Asosiy mavzular
7 may 2024

7 may – Radio kuni

7 may Radio kuni sifatida nishonlanishini hali sovet davrlaridanoq bilar edim. Ammo 7 may otalar kuni ekanini Germaniyaga hijrat qilgach bildim.

Rahmatli otam Rajabboy Bobojon butun umrini radioga bag‘ishlagan edi. Bugungi radio kunida otamni eslayman.

Otam (Alloh rahmat qilsin) Rajabboy Bobojon 40 yil mobaynida O‘zbekiston radiosining Xorazmdagi maxsus muxbiri bo‘lib ishladi.

Otamning ish maydoni Xorazm viloyatining butun hududlari edi. Zil-zambil «reportyor» magnitofoni bilan otam Pitnakdan Do‘simbiygacha, Monoqdan Ovshargacha bo‘lgan masofani pikap «Moskvich»da kezib reportajlar hozirlar edi.

Brejnev dasturxoniga Xorazm qovunlarini yetkazib beradigan Matvafo ota ëki Nikita Xrushchevning shaxsiy do‘sti Iskandar Do‘sov otam hozirlaydigan reportajlar qahramoni edi.

Radioboshlovchi Qodir Maxsumov «Xorazmdagi muxbirimiz Rajabboy Bobojonov biz bilan jonli aloqada, assalomu alaykum, Rajabboy og‘a», deyishi bilan otam baland ovozda «valaykum assalom, Qodirjon», deb reportajni boshlar edi.

Jonli aloqa Urganch kuranti tagidagi aloqa bo‘limidan maxsus UKV kanal orqali amalga oshirilar edi.

Otam uydagi ulkan magnitofondagi osh yeydigan lagan kattaligidagi tasmalarni atseton bilan ëpishtirib montaj qilar edi.

Respondentlarning tasmalardagi ovozi esa tekstga tushirilishi lozim edi.

Menga zo‘rg‘a bo‘yim yetadigan ulkan magnitofon tugmalarini bosib o‘chirish kabi zerikarli vazifa tushar edi.

Otam tasmadagi ovozlarni eshitib, jumlama-jumla mashinkada chiqillatar edi.

Montaj bo‘lgan yakuniy mahsulot esa zudlik bilan Urganch aeroportiga yetkazilardi.

Uchuvchilar tasmani Toshkent aeroportidagi maxsus qutiga tashlashar edi. Radio xodimlari esa bu tasmani olib efirga qo‘yishar edi.

rasm1143
Shuhrat va G‘ayrat Bobojonovlar

Toshkentdan 1000 km uzoqlikdagi Xorazmdan ëzilgan lavha ikki soat ichida efirga uzatilar edi.

Men bu kasb bilan shug‘ullanishni hech qachon orzu qilmagan edim.

Shoir, rassom, kinochi bo‘lishni orzu qilardim. Rassom bo‘lib e'tirof qilindim ham.

Ammo bundan 21 yil oldin, 1994 yilning 12 aprelida telejurnalist bo‘lib efirga chiqdim.

O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil telekanal TV ALC dasturini o‘sha kuni Xorazm, Buxoro, Qoraqalpog‘iston va Turkmanistondagi millionlab odamlar ko‘rdi.

Biz TV zona 4-tizimi orqali Moskva dasturi beriladigan kanaldan chiqib, Moskva dasturlarini kutaëtgan o‘rtoqlarga «Janoblar va xonimlar», deb murojaat qildik.

Moskvaning «Vremya» dasturi o‘rniga «Digirjak» (G‘ildirak) degan maxsus dasturni namoyish qildik.

Ana shundan keyin risqu nasibam ota kasbi bilan bog‘landi.

Mana, 16 yildan oshibdiki, radiojurnalistika bilan shug‘ullanaman. Ota kasbida endi.

Shuhrat Bobojon,
«Ozodlik» radiosi jurnalisti

Tag‘in o‘qing
1 may 2020
Yo ramazon aytib keldik eshigingizga, Qo‘chqorday o‘g‘il bersin beshigingizga, Qo‘chqorday o‘g‘il bersa beshigingizga, Kim kelib, kim ketmaydi eshigingizga. Aziz ...
25 november 2016
Eltuz.com uchun chizgan navbatdagi karikaturasida rassom Tuz Shavkat Mirziyoevni Karimov qabridan estafeta tayoqchasini olib ketayotgan tarzda aks ettiradi. «Karimovning ...
7 november 2025
Ilgari Rossiya qurol aslahalaridan foydalanib kelgan Ozarbayjon armiyasi NATO standartlariga o‘tkazilmoqda. Bunday imkoniyat O‘zbekistonda ham bor.  Bu esa endilikda ...
16 december 2015
Ulug‘bek Ashur Eltuz.com Taniqli xonanda Yulduz Usmonova 12 dekabr kuni o‘z tavallud kunida prezident Islom Karimovga bag‘ishlab qo‘shiq yaratgani ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...