Asosiy mavzular
30 december 2016

Tsenzura idorasi tugatilgach O‘zbekistonda hamma tsenzorga aylandi

Ayni kunlarda «mustaqil gazeta» degan balandparvoz maqom bilan chop etiladigan «Hurriyat» nashrining ilk soni chiqqaniga 20 yil to‘layotir.

Shu munosabat bilan «Hurriyat»da (28.12) gazetaning dastlabki yillardagi faoliyat esga olindi. E'tiborlisi, gazetaning birinchi muharriri bo‘lgan jurnalist Karim Bahrievning nomi ham birgina joyda qistirib o‘tildi.

«Dastlabki kunlar, yillar» sarlavhali maqolada gazetaning ilk sonini tayyorlashda o‘sha paytlarda turli nashrlarda ishlayotgan jurnalistlar bel bog‘lab yordam bergani aytiladi.

«Gazeta shiddat bilan faoliyatga kirishdi – jamoatchilik chorshanbani intiqlik bilan kutadigan bo‘ldi. Chunki «Hurriyat»da qandaydir kutilmagan mavzuda maqola chiqishi odat tusiga kirib borayotgan edi», deyiladi maqolada.

Muallif shunday o‘tkir mavzularda maqolalar berayotgan gazeta tsenzurasiz bosilganini, barcha mas'uliyat tahririyatga, tahririyat rahbariyatiga yuklanganini ta'kidlaydi.
«Besh yil «Hurriyat»ni chiqargan bo‘lsak, «Bizni tsenzura o‘qimaydi», degan gapimizga juda kamdan-kam odam ishonardi. Ishongani ham «Yo‘g‘-e» deb qo‘yardi», deydi muallif.

O‘sha paytda tsenzura yo‘qligiga ishongan odam kamdan-kam bo‘lganini tushunish mumkin. Buning sababini ham «Hurriyat»ning o‘zi ko‘rsatib bergan.

Ma'lum bo‘lishicha, mustaqillikning ilk yillaridan mamlakatda tsenzura bekor qilingani haqida gaplar yolg‘on ekan. Aslida 2002 yilgacha Davlat matbuot qo‘mitasi inspektsiyasi har bir gazetani «nazorat tartibi»da o‘qib bergan ekan.

Hatto bu inspektsiya 2002 yilda prezidentning Amerikaga tashrifi taassurotlarini maqola qilgan shoir Erkin Vohidovning «Yurtimizda demokratiya to‘la qaror topdi, deya da'vo qilsak mubolag‘a bo‘ladi», degan gaplariga ham e'tiroz bildirgani, faqat shoir barcha mas'uliyatni zimmasiga olgani uchun ular o‘zgarishsiz bosilgani eslanadi.

Shundan keyin qandaydir tadbirda shoirni bu maqolasi uchun maqtab, bo‘lib o‘tgan voqeadan xabar topgan prezident inspektsiya faoliyatiga barham bergani bildiriladi.

«Shunday qilib, Erkin Vohidovning publitsist sifatidagi jasorati tufayli ijodkorlar yo‘lidagi to‘siq olib tashlandi», deya xulosa qiladi muallif.

Bugun erkinroq fikrlaydigan jurnalistlar bilan shu mavzuda suhbatlashib qolsangiz, ular tsenzura idorasi yo‘q qilinganidan afsuslanib ham qo‘yadi.

«Undan ko‘ra hamma mas'uliyatni zimmasiga oladigan bunday idoraning bo‘lgani yaxshi edi. Chunki hozir barcha – bosh muharrirlardan tortib oddiy jurnalistigacha tsenzorga aylanib qolgan. Shuning uchun bugungi gazetalarning ahvoli abgor», deya yozg‘iradi ular.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
10 january 2022
O‘zini bir guruh faollar deb tanishtirgan guruh Eltuz telegram kanaliga yozib, quyidagi murojaatni chop qilishni so‘rashdi. Quyida ularning murojaati: ...
28 november 2025
TINTUV, AYBLOVLAR VA MANBALAR TILGA OLAYoTGAN BAHSLI HOLATLAR 26 noyabr kuni “Real Sanjik” nomi bilan tanilgan bloger Sanjarbek Karimov ...
28 november 2025
O‘zbekiston elchisi Rahmatulla Nurmuhammedov Daniya Qiroli Fredrik 10-nchiga Skandinaviyadagi Daniya qirolligining ilk elchisi sifatida O‘zbekiston davlatining ishonch yorlig‘ini topshirdi. 
24 may 2021
(Shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” audiokitobining 29-qismi. Matnni muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Xalq shoirlari millat haqida qayg‘urar ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...