadi. Karimov davrida yana sukutga cho‘mdik.  Mana endi yana gapira boshladik. Ammo yillar davomida rus KGBsi singdirgan «TURKChILIK BU OLABO‘JI» degan qo‘rquv o‘z ishini qilyapti.

Toshkentga kelgan AQShlik  turkolog do‘stim nuqul o‘rischa eshitganini ëzsam, meni «Fashist» deb atashdi. Xamza «emchak » so‘zini ishlatgan, desam «Ideallashtirma» deya tamg‘a ko‘tarib kelishdi. O‘z vaqtida «Ideallashtirdi» degan ayb bilan necha yuz oydinlar sibirga surgun bo‘lgan edi.

Aytaylik, “x” va “h” tovushlari farqlanmasligini, ularni birlashtirib yuborish tilga salbiy ta'sir etmasligini aytsangiz, madrasa ënida o‘sib hujra ko‘rgan konservativ qarash sohiblari “arab so‘zlarida bor, tarixan shunday, qolaversin” deb turvoladi. Lekin “unda unlilarni ham, tarixdan kelib chiqqan holda, old va orqa qatorga bo‘lib, tegishli harflar kiritaylik” deb ko‘ring, o‘sha kishilarning o‘zlari darhol to‘nini teskari kiyib, “xalq shunga o‘rganib bo‘ldi” deya og‘zingizga kishan solmoqchi bo‘ladi.

Mening fikrim: Bu borada mutaxasislar so‘zini eshitish kerak. Etnik xudbinlik ëki mafkura qopqonida bo‘lganlar emas bilgichlar gapirsin. Bilmaganlar esa bilsin.

21 oktyabr til bayrami haqida o‘qiganlarim ichida eng yaxshisi Mehrinoz Abbosova ëzgan she'r bo‘ldi.  Mehrinozdan maqtov qarzim bor edi. Mana uzdim qarzni. Yaxshini yaxshi deyman. Siësatga diagnoz qo‘ygan shoiraga ofarin deyman.

21-okt(y)abr

Oktabr–oktyabr – arosat fasl,

Tugal bir mezon yo‘q, qonun yo‘q, kor yo‘q.

Qasddan tahqirlanib kelding muttasil,

Seningdek to‘kis yo‘q, sendek afgor yo‘q.

Pishmagan mevasan, na bahor kuzsan,

Kimga nima foyda bor-u yo‘qliging?

Ilmiliq xayolsan, na olov, muzsan,

Na tirik, na murda – sevgim, ko‘hligim.

Ayoldek ulug‘san, ayoldek nochor,

Faqat bayramlarda tushasan yodga.

Ongimni g‘ajiydi dahshatli savol:

Ayt, qachon qaytasan, yorug‘ hayotga?!

Tag‘in o‘qing
7 december 2020
Rassom Kirpi karikaturasi
13 april 2023
Buyuk Chingizxonning uzilmas 23-avlodi sanalgan 106 yoshli Nasim Mirzo Chingiz (Naseem Mirza Changez) 2018 yilning 12 aprelida Eski Dehlida ...
14 november 2025
Gulnor xayolga o‘xshagan bu g‘aroyib yerga qanday kelib qolganini tushunolmay garang edi. Bo‘ri uvlashi, yashil ko‘zlar va kulrang yollarni ...
1 february 2019
Kichkinagina moviy qushcha gaz yo‘q, chiroq yo‘q O‘zbekistondan issiq o‘lkalarga uchib ketmoqchi bo‘ldi. U inidan chiqib osmonga parvoz qildi. ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...