Asosiy mavzular
29 november 2016

Xorijlik kuzatuvchilar o‘zimiznikilardek gapirmoqda

Jahon agentligi, go‘yoki horijliklar O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlarga qoyil qolishayotganday shubhali usullarni qo‘llamoqda.

Yaqindagina O‘zbekistondagi prezident saylovi haqida jahonning nufuzli gazetalaridan birida tijoriy maqola chiqarib, keyin uni mazkur nashrning bu saylovoldi kampaniyasi demokratik va ochiq-oshkoralik ruhida o‘tayotgani to‘g‘risidagi fikri o‘laroq talqin qilgani uchun «Jahon» axborot agentligining yuzi qizargandi.

Shu jihatlarini o‘ylaganda saylov to‘g‘risida «Jahon» tayyorlagan, xalqaro kuzatuvchilar fikri o‘rin olgan maqolalar ancha jiddiy e'tibor talab qiladi shekilli. Chunki bu fikrlar dunyoning eng demokratik hisoblanadigan davlatlari vakillari nomidan e'lon qilinmoqda.

Bu fikrlarning e'tiborni tortadigan jihati esa ularning o‘zbekistonlik deputatlar, hukumat kosasidan nafsini qondiradigan arboblarnikiga juda-juda o‘xshab ketayotganidir.
Xalqaro kuzatuvchilarning «Jahon» AA tomonidan tayyorlangan ana shunday fikrlariga oid navbatdagi maqola «Xalq so‘zi» gazetasida (25.11) bosildi.

«Aholining keng ishtiroki, fuqarolik institutlari, ayniqsa, ovoz beruvchilarga har tomonlama ko‘maklashayotgan va mazkur muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirni muvaffaqiyatli o‘tkazishga katta hisa qo‘shgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining faolligiga qoyil qoldim», degan Belgiya Vakillar palatasi deputati David Geerts.

Agar bu deputat mahallaqo‘mning xalqni nazorat qilish, tegishli organlarga ma'lumotlar yetkazib turish, paxta terimi mavsumida majburiy mehnatga jalb qilishdagi faolligini bilganida yanada ko‘proq qoyil qolgan bo‘larmidi?!

2014-2015 yilgi parlament va prezident saylovlarida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Belgiya faxriy senatori Dominik Tilmans esa o‘z hamyurtiga jo‘r bo‘lib: «O‘zbekistonni yaxshi bilganim bois mamlakat birinchi prezidenti Islom Karimov rahbarligida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalarda keng ko‘lamli islohotlar muvaffaqiyatli olib borilganini ta'kidlashni istar edim», degan.

Faxriy senator bu «keng ko‘lamli islohotlar» xalqning tinkasini quritgani, aholi qashshoqligini tugatishga zarracha hissa qo‘shmayotganini bilganida balki shu ta'kididan qaytgan bo‘larmidi!?

Eslatib o‘tish kerakki, O‘zbekistonda shu paytgacha o‘tkazilgan birorta saylovni yevropaliklar demokratik va ochiq-oshkoralik, tenglik asosida o‘tdi, deb hisoblamagan. «Jahon» gapirtirgan yevropalik xalqaro kuzatuvchilar esa buning mutlaqo teskarisini aytadi.

Berlin shahridagi Xalqaro iqtisodiyot akademiyasi direktori Xans-Yoaxim Knaupe ham shulardan biri. U 2009 yilgi parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida qatnashganini, bu saylov «ochiqlik va demokratiya asosida o‘tganiga ishonch hosil qilgani»ni bildirgan.

U, shuningdek, «O‘zbekiston to‘plagan ulkan tajribani hisobga olib, bo‘lajak prezident saylovi ham fuqarolarning faol ishtirokida, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilingan holda o‘tishi»ni ta'kidlagan.

Agar demokrat xorijliklar shuncha maqtovlarni aytayotgan ekan, o‘zimiznikilarning og‘iz ko‘pirtirishiga jon bor ekan-da, deb o‘ylab qoladi soddaroq kishilar.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
31 march 2022
O‘zbekiston forumi (Uzbek Forum) va Transparency International tashkilotining Rossiya bo‘limi 29 mart kuni Gulnora Karimova pullarini O‘zbekistonga qaytarish jarayonida ...
9 may 2017
Bu haqda mahalliy o‘zbek matbuotida ilgari yozilmasdi. Garchi O‘zbekiston-Germaniya inson huquqlari forumi qator yillardan buyon O‘zbekistondagi majburiy mehnat tizimini ...
17 january 2020
Birov bir nima desa, darrov laqqa tushma. Kishining gapiga quloq sol, ammo bilganingdan qolma. Yetti o‘lchab bir kes. Bu ...
24 april 2025
Nega Belgiya prezidenti qizining  musodara qilingan pulining yarmisini O‘zbekistonga qaytarib yarmisini o‘zi olib qoldi? Bol tutgan Belgiya barmog‘ini yaladimi? ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...