Catira
25 september 2025

Tsenzura yoki birovning qo‘li bilan …o‘t kovlash haqida

Dunyoda ikki narsani yoqtirmayman, biri tsenzura, ikkinchisi anonim mualliflarning g‘arazli maqolasini chop etish. Jurnalist bu ikki xolatga rozi bo‘lish uchun boshi bilan javob berishi kerak, yoki yig‘ishtirishi kerak bu ishni. Hayotimda kasbim taqozosi bilan o‘zim yozmagan maqolalarga imzo chekkan vaqtlarim ko‘p bo‘lgan va jabrini o‘zim tortganman. Chunki, sizga falon maqolani olib tashla deya buyruq beruvchi tsenzor ham, mana bu maqolani chiqargin deydigan anonim muallif ham sizning qo‘lingiz bilan o‘t kovlaydi. O‘zini hurmat qiladigan jurnalist maqolasiga qurtdek qilib imzo chekadi, kimningdir ko‘p hollarda biror nashr muharririning orqasiga yashirinmaydi. Kasb kodeksiga ko‘ra muharrir yoki jurnalist anonim shaxslarni hech qachon sotmaslik uchun bu og‘riqni bir umr yuragida saqlashi kerak bo‘ladi va bu oson ish emas.

90 yillar boshida «Erk» gazetasi rasman ro‘yxatga olingani bois ma'lum muddat mas'ul muharrir vazifasida ishladim. Vazifam texnik jihatdan maqolalar terilgan gazeta grankasini Sharq kontsernida chop etish uchun bosmaga tayyorlash va kechqurun 18.00 da Davlat tsenzurasidan o‘tkazib kelish edi. 

U paytda O‘zbekistonning bosh tsenzori Toshkentning «Paxtakor» metrosidan chiqishda Matbuot uyi deb atalgan binosida o‘tiradigan Erkin Komilov degan bir ablah odam edi. 

Gazeta 100 ming tirajda bosilishi uchun biz gazeta grankasini bosishdan oldin unga ko‘rsatib olish shartiga rozi bo‘lgan edik. U kishi bir qarashda nimalar olib tashlanishini aniqlar. Men esa bu o‘zgarishlarni tezgina kompyutergakiritishim bo‘shliqni to‘ldirishim va bu ishlarni avtomatik bir tarzda juda tez qilishim shart edi. Chunki soat 19.00 gacha ulgurmasam bosmaxona darvozasi men uchun yopilardi. U yerda kechikmaslik uchun biznikilar navbat olib kutib turishardi. 

Tsenzura qilingan gaplarni o‘sha paytda ikkiga bo‘lish mumkin edi. Birinchisi anonim manbalarga oid, men ularni o‘chirishga rozi bo‘lar edim. Chunki ular ichida hamisha yashirilgan qandaydir g‘araz bor. Yoki ismini aytishga qo‘rqadigan odam yozgan. U kimningdir tegirmoniga yoki tagiga suv quymoqchi. Bu ochiq oydin edi men uchun. Chunki o‘sha paytlarda «Erk» gazetasiga yumaloq xat ko‘targan bir xil odamlar har kuni kelardi va men ularni noma nom bilardim.

«Buni kim yozdi, qani isbot?» derdi davlat tsenzori va men qalam olib jumlani o‘chirardim. Albatta qoidaga ko‘ra men anonim muallifning kimligini aytmasdim. Garchi bunday maqolalar tagida mening ismim yoki Egamqul Falonchiev degan tahallusli muharririmiz tahallusi turardi va bu fikrlarini musorga otganimda vijdonim hech qiynalmasdi.

Ikkinchi masala konkret muallifning haqli fikrlari aks etgan maqolalar tsenzurasi. Bu yerda men qattiq asabiylashib, maqolada keltirilgan argumentlarni himoya qilishga urinardim. Mualliflarga ertaga maqola taqdiri qanday hal bo‘lgani haqida yorug‘ yuz bilan javob berishim kerakligini o‘ylardim.  Lekin Komilovning basharasi temirbeton kabi o‘zgarmas edi… 

Bu asabiylik meni yemira boshladi. 1992 yilning yozi edi. Bir kuni men uning oldiga kirishdan oldin o‘zim bilan diktofon olvoldim. Uni bir parcha qog‘oz ostida stol ustiga qo‘ydim, 18.00 da boshlangan  tsenzura bir soatda yakuniga yetishi kerak edi. Lekin biz soat 21.00 gacha bahslashdik. Niyatim gazetani chiqarishdan ham ko‘ra Erkin Komilovni ko‘proq fosh qilish edi.

Tashqarida meni Erk gazetasi uchun ijaraga olingan «Volga» mashinasi haydovchisi kutib turar, vaqt cho‘zilardi. Bu vaqtda bir soatlik audio kasseta Erkin Komilov bilan janjal yozuvi bilan to‘ldi. Va so‘nggida men narsalarimni yig‘ishtirib bugun bu ahvolda gazeta chiqmasligini aytarkanman, uning hamma gaplarini yozib olganimni bildirdim…

Komilovning basharasi oqarib ketdi. Stoldagi hukumat telefoni orqali kimlargadir qo‘ng‘iroq qila boshladi. Men yashin tezligida binodan chiqib mashinaga o‘tirdim. Sharq kontsernida meni hamkasblarim xaliyam kutib turardi. «Gazeta chiqmaydigan bo‘ldi. Ketdik tezroq» dedim. Audio kassetani gazeta muharririga topshirib. Uyga ketib tinchgina uxladim.    

Qizig‘i shundaki, ertasiga gazeta chop etildi… olib tashlangan maqolalar o‘rnida qolgan oppoq dog‘lar bilan. Erkin Komilovning yangi shartiga ko‘ra tsenzura ishlariga meni boshqa yaqinlashtirishmadi. Men esa bundan hursand edim…

«Eltuz» nashri muharriri

Qudrat Bobojon       

Tag‘in o‘qing
24 november 2024
Eltuz sal ilgari xabar qilganidek,  Komil Allamjonovga qilingan suiqasd va hukumat tarkibidagi «tozalashlar» hali ham davom etmoqda. Xususan suiqasdda gumonlangan Javlon Yunusov Janubiy ...
6 june 2019
Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslet 30 may kuni Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jaevning biznes imperiyasi haqidagi surishtiruvini ...
18 november 2016
Bugungi kunda O‘zbekistonda na prezidentlikka nomzodlar, na ularni qo‘llayotgan partiyalarning hukumatga yoki bir-biriga siyosiy muxolif emasligini kuzatish mumkin. Prezident ...
7 february 2020
Mana, yana hafta aylanib, siz bilan yuzma-yuz ko‘rishib turganimdan mamnunman. Jadvalga rioya qilish va intizom yaxshi narsa.  Bir katta ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...