Asosiy mavzular
5 july 2018

Matbuot shovqinidan keyingina aëlni tahqirlagan kapitan ushlandi

Bosh prokuratura 5 iyul kuni kattaqo‘rg‘onlik 31 yashar ayolni yechintirib tahqirlagan IIB xodimi, kapitan San'at Umarovga jinoyat ishi ochilgani va ehtiyot chorasi sifatida uni hibsga olish masalasi ko‘rib chiqilayotgani haqida xabar berdi.

Bir oy oldin, shu yilning 3 iyunida Kattaqo‘rg‘onda yuz bergani aytilayotgan bu voqea yuzasidan ish, «Eltuz» nashrining o‘rganishicha, o‘zaro «bosti-bosti» qilingan.

Biroq 4 iyulga kelib «Ozodlik» bu haqda yozganidan keyingina Bosh prokuratura bu yuzadan ish ochilgani haqida xabar berdi.

«Ozodlik» radiosida bu video berilganidan so‘nggina militsiya kapitaniga ish ochildi

Rasmiy xabarga ko‘ra, N.T ismli ayol DXXga 22 iyunda ariza yozib, militsiya kapitani S.Umarov va boshqalar uni shahar IIB binosida haqorat qilib, yechinishga majburlashgani haqida bildirgan.

N.T. shu kuni, tergovga qadar tekshiruv ma'lumoti bo‘yicha, IIB shahar ma'muriy binosiga keltirilgani bildiriladi Bosh prokuratura xabarida.

«Hozirgi kunda mazkur ish bilan Bosh prokurorning shaxsan o‘zi shug‘ullanmoqda. Umumiy holat bo‘yicha xizmat tekshiruvi ham boshlangan. To‘liq u ekanligini bilish uchun yuzlashtirish, videodagi ovozlarni tekshirish kerak. Chunki uning yuzi ko‘rinmagan. Hozirda Umarov ushlangan, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanishi masalasi ko‘rib chiqilmoqda», deya ma'lumot bergan Bosh prokuratura jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Surayyo Rahmonova.

Biroq ayolning uni tahqirlagan militsiya kapitaniga «da'vosi yo‘qligi» va uning «shikoyat qilmagani» ham iddao etilmoqda.

Ikki bolasi borligini aytgan N.T ismli jabrlanuvchi «Xabar.uz» saytiga voqea aynan sodir bo‘lgani, San'at Umarov uni yechintirib videoga olishdan oldin ikki marta oyog‘iga tepganini ham bildirgan.

«U kiyimlarimni yechishga majburlab, o‘zi videoga oldi. Yalang‘och holda bozorga olib bormoqchi edi, yalinib-yolvorganimdan keyin navbatchi militsiyalarning oldigacha olib borib, izimga qaytardi. Keyin soat beshgacha ushlab o‘tirib qo‘yib yubordi.

Mening San'at Umarovga hech qanday da'vom yo‘q. Chunki Kattaqo‘rg‘onda ikki bolamdan boshqa hech kimim yo‘q. Bular bilan dushmanlashsam o‘zimga, bolalarimga ziyon yetkazishidan qo‘rqaman. Shuning uchun hech qaerga shikoyat ham qilganim yo‘q», deydi ayol.

Shuningdek, ayolning saytga bildirishicha, prokuraturaga u tanimaydigan odamlar murojaat qilishgan. Lekin ochiqlangan bu ma'lumotlar rasmiy manbalar tomonidan tasdig‘ini topgani yo‘q.

Prokuratura xabarida S.Umarovga qamoq ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotgani, shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahri IIBda mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilayotgani bildiriladi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
28 september 2017
28 sentyabr kuni o‘tgan brifingda Toshkent shahar IIB Tergov boshqarmasi boshlig‘i Doniyor Toshxo‘jaev, yozuvchi Nurillo Otaxonovga 11 may kuni ...
1 january 2020
O‘zbek hukumatining Rossiya qaramligiga intilishi fonida mamlakatda gaz taqchilligi 2019 yili ham davom etdi. Rossiyaning «Lukoyl» kompaniyasidan O‘zbekistonning 600 ...
9 november 2025
Kiplingning Maugli asarida javohirlar to‘la sandiqchaga kim ega bo‘lsa, o‘sha kimsa doimiy ta'qib va diqqat markazida qolganiga oid sahna ...
2 may 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 47-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) Bu global muhosaba ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...