Asosiy mavzular
1 september 2025

O‘zbekiston Mustaqilligi nega yilda bir emas, ikki kez nishonlanadi?

Dunyodagi jamiki boshqa mamlakatlardan farqli O‘zbekistonda Mustaqillik kuni har yili ikki marta nishonlanadi. Birinchisi 1990 yıl 20 iyun kuni O‘zbek Parlamenti tomonidan  qabul qilingan Mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilingan kun, ikkinchisi 1991 yil Rus huntasi yiqilib, Sovet Ittifoqining butun respublikalari mustaqil bo‘lgandan keyin Karimov tarafidan 1 sentyabr kuni joriy qilingan ikkinchi Mustaqillik kuni.

Bugun O‘zbekistonda ayni o‘sha Ikkinchi mustaqillik kuni nishonlanayapti. Biz esa sizga haqiqiy Mustaqillik kuni, aynan Mustaqillik deklaratsiyasining katta tantanalar bilan O‘zbekiston xalqi va parlamenti tomonidan qabul qilingan kun haqida ma'lumot bermoqchimiz. Dunyoning barcha mamlakatlarida jumladan Amerikada ham, Rossiyada ham Mustaqillik Deklaratsiyasi qabul qilingan kun Mustaqillik kuni sifatida bayram qilinadi. Lekin O‘zbekistondagi  bugungi yoshlar mamlakat Mustaqillik kuni nishonlanishi kerak bo‘lgan sana haqida deyarli hech narsa bilishmaydi.

Garchi ayrim internetdagi ko‘plab manbalar, masalan Gugl, Chat JPT va vikipediya orqali bu qutlug‘ sana haqida ko‘plab ma'lumotlar olish bugungi kunda qiyin emas. Ciyosatchi va yozuvchi Muhammad Solih, akademik Vosil Qobulov va yana bir o‘zbekistonlik olim Qudrat Do‘stmuhammedov xotiralarida bu muhim voqea – 1991 yil sentyabrda emas balki 1990-yil 20-iyunda sodir bo‘lgani ta'kidlanadi.

Jumladan olim va yozuvchi Qudrat Do‘stmuhammedov bu tarixiy voqealarni o‘z xotiralarida shunday eslaydi.

«1990 yilning 20 iyun kuni O‘zbekiston Oliy Kengashi sessiyasida qabul qilingan Mustaqillik Deklaratsiyasi haqida gapirganda, bu ulkan va tarixiy jarayonga hissa qo‘shganlarni iloji boricha eslash lozim, deb o‘ylayman. «Erk» demokratik partiyasi va uning rahbari Muhammad Solihning sa'y-harakatlariga baho berishda ojizman, lekin, chekkada turib yordam berganlar va qo‘llaganlardan ba'zilari haqida bilganlarimni aytishim mumkin. Shunday vatanparvarlardan biri – O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi akademigi, Kibernetika ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasining Bosh direktori, marhum VOSIL QOBULOV (1921 – 2010) edilar. O‘sha kezlarda Oliy Kengash deputati bo‘lganlar» deya eslaydi olim Qudrat Do‘stmuhammedov o‘z xotiralarida.

«Men 1997-98 yillarda ustoz bilan ko‘p muloqotda bo‘lib, kundalik daftarlarini o‘qib-o‘rganib chiqqanman. O‘ttizta qalin daftardan iborat “Kundaliklar”dan ko‘chirmalar qilib, matbuotda bir nechta maqola e'lon qilganman. Ularda mustaqillik Deklaratsiyasi haqida ham e'tiborga loyiq gaplar aytilgan, mana bugun, ko‘pchilikka ma'lum qilish fursati keldi» deya yozadi u.

Eslash joiz 1990-yillar boshida Sovet Ittifoqida markaziy hokimiyat zaiflashib, respublikalarda mustaqillik harakatlari kuchaygan edi. O‘zbekistonda “Erk” demokratik partiyasi va uning rahbari Muhammad Solih boshchiligidagi faollar Oliy Kengashda mustaqillik masalasini ko‘tarishga harakat qilishdi.

Ular orasida yozuvchi va shoirlardan tashqari olimlar, proffessorlar bor edi. Qudrat Do‘stmuhammedov ayni shunday fidokor olimlardan biri akademik Vosil Qobulov daftarlarida gi yozuvlardan shunday iqtibos keltiradi.

