Asosiy mavzular
27 september 2024

Stefan Dyuduanon: “Cho‘lponni ottirganlar O‘zbekistonda hamon e'zozdaligidan hayratdaman”

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida 26 sentyabr kuni frantsuz olimi Stefan Dyuduanon (Stefan Dudouannon) ishtirokida shoir Cho‘lpon xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

“Abdulhamid Cho‘lponni ottirishda faol ishtirok qilgan o‘zbek yozuvchi va shoirlari Abdulla Qahhor, G‘afur G‘ulom va Hamid Olimjon O‘zbekistonda hali ham e'zozda ekanligidan xayratdaman. Tasavvur ham qilolmaysiz, ayni kunlarda men Abdulla Qahhor ko‘chasidagi mehmonxonada istiqomat qilyapman”, – dedi frantsiyalik tarixchi olim Stefan Dyuduanon taniqli jadid shoirga bag‘ishlangan tadbirda.

Toshkentdagi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada tashkillashtirilgan tadbirga yig‘ilganlar olimning bu ochiqlamasini gulduros qarsaklar bilan qarshi olishdi.

Cho‘lponshunos olimning aytishicha, xoinlarning ulug‘lanishi kabi bunday holatlar boshqa mamlakatlarda, xususan, Frantsiyada ham kuzatilgan.

“Haqiqat va ozodlik uchun tizimga qarshi kurashib, ta'qib va qatag‘onga uchragan hamda, aksincha, tizimga mos ravishda ijod qilib, farovon yashagan ijodkorlar hamma yerda, hamma vaqt bo‘lgan. Ikkinchi toifadagilar har zamon va har yerda birinchi toifadagilarni qatag‘on qilishda faol ishtirok qilishgan. Lekin vaqt o‘tishi bilan xalqlar haqiqatparvarlarni ulug‘lab, ikkinchi toifadagilarni ardoqlashni to‘xtatishgan” – dedi Stefan Dyuduanon.

Olim O‘zbekistonda sovet mafkurasi tugatilganiga chorak asrdan ko‘p vaqt o‘tganligiga qaramasdan, shu mafkuraga xizmat qilib, mamlakat ozodligi uchun kurashganlarni qatag‘on qilganlarga hanuz ehtirom ko‘rsatilayotgani uning uchun tushunarsiz ekanligini ham aytdi.

Tadbir ishtirokchilarining savollariga javob berar ekan, Stefan Dyuduanon frantsuzlar Cho‘lponni jasorati uchun sevib o‘qishini ta'kidladi.

“Cho‘lpon haqiqatparvar bo‘lgan. U yolg‘ondan jirkangan. U birorta mafkuraga bo‘ysunmagan. Shuning uchun ham frantsuzlar Cho‘lponni sevib o‘qiydi. Chunki jasorat har qanday davlatda ham qadrlanadi”, – dedi frantsuz olimi.

Avvaliga tadbirni taqiqlashdi…

Shoir Rauf Parfining yubileyini to‘xtatish ortidan Cho‘lpon ijodiga bag‘ishlanib Frantsiya elchixonasi bilan hamkorlikda 26 sentyabrga rejalangan tadbir ham bekor qilingani haqida «Eltuz» xabar bergan edi.

Tadbir tashkilotchisi Anvar Nazirning 21 sentyabr kuni «Eltuz» muxbiriga bildirishicha, taniqli frantsuz olimi ishtirokidagi tadbir Frantsiya elchixonasi va Alisher Navoiy kutubxonasi ma'muriyati bilan avvaldan kelishilgan, keyin esa bekor qilingan.

Milliy kutubxona ortidan Oybek uy muzeyi ham Cho‘lpon va Rauf Parfi tadbirining o‘tkazilishiga qarshilik qilgan edi.

Jumladan, kutubxona  buni joy bandligi va yuqorining roziligini olish kerakligi, Oybek uy muzeyi esa «kontora»ning qarshiligi bilan izohlagan edi.

Biroq tadbirga bir kun qolganida tadbir tashkilotchisi Anvar Nazir ijtimoiy tarmoqda Navoiy kutubxonasida o‘tishiga qaytadan kelishilgani haqida xabar berdi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
1 september 2023
Islom Karimov avgustdagi putch va O‘zbekiston mustaqilligi deklaratsiyasini qabul qilganidan keyin ham SSSR tarafdori bo‘lib qolgan. Ayni ikki voqeadan ...
8 january 2017
“Istanbul xavfsizlik idorasi bu isqirtni “o‘zbek” deb aytdi, bundan oldin qirg‘iz va uyg‘ur degan gapni aytgan edi», deya yozdi ...
7 november 2025
Inqilob bo‘lgan kun – 7 noyabr SSSRning eng asosiy bayrami edi. Bugun O‘zbekistonda bu tantana mutlaqo unutilgan, ba'zi qari-qartanglargina ...
16 july 2016
O‘zbekistonda «tinchlikni madh etish uchun» mafkura klipi sifatida tayyorlangani aytilayotgan ayni klip musiqasi o‘zgarmagan, biroq tasvirlarda uning eski nusxasi ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...