Muz ko‘chdi: «Tinchlik bitimi shartlari soni endi 28 ta emas»
Zelenskiy tinchlik kelishuvi ijobiy tomonga o‘zgartiriligani haqida bildirdi: «Jenevadagi muzokaralardan so‘ng bandlar soni endi 28 ta emas — unga ko‘plab to‘g‘ri jihatlar kiritilgan» dedi Ukraina prezidenti.
U shuningdek Kiev oldida hali murakkab ish turganini, yakuniy hujjatni tayyorlash uchun barchasini munosib tarzda amalga oshirish zarurligini tushuntirdi.
Vladimir Zelenskiy, tag‘in, barcha eng nozik masalalarni shaxsan Tramp bilan muhokama qilishini ma'lum qildi va Ukraina hech qachon tinchlik yo‘lida to‘siq bo‘lmasligini ta'kidladi.
Ayni paytda, Ukraina Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Sergey Kislitsa Financial Times nashriga bergan intervyusida Jenevadagi muzokaralar boshlanishidan avval deyarli barbod bo‘layozgani va vaziyat «qil ustida turgani» haqida xabar berdi.
Amerika tomoni «tinchlik rejasi» tafsilotlarining OAVga sizib chiqishi va ushbu loyihaning ommaviy muhokamasidan g‘azablangan edi. Kislitsaning so‘zlariga ko‘ra, salkam ikki soat davom etgan muzokaralardan so‘nggina taranglikni yumshatish va muloqotni konstruktiv o‘zanga qaytarishga muvaffaq bo‘lingan.
