Asosiy mavzular
31 july 2025

«To‘palang» ortida kimlar turibdi? Milliardlik sxema

Bir million 700 ming aholiga suv deya bahonada olingan milliardlar qaerga «oqyapti»? — 

Surxondaryoda «To‘palang» loyihasi ortida kimlar turibdi?

Davlat loyihasimi yoki moliyaviy monopoliya sxemasi?

Surxondaryo viloyatida amalga oshirilayotgan 138 million dollarlik yirik suv loyihasi rasman 1 million 700 ming aholini ichimlik suvi bilan ta'minlashni maqsad qilgan. Loyiha asosida “To‘palang” suv omboridan Sariosiyo tumanidan boshlab Termiz shahrigacha magistral quvur tortiladi. Loyiha tenderi 2022 yil 3 fevralda “Topalang HPD Holding” MChJga berilgan.

Buyurtmachi — “O‘zsuvta'minot” aktsiyadorlik jamiyatiga qarashli injiniring kompaniyasining Surxondaryo hududiy boshqarmasi. Quvurlar umumiy 361 kilometr masofani tashkil etadi. Loyiha doirasida suv tozalash, tarqatish va bosimni so‘ndirish infratuzilmalari qurilishi belgilangan. Tarkibida texnik va muhandislik yechimlari ham mavjud bo‘lib, aholini toza suv bilan ta'minlash masalasida katta ijtimoiy ahamiyatga egaligi aytilgan.

Biroq tahlillar va mahalliy manbalarga asoslangan hisobotlar bu loyiha ortida yirik korruptsion sxema yotayotganini ko‘rsatmoqda. Loyiha hajmi va mablag‘lari kattaligi uni manfaatdor doiralar uchun ancha jozibali “yutuq nuqtasi”ga aylantirgan.

Korruptsiya sxemasi: «Topalang HPD Holding» — o‘zini o‘zidan xarid qiladi

Ma'lumotlarga ko‘ra, “Topalang HPD Holding” MChJ ishchilari o‘z nomlariga shaxsiy firmalar ochgan. Ular Toshkentda joylashgan Galperin nomidagi truba zavodidan 1 yarim metr diametrdagi quvurlarni sotib olib, ularni shaxsiy shalandalarda, ya'ni tirkamali yuk mashinalarida tashishni tashkil qilmoqda.

Real bozorda har bir reys 5–6 million so‘mga tushadi. Ammo shartnomada bu reyslar 9,5 million so‘m deb ko‘rsatilgan. Shartnomalar “Mister Logistic” MChJ bilan tuzilgan bo‘lib, u “Topalang HPD Holding” MChJda ekspeditor vazifasida ishlovchi Xidoyatov Kamronga tegishli. Shu tariqa, ish beruvchi o‘zining xodimiga qarashli firma bilan shartnoma tuzib, davlat mablag‘larini yuvish sxemasini yo‘lga qo‘ygan.

Bu sxema aslida sodda, biroq samarali: firma ichki resurslari orqali tashqi kompaniya sifatida ko‘rsatilib, asosiy mablag‘ning bir qismi qaytib “ichkaridagi” manfaatdor shaxslar cho‘ntagini to‘ldiradi.

Moliyaviy farq — davlat mablag‘idan cho‘ntakka

Oyiga 110 reys quvurlar tashilsa, 6 million so‘mdan hisoblanganida bu 660 million so‘mni tashkil etadi. Ammo shartnomada bu reyslar uchun 1 milliard 45 million so‘m deb ko‘rsatilgan. Bu esa 385 million so‘mlik farq deganidir.

Ushbu farqdan:

125 million so‘m soliq sifatida to‘langan,

100 million so‘m “obnal” uchun ketgan (ya'ni naqdlashtirish xarajati),

qolgan 160 million so‘m shaxsiy cho‘ntakka tushmoqda.

Bu bir oydagi holat xolos. Agar bu jarayon yiliga davom etsa, 12 oyda davlat mablag‘laridan kamida 1 milliard. 900 ming so‘m noqonuniy ravishda o‘zlashtirilayotganini taxmin qilish mumkin.

