Asosiy mavzular
15 september 2025

Toshkentda «Sharq» binosining buzilishi – shaharning o‘limi

Qadimiy va navqiron Toshkent shahri hozirgi zamonda o‘zining me'moriy qiyofasi bilan juda murakkab jarayonni boshdan kechirmoqda. Shahar markazida ko‘tarilgan modernistik ob'ekt, «Sharq» nashriyotining 16 qavatli binosi, bu o‘zgarishlarning yorqin va achchiq ramzi bo‘lib qoldi. Aytishlaricha, bu bino «eski», «zamonaviy emas» va «ta'mirga arzimaydi». Ammo bu so‘zlar ortida nafaqat beton va po‘latdan iborat oddiy qurilma, balki butun bir davrning madaniy merosi, tarixiy xotirasi va san'ati yashiringan. Uning buzilishi faqat bir binoning yo‘qolishi emas, balki shaharning o‘ziga xosligiga qarshi qilingan harakatdir.

Voqeani ya'ni Toshkent shahar markazida joylashgan «Sharq» binosining buzilishini men sarlavhada kuzatganingizdek tarixiy shaharning o‘limi deb atadim. Bu bejiz emas. Masalan, men yashayotgan shahar Shvetsiyaning Stokgolm shahrida tarixiy binolar hech qachon buzilmaydi. Garchi ularni buzilishiga ko‘plab tabiiy omillar bor. Masalan shahar Boltiq dengizi qirg‘og‘ida joylashgan. Mamlakat hukumati har yili «Gamla stan» ya'ni «Eski shahar»ni tabiiy suv toshqinlari va tabiiy cho‘kishdan asrash va o‘z holicha saqlash uchun misli ko‘rilmagan miqyosdagi texnik loyixalarni amalga oshiradi, ulkan inshootlarni quradi. Masalan, Kiruna shahrida eski kon shaxtalari ustida 1912 yili yog‘ochdan qurilgan uch qavatli ulkan Cherkov binosini o‘pirilishdan saqlash butunligicha mahsus kranlar yordamida avtomobilga yuklab boshqa hududga ko‘chirishni amalga oshirishgan.    

Toshkent shahridagi “Sharq” nashriyoti binosiga kelsak u oddiy bir qurilma emas, balki 1970-yillarning me'moriy modernistlari yaratgan betakror asar edi. Buzilish havfi ostida qolayotgan «Sharq» qurilish majmuasiga yondosh yana bir qurilma uch qavatli tarixiy bino esa 1914 yili Chor davrida «Turkiston» uslubida qurilgan. Binoning yoshi ham yuqorida aytganimiz Shvetsiya shimolida boshqa xududga ko‘chirilib tabiiy cho‘kishdan saqlab qolingan uch qavatli bino bilan deyarli tengdosh.

«Sharq» binosi va uning kuranti o‘zining zamonaviy va shu bilan birga noyob uslubi bilan o‘sha davr me'morchiligining naqadar o‘ziga xos shahar ramzi bo‘lganini anglatadi.

Uning me'mori Richard Blezaning g‘oyalari zamonaviy Toshkent uchun yorqin va ilg‘or qiyofa yaratgan. Bu bino o‘ziga xos xususiyatlari, shu jumladan soatli minorasi bilan butun shaharning ramzlaridan biriga aylangan edi. Ammo, bu binoning madaniy meros ro‘yxatidan chiqarilishi bilan uning taqdiri ma'lum bo‘ldi. Uning «eski» deb e'lon qilinishi, aslida, uning «qimmatbaho» yerida yangi, yanada foydali tijorat loyihalariga yo‘l ochish uchun o‘ylab topilgan bahona edi.

Afsuski, «Sharq» nashriyoti binosi yagona misol emas. Toshkentning markaziy qismidan Famatsevtika instituti ham xuddi shunday bahonalar bilan ko‘chirilmoqda. Bu harakatlar me'moriy merosni saqlash va shahar infratuzilmasini rivojlantirish o‘rtasidagi ziddiyatni yaqqol ko‘rsatib bermoqda. Bu holatda, foyda va boylik me'moriy san'at va tarixiy qadriyatlardan ustun turgani aniq. Shaharning ruhi va o‘ziga xosligi, afsuski, bozordagi narxlarning soyasida qolib ketmoqda.

Yangicha qurilish usullari, zamonaviy materiallar va investitsiyalar bilan birga kelayotgan yangi binolar shaharning ko‘hna va dunyo uchun tanish bo‘lgan qiyofasini butunlay o‘zgartirib yubormoqda. Ko‘p sonli shisha va betondan yasalgan qo‘shtirnoq ichidagi «zamonaviy» binolar Toshkentning o‘ziga xos xususiyatini yo‘q qilib, uni dunyoning har qanday boshqa hashaki shaharlariga o‘xshatib qo‘ymoqda. Bugun biz bu muhtasham shahar haqidagi shaxsiy xotiralarimizni, tariximizni va o‘zligimizni yo‘qotish xavfi ostidamiz.

Agar biz «Sharq» binosining taqdirini oddiy bir eski binoni yo‘qotish deb qarasak, demak biz shahar kelajagining muhim mohiyatini anglamagan bo‘lamiz. Bu, aslida, bizning tarixga bo‘lgan munosabatimiz, madaniy qadriyatlarimiz va me'moriy merosimizning qadriga yetishimiz haqidagi jiddiy havotirli savoldir. Bu holat nafaqat o‘zbek me'morchiligining o‘limi, balki shahar ma'naviyatining ham o‘limidir.

Eltuz Toshkentning o‘zgarayotgan qiyofasiga oid holatlarni yoritishda davom etadi. Kanalimizga obuna bo‘ling. Video yuzasidan izohlar qoldiring.  

Tag‘in o‘qing
27 january 2016
Eltuz.com sayti, shu kunlarda shov shuvi O‘zbekistondan tashqariga chiqib, dunyo armanlarini xam xavotiriga sabab bo‘layotgan “Jizzaxlik fermer Aramais Avakyan ...
20 february 2016
Kuni kecha 7 yillik qamoq jazosiga xukm qilingan jizzaxlik fermer Aramais Avakyanning turmush o‘rtog‘i Shirin Tursinovani yashab turgan maxallasidan ...
13 april 2023
Buyuk Chingizxonning uzilmas 23-avlodi sanalgan 106 yoshli Nasim Mirzo Chingiz (Naseem Mirza Changez) 2018 yilning 12 aprelida Eski Dehlida ...
1 february 2021
Davlat xavfsizlik xizmatining 7-bo‘linmasi sobiq tezkor xodimi Sherzod Haitov dekabr oyining birinchi yarmida DXX xodimlari tomonidan hibsga olindi. Bu ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...