Alisher Ilhomov: Kremlning navbatdagi rejasi – O‘zbekistonni ichdan zabt etish
Siyosiy tahlilchi Alisher Ilhomov feysbukdagi sahifasida kreml propagandasining O‘zbekistonga qarshi navbatdagi hurujlariini keskin qoralab chiqdi.
Ilhomovning fikricha, Rossiya telekanallaridagi Vladimir Solovyovning chiqishlarini shunchaki «shaxsiy fikr» yoki «shou» deb baholash xato. Solovyov Putinning kayfiyatini va rejalarini eng yaxshi sezadigan va ovozlantiradigan «imtiyozli targ‘ibotchi»dir.
Uning bayonotlari Kreml tomonidan qo‘llaniladigan maxsus usul bo‘lib, mintaqa hukumatlari va jamiyatining neoimperialistik g‘oyalarga (masalan, «maxsus harbiy operatsiya» tahdidiga) nisbatan reaktsiyasini tekshirish uchun ishlatiladi.
«Beshinchi kolonna»ga berilayotgan signal
Tahlilchining ta'kidlashicha, bunday bayonotlar mamlakat ichidagi Rossiyaparast kuchlarga, ya'ni «beshinchi kolonna»ga yo‘llangan signaldir.
Agar O‘zbekiston YeOII yoki KXShT kabi tashkilotlarga kirishga qarshilik qilsa, ichki kuchlar orqali davlat organlarini falaj qilish, jamiyatni qo‘rqitish yoki sotib olish rejalashtirilgan.
Bu guruh faqat rus millatiga mansub kishilardan iborat emas. Ular orasida mahalliy millat vakillari ham bor. Ularni birlashtiruvchi omil — millati emas, balki Putin rejimining mafkurasiga («rashizm»ga) sodiqlikdir.
Rossiya telekanallari va ijtimoiy tarmoqlari orqali tarqatiladigan «narrativlar» (masalan, «biz bitta xalqmiz», «tashqi dushman bor» kabi g‘oyalar) O‘zbekiston jamiyatining ma'lum bir qatlamini mafkuraviy jihatdan boshqa davlatga bog‘lab qo‘ymoqda. Bu esa inqirozli vaziyatda «beshinchi kolonna»ning paydo bo‘lishiga zamin yaratadi.
«Imperiya diktatiga haqiqiy qarshilikni faqat shakllangan millat ko‘rsata olishi mumkin. Bizda esa bu jarayon hali yakuniga yetmagan.» deydi Ilhomov.
Taklif etilayotgan yechim
Ilhomov vaziyatni o‘nglash uchun hukumat va jamiyat oldiga bir nechta muhim vazifalarni qo‘yadi:
Solovyov va shu kabi shaxslarni «persona non grata» (istalmagan shaxs) deb e'lon qilish.
O‘zbekistonda Rossiyaning «zombiquti»si (propaganda kanallari) ta'sirini cheklash. Rossiya propagandasi o‘rniga, Ukraina tajribasidan kelib chiqib rus tilidagi sifatli mahalliy kontentlarni yaratish lozim.
Muallifning fikricha, faqatgina o‘z taqdirini o‘zi belgilay oladigan fuqarolik jamiyatigina tashqi tajovuzga chinakam qarshi tura oladi.
Alisher Ilhomovning asosiy xavotiri — O‘zbekistondagi avtoritar tizim va korruptsiya xalqni «fuqarolik millati»ga aylanishiga to‘sqinlik qilayotganida. U Ukrainaning muvaffaqiyatli qarshilik ko‘rsatishi sababini aynan shakllangan fuqarolik jamiyatida ko‘radi.
