Sankt-Peterburgda migrantlarga kurerlik qilish taqiqlandi
Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida hokimiyat migrantlar uchun mehnat cheklovlarini kuchaytirish siyosatini davom ettirmoqda. Endilikda ularga shaharda kurerlik faoliyati bilan shug‘ullanish ham man etiladi. Bu qaror yetkazib berish xizmatlari narxining 20% gacha oshishiga sabab bo‘lishi mumkin, deya taxmin qilinmoqda.
11 avgust, dushanba kuni Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov xorijiy fuqarolarni kurerlik xizmatiga jalb qilishni cheklash to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Gap patent asosida ishlovchi migrantlar haqida ketmoqda.
Taksi sohasidagi mavjud cheklovlarga endi kurerlik xizmati bilan bog‘liq bo‘lgan faoliyat turlari ham qo‘shildi. Bunga kurerlik (OKVED 53.20.3), turli transport vositalarida kurerlik xizmati (OKVED 53.20.31), uyga ovqat yetkazib berish (OKVED 53.20.32) va boshqa kurerlik faoliyati (OKVED 53.20.39) kiradi.
Hokimiyatning rasmiy pozitsiyasi
Hokimiyatning rasmiy bayonotiga ko‘ra, «etkazib berish sohasi faol rivojlanmoqda, ammo bu norasmiy va nazorat qilinmaydigan bandlikning katta hajmini keltirib chiqarmoqda. Qabul qilingan qaror noqonuniy mehnatga qarshi kurashish, kurerlik sohasidagi xizmatlar sifati va xavfsizligini oshirish, shuningdek, Rossiya fuqarolari, birinchi navbatda, yoshlar va talabalar uchun yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan. Statistikaga ko‘ra, xorijiy kurerlar umumiy ishchilar sonining juda kichik qismini tashkil etadi, shu sababli bu chora yetkazib berish bozorining barqarorligiga ta'sir qilmaydi», — deyiladi xabarda.
Bozor ishtirokchilari norozi
Taksi bozoridagi taqiqlarga o‘xshab, yangi qoidalarga moslashish uchun kurerlik xizmati bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarga uch oylik o‘tish davri berilgan. «Delovoy Peterburg» nashrining yozishicha, Smolniy qarori biznes uchun kutilmagan bo‘ldi. Kompaniyalar migrant kurerlarga taqiq qo‘yilmaydi, deb umid qilishayotgan edi. Bungacha ham ular uchun tezlik cheklovi, tashqi ko‘rinishga talablar va shaxsiy mobillik vositalarida harakatlanish uchun taqiqlangan hududlar joriy etilgan edi. Shaharning 18 ta tumanida, jumladan, barcha yashil hududlarda bunday cheklovlar mavjud. Biznes hali bu cheklovlarga moslashib ulgurmagan bo‘lsa-da, yangi qoidalarni buzganlik uchun jarimalar allaqachon yozilmoqda.
