Asosiy mavzular
8 march 2017

Rus razvedkachisining sirli tashrifiga munosabatlar yo‘q

Rossiya Tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkinning O‘zbekistonga sirli tashrifi na mahalliy matbuotda, na biz kuzatishga muvaffaq bo‘lgan rus matbuotida atroflicha yoritilmadi.

Rus maxfiy xizmatlaridan birining rahbari O‘zbekiston rahbari tomonidan qabul qilingani to‘g‘risida umumiy gaplardan nariga o‘tilmagan ma'lumotlar tarqatildi, xolos.

«Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, mamlakatlarimizning zamonaviy tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashish sohasidagi o‘zaro hamkorligi yuksak darajada ekanini alohida ta'kidladi», deb yozdi, masalan, «Xalq so‘zi» gazetasida O‘zAga tayanib (01.03).

Xabarda «suhbat chog‘ida ekstremizm, terrorizm, narkotrafik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish masalalariga alohida e'tibor qaratilgani» bildiriladi.

Shuningdek, S.Narishkinning «davlatlarimiz xavfsizligini ta'minlash borasidagi dolzarb vazifalarni bajarishdagi o‘zaro hamkorlik darajasini yuqori baholagani» aytiladi.

Bor gap shu. Albatta, bunday uchrashuvlarda qanday konkret masalalar ko‘tarilishi haqida ma'lumot olish juda qiyin ish. Shunga qaramay, ikki davlat munosabatlari va xalqaro maydondagi voqealar rivoji asosida qandaydir mulohazalarni aytish mumkin edi.

Masalan, Markaziy Osiyo davlatlari bo‘ylab safarga chiqqan Rossiya prezidenti Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonda bo‘lib, Turkmaniston rahbari bilan telefonda suhbatlashgan bir paytda nega O‘zbekistonga kelmaganini tushunish mumkin.

Yaqin kunlarda O‘zbekiston rahbarining Rossiyaga tashrifi kutilayotgani bu savolga javob topish imkonini beradi.

Lekin nega ayni shu kunlarda S.Narishkinning Toshkentga tashrifidan muddao nima? Balki O‘zbekistonda bugungi kunda ham davom etayotgan hokimiyat o‘zgarishlariga ta'sir o‘tkazishdir?

Yoki o‘zbek maxfiy xizmati atrofida kundan kunga urchiyotgan turli vahimali mish-mishlarga doir birorta ma'lumotni O‘zbekiston rahbari bilan baham ko‘rish, shu orqali uning Rossiyaga moyilligini kuchaytirishga urinishmikin bu sirli safardan maqsad?

So‘nggi vaqtlarda Afg‘onistonda o‘zbek generali, mamlakatimizning janubiy chegaralaridagi vaziyatning barqaror bo‘lishida o‘ziga xos rol o‘ynaydigan Abdurashid Do‘stimning mavqeini sustlashtirishga qaratilgan harakatlar bormoqda.

Balki rus razvedkachilari rahbari bu borada O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan biror ma'lumot bilan o‘rtoqlashgisi kelgandir?
Rus Tashqi razvedka xizmati direktorining Toshkentga safari rasmiy emas, amaliy tashrif maqomiga egaligining o‘zi uning rasmiyatchilik uchun emas, qandaydir jiddiy masalalar yuzasidan gaplashish uchun kelganidan darakdir.

Nima bo‘lganda ham u O‘zbekistonga shunchalik kelib-ketmagani aniq.

Yuqorida aytilganidek, bu haqda aniq ma'lumotlarga ega bo‘lish imkoniyati deyarli yo‘q. Shunga qaramay, hech bo‘lmasa, biz keltirgan savollar atrofida salgina mulohaza qilinsa, ko‘pchilikni qiziqtiradigan gaplar aytilishi mumkin edi.

Afsuski, hozirgi o‘zbek matbuoti bu kabi mulohazalarni o‘z mushtariylari bilan baham ko‘rish salohiyatini yo‘qotgan.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
9 october 2018
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyani rivojlantirish vazirligi oktyabr oyining boshida O‘zbekistonda ko‘rish taqiqlangan 103 film ro‘yxatini provayderlarga taqdim etdi. Nazorat ...
11 may 2020
Sardoba to‘g‘oni o‘pirilishi oqibatida suv bosgan uy tomidagi sigir videosi ijtimoiy tarmoqda keng tarqaldi. Suv bosqini oqibatida 1 may ...
19 january 2021
O‘zbekiston rasmiylarining bildirishicha, 2017 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan davrda chaqaloqlarni sotish va sotib olish bilan bog‘liq 185 ta holat ...
10 august 2020
Koronavirus kundaligi Qizimning qo‘g‘irchog‘i bilan uyda yolg‘izmiz. Ikkimiz ham bir odamchani sog‘inayapmiz. Faqat qo‘g‘irchoq yig‘lay olmaydi. Yolg‘izlik huvillagan uyda ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...