• foto: eltuz.com
Asosiy mavzular
8 february 2021

“Obod qishloq” dasturidan har yili tushib qolayotgan Bog‘ishamol

Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi Bog‘ishamol qishlog‘iga hali-hamon XXI asr shabadasi yetib borganicha yo‘q. Elektr energiyasi, gaz bir yonib, bir o‘chib turadi, ichimlik suv muammo.

Yomg‘ir, qor yog‘sa, bolalar loy kechib maktabga borishadi. Qizig‘i, qishloq ahlining “Eltuz”ga aytishicha, u avvaliga “Obod qishloq” dasturiga kiritilib, bir ish qilinmagan, keyin esa dasturdan har doim tushib qolayotir.

– 400 dan ortiq xo‘jalik istiqomat qiladigan qishlog‘imiz toza ichimlik suv bilan ta'minlanmagan, – deydi 35 yoshli bog‘ishamollik Rayim To‘ychiev. – Hududning atigi bir joyiga artezian qudug‘i bor. Ammo undan ham ichishga yaroqli suv chiqmaydi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu quduq suvi loyqa va sho‘r. Shuni ham odamlar noilojlikdan soatlab navbatga turib bir-ikki kilometrdan uylariga tashib kelib ichadi.

“Aholi birlashib, tuman va viloyat hokimlariga, hatto prezident portaliga qayta-qayta yozdik. Muammolarimiz o‘rganilmayapti. To‘g‘ri, tegirmon navbati bilan, deydi. Ammo bizning qishlog‘imiz haqiqatan ham xarob.

Tepalikdagi qabristonimiz yo‘lini texnika bilan sozlash kerak. Hashar yo‘li bilan tuzatmoqchi bo‘ldik, udday olmadik. Yomg‘irli kunda yoki qishda mayitni tepalikdagi qabristonga olib chiqib ko‘mish rosa azob bo‘ladi. Mahallamiz nuroniylari masjid ko‘rmay o‘tib ketmoqda”, deydi Rahim To‘ychiev.

“Bog‘ishamol” MFYning “Eltuz” bilan gaplashgan raisi Abdurashid Boybekovning bildirishicha, qishloq uchun 2017 yilda maktab qurib berilgan, yo‘l ta'mirlanishi va aholini toza ichimlik suv bilan ta'minlash bo‘yicha taklif bilan chiqilgan, “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan.

Ammo MFY raisi qishloq bu dasturga qaysi yili kiritilganini ayta olmadi. Pastdarg‘om tumani hokimligi vakili ham qishloq ahlining murojaati atroflicha o‘rganilishini aytish bilan cheklandi.

Rayim To‘ychiev mahalla raisining o‘zi elektr va gaz o‘chmaydigan, yo‘llariga shag‘al to‘kilgan, sharoiti ancha yaxshi bo‘lgan Ittifoq qishlog‘ida yashashini ma'lum qildi.

“Bizning qishloq bunday sharoitni orzu qiladi, xolos. Qishlog‘imizga 2017 yilda 120 o‘rinli maktab qurib berildi. 301 nafar o‘quvchi tahsil oladi.  Ikki smenadan o‘qisa ham joy yetmaydi.

Maktabda na laboratoriya jihozlari, na sport va na tadbirlar uchun maxsus zallar bor. Hatto stol-stullar ham eski maktabniki. Kamiga maktab kadrlarga muhtoj. Qishlog‘imizda yashashga sharoit yaxshi bo‘lmagani uchun chetdan o‘qituvchilar ham kelishdan bosh tortyapti.

“Odamning ustidan kulgandek, yaqinda qishloqqa simyog‘ochga sim tortib ketishdi. Simini noto‘g‘ri ulab, pastga tashlab qo‘yishgan. Qo‘shnimning bir qo‘yi tok urib o‘ldi. Shuni to‘g‘ri ulattirish ham rosa muammo bo‘ldi. Har zamonda qishlog‘imizga qarg‘ish tekkanmi, deb o‘ylab qolaman”, dedi “Eltuz” bilan suhbatda Rahim To‘ychiev.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 july 2017
Prezident Mirziyoevning 29 may kungi qarori bilan «O‘zbekenergo» 6 562 nafar elektromontyorni, «O‘ztransgaz» esa 4 255 nafar gaz tekshiruvchini ...
14 september 2023
O‘zbekistondan Rossiyaga uchib kelgan 22 yashar Hasanboy Muhammadjonov bir kunda ikkita odamnining kallasini olishga ulgurdi. 12 sentyabr kuni u Moskvada hibsga olindi. Biroq ...
2 november 2021
2016 yildan buyon minglab odam ozod qilinganiga qaramay, O‘zbekistonda yana ikki mingga yaqin kishi siyosiy va diniy sabablarga ko‘ra ...
10 april 2024
Toshkentni rak o‘smasi kabi qoplagan diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi reydlar o‘tkazildi. So‘nggi 3 oy davomida diniy ekstremizm va ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...