Asosiy mavzular
7 november 2016

Buni siyosiy hushyorlik deydilarmi?

Ayrim siyosiy partiyalarning nashrlari siyosiy hushyorlikning yorqin namunasini namoyon etdi.

«Adolat» partiyasining shu nomdagi gazetasi (4.11) ilk sahifasini saylovchilarni partiya yetakchisini emas, balki uning dasturini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi!

«O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzod Narimon Umarovning dasturini qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz», deb yozdi gazeta.

Xuddi shu holatni «Milliy tiklanish» gazetasida ham ko‘rish mumkin. U ham shu nomdagi partiyadan ko‘rsatilgan nomzodga oid ayni shunday chaqiriqni e'lon qildi.

To‘g‘ri, «Adolat» gazetasida partiya nomzodiga ovoz berish da'vati ham bor. Ammo bu chaqiriq gazetaning so‘nggi sahifasiga joylashtirildi.

«O‘zbekiston ovozi» esa (5.11) biroz dadillik qildi. Xalq demokratik partiyasidan nomzod Xatamjon (hamma joyda shunday yozilyapti, pasportdagi yozuv qursin-da!) Ketmonovga ovoz bering, deya baralla yozdi.

To‘g‘ri, nashrlar nomzodlarning o‘zinimi, ularning dasturlarinimi qo‘llab-quvvatlashga qanchalik chaqirmasin, saylov natijasi qanday bo‘lishini bugun mamlakatda ko‘pchilik bilib turibdi.

Shuningdek, partiyalar nashrlari ulardan prezidentlikka nomzodi ko‘rsatilgan shaxslarning dasturlarini e'lon qildi.

Bu dasturlarni sinchiklab qarab, bir jihatga e'tibor qaratdik. O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoevning dasturi aniq raqamlar, konkret summalarga juda boy. Sh.Mirzieyov hatto keyingi yili davlat tomonidan qilinishi yaqindagina deputatlar tomonidan tasdiqlangan rejalarni ham o‘z dasturiga tiqib yuborgan.

Masalan, buni 2017 yilga mo‘ljallangan aholi bandligi dasturiga oid qilinadigan ishlar, bo‘lajak qurilishlarga doir raqamlarda ham ko‘rish misolida ham mumkin.

Boshqa nomzodlarniki bilan solishtirganda Sh.Mirziyoevning dasturi xuddi marhum prezident Islom Karimovning davlatning kelajakdagi rejalari to‘g‘risidagi nutqlarini eslatadi.

Bundan xulosa shuki, Sh.Mirziyoev halitdan «o‘z juni bilan davlat juni»ni aralashtirib yuboryapti. Shu paytgacha davlat rahbari darajasida hal etilib kelingan masalalarni hali nomzod paytidayoq o‘z dasturiga kirib, «uyda kim xo‘jayin ekani»ni ko‘rsatib qo‘ygan.

Boshqa partiyalar nomzodlari dasturlari haqida bunday deb bo‘lmadi. Ular bir-birinikiga o‘xshash bo‘lgan, partiyalarning saylovoldi dasturlaridan kelib chiqadigan anchayin umumiy gaplardan iborat.

Xususan, deyarli barcha nomzodlar dasturlarida bandlikni ta'minlash masalasiga e'tibor qaratilgan bo‘lsa-da, O‘zLiDeP nomzodinikidan farqli o‘laroq, bunga tegishli birorta raqam yo‘q.

Shuningdek, aksariyat gazetalarda bo‘lajak saylovda birinchi marta qatnashayotgan yoshlar nomidan maqolalar berilyapti. Bu maqolalarda yoshlar «saylov kunini hayajon bilan, orziqib kutayotgani», «mazkur muhim jarayon ularda katta qiziqish uyg‘otayotgani» kabi balandparvoz gaplar qalashtirib tashlangan.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 december 2023
Aziz vatandoshlar, Barchangizni 2023 yil 9 dekabr, Shanba kuni, soat 16.00-20.00 da O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati ...
14 march 2022
O‘zbekistondagi jinoyat olami qiroli Baxti Tashkentskiy nomi bilan mashhur Baxtiyor Qudratullaevning 28 yashar o‘g‘li Ixtiyor Toshkentning qoq markazida qimmatbaho ...
31 august 2018
«U bir og‘iz gapirmadi, yerga qarab o‘tiraverdi. Rahmim keldi, ochig‘i. Men bir bahona topib chiqib ketsam, to‘yib to‘yib yig‘lab ...
27 august 2019
Rasman e'lon qilingan ma'lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston YaIM qariyb 50 milliard dollarni tashkil etadi. Markaziy bank raisiga ishonsak esa YaIM ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...