Asosiy mavzular
13 february 2017

Uyma-uy yurib berilayotgan va'dalar

«Adolat» gazetasining yozishicha, shu nomdagi sotsial demokratik partiya deputatlari uyma-uy yurib, «joylarda muammolarni aniqlab, aksariyatini hal etyapti».

Bu partiya deputatlari ayrim muammolarni qanday hal etayotganini o‘qib, kulishni ham, kuyishni ham bilmaysiz. Masalan, partiyaning Qonunchilik palatasidagi deputati Buxoroning Shofirkon tumaniga borib, bir fuqaroning muammosini qanday yechib berganiga e'tibor bering.

«Navro‘z qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Iroda Usmonova umr yo‘ldoshi og‘ir kasallikdan vafot etib, farzandlarini o‘zi voyaga yetkazgani, endilikda farzandlarining ish bilan band emasligi, 2014 yildan buyon gaz ta'minoti korxonasi tomonidan suyultirilgan gaz bilan ta'minlanmayotganini bildirdi. Deputat tomonidan bu muammolar hal etilishi hamda gaz ta'minoti bilan bog‘liq masalalarga alohida e'tibor berilishi ta'kidlandi», deb yozdi gazeta.

Namanganning Chust tumanidagi 7-davlat ixtisoslashtirilgan maktab internati o‘qituvchisi ta'lim maskanida proektor va elektron interfaol doska yo‘qligini aytsa, deputat bu muammoni viloyat xalq ta'limi boshqarmasi e'tiboriga havola qilibdi.

Samarqandning Ishtixon tumanida bir necha fuqaroning uy-joy qurish uchun uchastka ajratish to‘g‘risidagi shikoyati esa mahalliy hokimiyatga yo‘llanib, tezda hal etish uchun ijrosi nazoratga olinibdi.

Ko‘rinib turibdiki, bechora deputat va senatorlar prezident aytgani uchungina uyma-uy yurishga majbur bo‘lmoqda. Bungacha issiq joyda qornini qashlab o‘tirgan kunlarida odatga aylanib qolgan «muammolarni hal etish tartibi»ni unuta olmayotgan deputatlar hamon eskicha ish uslubidan qutula olmayotir.

«E'tibor berilishi ta'kidlandi», «e'tiboriga havola etildi», «ijrosi nazoratga olindi» kabi umumiy gaplar ana shundan dalolat berib turibdi.

Mamlakatni «qo‘lda boshqarish» usuli hech qachon samara bermagan. Marhum prezident Karimov tomonidan qo‘llangan avtoritar boshqaruvning ayni uslubini Shavkat Mirziyoev davom ettirmoqda. Biroq, bitta odam, agar u avliyo bo‘lib, cheksiz hokimiyatga ega chiqqan taqdirda ham, xalq uchun qayg‘urmaydigan va oyligi haminqadar bo‘lgan amaldorlar armiyasini nazorat qila olmaydi.

Mamlakatni samarali boshqarish uchun, haqiqiy mustaqil parlament, mustaqil sud va erkin matbuot kabi qo‘shimcha institutlarni rivojlantirish zarur. Bu formulani – demokratiya deya atashgan va hozircha shundan afzali o‘ylab topilmagan.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
8 february 2021
Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidagi Bog‘ishamol qishlog‘iga hali-hamon XXI asr shabadasi yetib borganicha yo‘q. Elektr energiyasi, gaz bir yonib, bir ...
17 september 2025
Axmad Beyjon Erjilosun Akademiyadagi ochilish marosimi tantanali bo‘ldi. O‘zbekiston fanlar akademiyasi va til instituti prezidentlari bilan xorijiy o‘lkalardan bittadan ...
24 november 2016
23 noyabr kuni Alisher Navoiyning 575 yilligiga bag‘ishlangan adabiy musiqiy kechada so‘z berilgan hofiz gapirishga qo‘rqishini bildirdi. Musiqiy kecha ...
2 october 2015
29 sentyabr kuni o‘zbek huquq himoyachilari Yelena Urlaeva va Maloxat Eshonqulovalar Xorazm viloyat Xazorasp TIIB militsionerlari tomonidan ushlangan va ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...