Akademik Vosil Qobulov kundaligidan

«14 iyun,1990 yil, payshanba.

Hozir hammani O‘sh voqealari, jumhuriyatlarning suvereniteti, O‘zSSR Oliy Kengashining 18 iyunda boshlanadigan sessiyasi tashvishlantirmoqda. Bu sessiyada yer mulkchiligi haqidagi qonun muhokama qilinadi. Deklaratsiya loyihasini tavsiya qilish fikrim bor.

15 iyun 1990 yil, juma.

Ertalab soat 7:30 da Angrenga yo‘l oldik. “O‘zbekenergoremont” tashkilotining dam olish zonasiga. Bu joy shundoqqina Angren suvining bo‘yida, sho‘rlik daryoning butun qirg‘og‘ini tashkilot va muassasalar bo‘lib olishgan. Uchrashuvning tashkilotchilari Anvar Karimov, Farhod Zunnunov, I.X.Ubaydullaev, Romen Zohidov, Yolqin, Erkin Qosimov, Tursunov (Husan), Tursunov (biolog), Mo‘minov N.O., Ibrohimov I.I., Irmatov M.I. va bir nechta yoshlar.

Avval Deklaratsiya masalasini qizg‘in muhokama qildik. Dushanba kuniga tayyorlab, Oliy Kengashga tavsiya qilmoqchi bo‘ldik.

Jumhuriyatning mustaqilligiga ko‘makdosh olimlarning ko‘ngilli jamiyatining birinchi ishchi yig‘ilishi shunday o‘tdi.

17 iyun, 1990 yil, yakshanba.

Komilov M.ning otasi vafot etgan ekan (82 yoshda), butun umr muallimlik qilgan, ajoyib odam edi, ta'ziya bildirib keldik. Qaytib kelib, Deklaratsiya ustida ishladim. RSFSRning Deklaratsiyasi chiqqan “Argumentы i faktы”ni olib kelishdi. Deklaratsiyani tugatdim. Zo‘r diqqatni talab qildi, bu ish.

18 iyun, 1990 yil, dushanba. Ertalab institutga kirib, Deklaratsiyaning qo‘lyozmasini qoldirdim, bir nusxasini olib, Markazqo‘mga, Oliy Kengash sessiyasiga ketdim. Birinchi bo‘lib Muhammad Solihni ko‘rdim. Uning qo‘lida Deklaratsiyaning uchta varianti bor ekan. Shirinqulov, Mirsaidovlar kelishdi. Ular ham Deklaratsiya haqida gapirishdi…

Sessiya kun tartibining muhokamasi boshlandi. Muhammad Solih va boshqalar Deklaratsiyani kun tartibiga kiritishga uzoq harakat qilishdi. Ibrohimovga Deklaratsiyaning 63 deputat imzo qo‘ygan uchta variantini berishdi. Bo‘lmadi.

19 iyun, 1990 yil, seshanba.

Oliy Kengash, soat 11:00, Erkin Jo‘raev qo‘mita raisi o‘rinbosari. Mulk qonuni ustida ish boshlandi. Muhammad Solih fikrlarini nazarda tutib, 25 moddaning 5- va 7- bandlari olib tashlandi. Bu bandlarda Ittifoqning mulki qayd qilingan edi. Boshqa o‘zgarishlar kiritilmadi. Men ketdim. Yana hammaning ishonchi komilki, qonuniy o‘tadi…

Tungi soat ikkigacha televidenie orqali sessiyani ko‘rsatishdi. Nihoyat, oxirida aytildi: “62 deputat Sh.R.Mirsaidovga Deklaratsiya masalasida murojaat qilishgan va ularni kichik zolga, Mirsaidov bilan suhbat qilishga taklif qilishgan.”

20 iyun, 1990 yil, chorshanba.

Sessiya boshlanishiga yetib borolmadim. Soat 11:30 da telefon qilib bilsam, Deklaratsiya muhokama qilinayapti ekan. Demak, Muhammad Solih, Shirinqulov va boshqalar niyatlarini amalga oshirishibdi. Oliy Kengashga yetib borganimda, Deklaratsiya qabul qilinishi munosabati bilan qarsaklar bo‘layotgan ekan. Nima qilish kerak? 70 ta olim imzo qo‘ygan Deklaratsiyaning variantini Shirinqulov orqali berishga to‘g‘ri keldi. Mirsaidov boshchiligida gruppa tuzilibdi… So‘ng, “Yer” haqidagi qonun muhokama qilindi. Uni akademik V.Q.Qobulov kiritgan bitta tuzatish bilan qabul qilishdi. Shunisiga ham rahmat.

