Asosiy mavzular
8 march 2017

Rus razvedkachisining sirli tashrifiga munosabatlar yo‘q

Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkinning O‘zbekistonga sirli tashrifi na mahalliy matbuotda, na biz kuzatishga muvaffaq bo‘lgan rus matbuotida atroflicha yoritilmadi.

Rus maxfiy xizmatlaridan birining rahbari O‘zbekiston rahbari tomonidan qabul qilingani to‘g‘risida umumiy gaplardan nariga o‘tilmagan ma'lumotlar tarqatildi, xolos.

«Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, mamlakatlarimizning zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish sohasidagi o‘zaro hamkorligi yuksak darajada ekanini alohida ta'kidladi», deb yozdi, masalan, «Xalq so‘zi» gazetasida O‘zAga tayanib (01.03).

Xabarda «suhbat chog‘ida ekstremizm, terrorizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga alohida e'tibor qaratilgani» bildiriladi.

Shuningdek, S.Narishkinning «davlatlarimiz xavfsizligini ta'minlash borasidagi dolzarb vazifalarni bajarishdagi o‘zaro hamkorlik darajasini yuqori baholagani» aytiladi.

Bor gap shu. Albatta, bunday uchrashuvlarda qanday konkret masalalar ko‘tarilishi haqida ma'lumot olish juda qiyin ish. Shunga qaramay, ikki davlat munosabatlari va xalqaro maydondagi voqealar rivoji asosida qandaydir mulohazalarni aytish mumkin edi.

Masalan, Markaziy Osiyo davlatlari bo‘ylab safarga chiqqan Rossiya prezidenti Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda bo‘lib, Turkmaniston rahbari bilan telefonda suhbatlashgan bir paytda nega O‘zbekistonga kelmaganini tushunish mumkin.

Yaqin kunlarda O‘zbekiston rahbarining Rossiyaga tashrifi kutilayotgani bu savolga javob topish imkonini beradi.

Lekin nega ayni shu kunlarda S.Narishkinning Toshkentga tashrifidan muddao nima? Balki O‘zbekistonda bugungi kunda ham davom etayotgan hokimiyat o‘zgarishlariga ta'sir o‘tkazishdir?

Yoki o‘zbek maxfiy xizmati atrofida kundan kunga urchiyotgan turli vahimali mish-mishlarga doir birorta ma'lumotni O‘zbekiston rahbari bilan baham ko‘rish, shu orqali uning Rossiyaga moyilligini kuchaytirishga urinishmikin bu sirli safardan maqsad?

So‘nggi vaqtlarda Afg‘onistonda o‘zbek generali, mamlakatimizning janubiy chegaralaridagi vaziyatning barqaror bo‘lishida o‘ziga xos rol o‘ynaydigan Abdurashid Do‘stimning mavqeini sustlashtirishga qaratilgan harakatlar bormoqda.

Balki rus razvedkachilari rahbari bu borada O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan biror ma'lumot bilan o‘rtoqlashgisi kelgandir?
Rus Tashqi razvedka xizmati direktorining Toshkentga safari rasmiy emas, amaliy tashrif maqomiga egaligining o‘zi uning rasmiyatchilik uchun emas, qandaydir jiddiy masalalar yuzasidan gaplashish uchun kelganidan darakdir.

Nima bo‘lganda ham u O‘zbekistonga shunchalik kelib-ketmagani aniq.

Yuqorida aytilganidek, bu haqda aniq ma'lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati deyarli yo‘q. Shunga qaramay, hech bo‘lmasa, biz keltirgan savollar atrofida salgina mulohaza qilinsa, ko‘pchilikni qiziqtiradigan gaplar aytilishi mumkin edi.

Afsuski, hozirgi o‘zbek matbuoti bu kabi mulohazalarni o‘z mushtariylari bilan baham ko‘rish salohiyatini yo‘qotgan.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 march 2016
“Adolat” gazetasi internet madaniyati va axborot xavfsizligi masalalariga bag‘ishlab Samarqand davlat chet tillar institutida bo‘lib o‘tgan tadbir haqida xabar ...
22 september 2015
Zayniddin Asqarov jasadi 2010 yilning 11 oktyabr kuni turmadan uyiga qaytarildi. Aytilishicha, SNB xodimlari mayitni tez dafn qilish va ...
5 june 2025
«O‘zbekiston 24» telekanali bugungi kunda mamlakatning eng nufuzli axborot manbalari qatorida turadi. Ammo kanal ichki muhiti haqida haqiqatni aytish ...
31 december 2020
Yangi yil arafasida Farg‘ona va Navoiy shahri markaziy maydonlariga o‘rnatilgan archalar yonib ketdi. eltuz.com
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...