Krikis – imkoniyatlar reabilitatsiyasi
So‘nggi haftalarda Urganch suratlar galereyasidagi sirli taftish asnosida ëqilishga mahkum ikki dissident rassom asarlari matbuotga mavzu bo‘ldi. Agar diqqat qilgan bo‘lsangiz bu sirli taftishda rassom Andrey Krikisning “To‘qimachilar” degan moy-bo‘ëq asarining galereya hazinasidan izsiz yo‘qolgani ham yuzaga chiqqanligini ko‘ramiz.

Har holda Urganch mulozimlari taniqli rassom Viktor Gan mo‘yqalamiga mansub mashxur asarni vayron qilgani inobatga olinsa, Andrey Krikis asari ham qaysidir mulozim ta'biga ëqmagani uchun yo‘q qilinmaganiga kafolat bormi?

Zotan Andrey Krikis dissident edi. U Samarqand muzeyidagi atoqli sovet rassomining sotsialistik realizm uslubidagi asari o‘rniga o‘zining g‘arb-abstraktsionizmi ruhidagi asarini osib, o‘sha davr mulozimlari asablarini qaqshatib huzur olgan edi.

Rassom G‘ayrat Qo‘ziboevning ishonishicha, Andrey Krikis O‘zbekistondagi ilk abstarktsionist rassomdir.

Lekin Andreydan ancha oldin Hikmat G‘ulomov va Konstantin Titovlar ham abstarkt uslubda ijod qilishgan. San'at bilimdonlari Kuka deb ulug‘laydigan rassom Hikmat G‘ulomovning ikkita asarigina Urganch muzeyida saqlanib qoldi. Ammo bugungi mavzu Andrey Krikis haqida.

Krikisni shartli ravishda tirikligida e'tirof qilingan ilk abstrakt rassom desak aniq bo‘ladi. Bunga ko‘p omillar sabab bo‘ldi. Birinchidan Gorbachev erkinligining sharofati edi bu.

Rassomlik bo‘yicha oliy ta'lim olmagan Andrey Krikis Gorbachevgacha bo‘lgan davrda ham, bugungi davrda ham e'tirof topmagan bo‘lardi. U faqat erkin sharoitda gullaydigan agava daraxti kabi Gorbachev davrida chechak ochdi. Andrey rassom bo‘lish uchun mulozimning izni ëki litsenziyasi zarur emasligini o‘z o‘rnagi bilan ko‘rsatdi.

1986 yili Andrey Krikis Toshkentdagi Ilhom teatri ko‘rgazmalar zalida ochgan ko‘rgazmasini «Imkoniyatlar reabilitatsiyasi» deya atadi. Sovet davri mazlumlari reabilitatsiya qilinaëtgan tazarru davri edi bu. Krikis o‘z ichidagi bostirilgan imkoniyatlarini zindondan ozod ayladi.

Andrey Krikis samarqandlik taniqli arxeolog olimning farzandi edi. Krikis jisman o‘zi tug‘ilgan bu qadim tuproqni sevar edi.
Shu bois qayta-qurish davrida sovet imperiyasining tambasi tushirilgan eshiklari ostonasini hatlab mamlakatdan ketmadi. U qadim Samarqand vatanparvari edi.
Krikis Samarqandda tug‘ildi va 44 ëshida Samarqandda o‘ldi.
Akmal Rizaev
O‘zbekistonlik muallif tahallusi
Eltuz.com