26 iyun, 1990 y., seshanba.15:00 

– Muhammad Solih keldi. Qanday jang qilib, Deklaratsiyani o‘tkazganini gapirib berdi. Miting qilish po‘pisasi bilan uni nashr qildirgan. Kontseptsiya ustida ishlaymiz…»

Akademik Vosil Qobulovning kundaliklarida qayd etilganidek, O‘zbekiston mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilish jarayoni oson kechmagan. Dastlab deputatlar va hukumat orasida konsensus bo‘lmagan. Biroq, Muhammad Solih va uning safdoshlarining qat'iy sa'y-harakatlari natijasida 1990-yil 20-iyunda “O‘zbekiston mustaqillik Deklaratsiyasi” qabul qilindi. Bu hujjat respublikaning ichki va tashqi siyosatda mustaqil qaror qabul qilish huquqini e'lon qildi. Bu Mustaqillik sari qo‘yilgan birinchi va eng shiddatli qadam edi, biroq bu sana, o‘sha davrda rasmiy bayram sifatida tan olinmadi.Garchi o‘sha davr suronlarida faol bo‘lgan olimlari o‘z xotiralarida aynan shu kunni “haqiqiy mustaqillik kuni” deb hisoblashadi, chunki bu sana mustaqillik g‘oyasi amalga kirgan kun edi.

Oradan bir fil o‘tib 1991-yilning avgust oyida Moskvada sodir bo‘lgan davlat to‘ntarishi (GKChP putchi) Sovet Ittifoqining parchalanish jarayonini tezlashtirdi. Bu siyosiy sharoit avval kompartiya raxbari keyinchali mamlakat prezidenti bo‘lgan Islom Karimovni mustaqillikni rasman e'lon qilishga majbur etdi.

1991-yilning 31-avgust kuni O‘zbekiston Oliy Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida” qaror qabul qilindi. Bu qarorga asosan, 1-sentyabr Mustaqillik kuni deb e'lon qilindi. Bu sana o‘sha paytdagi davlat rahbari Islom Karimov tomonidan mustaqillikning yakuniy, qonuniy va rasmiy shaklda belgilangan sanasi sifatida tasdiqlandi. Shu sababli, 1-sentyabr butun mamlakatda rasman nishonlanadigan bayramga aylandi. Karimov 2016 yilning 29 avgust kuni o‘ldi. Bu haqda Eltuz ilk bor xabar berdi. Karimovni ikki kun o‘tib bayram o‘tkazidganidan keyin ko‘mishdi. Bu bayram iqtidordagi O‘zbekistan hukumati tomonidan har yili nishonlanadi, biroq asosiy narsa, bu kun mamlakatning Rossiya istibdodidan qutilgan kuni ekaniga urg‘u berilmaydi. Eltuz O‘zbekistondagi siyosiy voqealarni tahlil qilishda davom etadi. Kanalimizga obuna bo‘ling, video yuzasidan izohlar qoldiring.

Tag‘in o‘qing
27 september 2023
Adliya tizimi va qonunlar ishlamay qo‘ysa, davlat qaroqchi va talonchilar to‘dasiga aylanadi. Bu aqlli gapni bir ming yettiyuz yil ...
18 december 2022
Avtobus ketib bormoqda. Birdan avtobus ichida chiroq o‘chadi. G‘ala g‘ovur. Voy svet o‘chdi. Batareya ham muzday. Qalbimiz bo‘ldi kuzday.
25 november 2020
Xorazmda kelinga bokira emas, degan ayb qo‘yib, uni videoga olgan, sha'nini toptab sazoyi qilgan kuyovning qarindosh-urug‘lari ustidan Xorazm viloyati ...
14 january 2026
Toshkent shahrining Bektemir tumanida yashovchi fuqaro mast holatda ichki ishlar organlariga qo‘ng‘iroq qilib, AQSh prezidenti Donald Tramp ustidan shikoyat ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...