= Aholi suvsiz — firmalar dollarli

Denov tumanida istiqomat qiluvchi Zulayxo Mamaraimova shunday deydi: “Suv shu ketganicha kelmaydi. Tanish-bilish bo‘lmasa, qishloqdagi muhandislar ham quvurni tuzatib bermaydi. Televizorda katta loyiha deyishyapti, ammo biz suvni hali ko‘rmadik.”

Bunday gaplar nafaqat Zulayxo opa, balki Qiziriq, Sherobod, Muzrabotdagi yuzlab aholi vakillari tomonidan ham aytilmoqda. Xalq ichimlik suviga muhtoj, lekin moliyaviy sxemalarga berilgan loyiha natijasi hozircha qog‘ozda qolmoqda.

Qonunlarning buzilishi va tender shaffofligi

O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, har qanday tender ochiq va raqobatli o‘tkazilishi lozim. Biroq “Topalang HPD Holding” MChJ qanday yo‘llar bilan tender yutib olgani, tanlovda boshqa ishtirokchilar bo‘lgan-bo‘lmagani, shartlar qanchalik shaffof bo‘lgani — hamon noaniq.

Moliya vazirligi va Antikorruptsiya agentligi bu holatlarni tekshirishi kerak. Axir gap 138 million dollar haqida ketmoqda. Bu mablag‘ evaziga kamida 200 ta maktab, 100 ta shifoxona yoki minglab ish o‘rinlari yaratilishi mumkin edi.

Jamoatchilik nazorati va OAV mas'uliyati

Bunday holatlar faqat ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar va faollar tomonidan yoritilgandagina to‘xtatilishi mumkin. Jamoatchilik e'tibori hozir aynan ushbu loyihaga qaratilishi lozim.

Davlat xaridlari portalida to‘liq shartnomalar e'lon qilinishi

Haqiqiy yuk tashish xarajatlari va kompaniya egalari haqidagi ma'lumotlar oshkor qilinishi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar loyiha bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishi talab qilinadi.

Xulosa: «Suv ta'minoti» niqobidagi tizimli yuvish sxemasi

Bir tomonda ichimlik suviga muhtoj yurtdoshlar, ikkinchi tomonda milliard so‘mlik sxemalar bilan ishlayotgan firmalar. Bu loyiha atrofida ochiq va shaffof tekshiruvlar o‘tkazilishi shart.

Xususan:

“Topalang HPD Holding” MChJ bilan tuzilgan barcha shartnomalar qayta ko‘rib chiqilishi,

“Mister Logistic” va u bilan bog‘liq shaxslar moliyaviy tekshiruvdan o‘tkazilishi,

Tender jarayoni qayta tahlil qilinishi,

Davlat mablag‘larining xarajatlari jamoatchilikka oshkora taqdim etilishi lozim.

Aks holda, “1 million yetti yuz ming odamga ichimlik suvi” niqobi ostidagi ushbu yirik loyiha — korruptsiya daryosining eng keng oqimlaridan biriga aylanadi. Holbuki, xalq suv kutyapti. Ammo suv yo‘q — uning o‘rniga hozircha kimlarningdir cho‘ntagiga faqat pullar oqmoqda.

Tag‘in o‘qing
8 july 2024
AQShning  San-Frantsiskodagi X Corp. (Tvitter) shirkati twitter.comda nashr qilingan to‘rtta tanqidiy kontentni olib tashlash bo‘yicha o‘zbek idorasi talabini rad ...
20 november 2015
Paxta kampaniyasini yuritaëtgan koalitsiya bugun Jahon bankiga maktub yuborib O‘zbekistonda majburiy mehnat to‘xtamaëtgani borasida o‘z havotirini bildirdi. Hususan Jahon ...
1 april 2015
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi O‘zbekiston mustaqilligi arafasida mamlakat aholisi prezident siyosatini to‘liq qo‘llab quvvatlashini bildirdi, balki yetar… ...
17 november 2025
Bugungi kunni anglash uchun tarix ilmini bilish kerak. Tarix – bu o‘liklar haqidagi ilm. O‘lganlarni tinch qo‘ying deydigan oshqovoq ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...