Asosiy mavzular
24 april 2019

Uyi buzilgan zominliklar yetarli tovon puli berilmaganidan norozilik bildirishdi

Jizzax viloyatining Zomin tumanida 23 aprel kuni o‘tgan yili «Zomin siti» qurilishi uchun buzilgan uylari evaziga yetarli tovon puli olmaganidan norozi 40 dan ortiq fuqaro tuman hokimligi binosi oldiga yig‘ildi.

«Biz tuman hokimligi binosi oldiga ertalab soat 10 yarimlarda to‘plandik. Lekin hokim selektor yig‘ilishida deyishdi. Keyin o‘zini Jizzax hokimi yordamchisi deb tanishtirgan Kamoliddin ismli shaxs «yomg‘irda tashqarida turmanglar», deb ichkariga taklif qildi», dedi «Eltuz»ga o‘z ismini ochiqlamaslikni so‘ragan, uyi buzilgan zominlik suhbatdosh.

Hokim yordamchisi avvaliga buzilgan uylar o‘rnida «Shahar qurilish invest» shirkati yangi to‘rt qavatli uylar qurilib bitkazgani va yaqinda egalariga topshirilishi haqida gapirgan.

Biroq hokim yordamchisining gaplaridan yangi qurilgan to‘rt qavatli uylardagi kvartiralar bozor narxida yoki ipoteka krediti evaziga sotib olinishi kerakligi ma'lum bo‘lgan.

Hokimlik rasmiysining bu taklifi norozilik bilan qarshi olingan. Buzilgan uy egalari uylari narxini belgilagan komissiya va kadastr vakillarini yig‘ilishga chaqirishni, kompensatsiya pullari erkin narxda qayta belgilanishini talab qilishgan.

«Bizga o‘tgan yili berilgan kompensatsiya puli bu kvartiralarning eng arzonini olishga ham yetmasdi. Buning ustiga, bu kvartiralar bizga torlik qilardi, chunki oldingi buzilgan uylarimizda katta oila bo‘lib yashaganmiz», deya izohlaydi vaziyatni «Eltuz» suhbatdoshi.

Uning iddaosiga ko‘ra, unga va boshqa aksariyat xonadon egalariga o‘tgan yilning mart oyida buzilgan uylari o‘rniga shunga yarasha turar joy xarid qilishga yetmaydigan tovon puli ajratilgan.

«Masalan, bizning ikkita aka-uka, oilalarimiz va ota-onamiz bilan yashagan sakkiz xonali, barcha sharoitlari bor 192 kv.m hovli joyimiz evaziga jami 187 million so‘m tovon puli berildi. Bu pul bitta ukamning 3 xonali uyini qurib tomini yopishga yetdi, xolos», deydi «Eltuz» suhbatdoshi.

Uning tag‘in aytishicha, buzilgan uylarning ayrim egalari bundan ham past narxda tovon puli olishganki, bu pul uy qurilishiga ham yetmagan. Ular hokimlik vakillarining boshqa pul berilmaydi, bor qaerga borsang, degan gaplaridan shokka tushib qolishgan. Shuning uchun bor puliga boshqa joydan yer olib, amal-taqal qilib uy qurishga kirishishgan.

«Ko‘plari uylarni chala bitkazib, qora suvoq, somon suvoq qilib ko‘chib kirishyapti. Ularning oldingi sharoiti bundan ancha yaxshi edi. Endi remonti chala uylarda yashashyapti», deydi uyi buzilgan zominliklardan yana biri «Eltuz» muxbiri bilan suhbatda.

«Eltuz» suhbatdoshlari uylari oldiga buldozer olib kelib, buzish ishlari zo‘rlik bilan boshlab yuborilganini aytishmoqda.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, 2018 yilning martida prezident Mirziyoevning Zominga tashrifi oldidan tuman hokimi kelib ularga «siyosat qilgan».

Prezident siyosatiga qarshi chiqish mumkin emasligini aytib qo‘rqitgan va aholining komissiya belgilagan tovon puli evaziga uylari buzilishiga rozi bo‘lishdan boshqa iloji qolmagan.

«Avvaliga, prezident o‘tishi oldidan «hech bo‘lmasa uylaringizni buzilayotganday ko‘rsatib, shiferlarini olib qo‘yinglar», deb tayinlashdi. Keyin komissiya narxlovi asosida tovon puliga rozilik uchun qo‘l qo‘ydirib olishdi», deya eslaydi «Eltuz» suhbatdoshi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 january 2017
Zilziladan keyin vayron bo‘lgan Toshkent o‘z ijodiy imkoniyatini realizatsiya qilish uchun yer qidirgan sovet me'morlari uchun yangi imkoniyatlar ochdi. ...
4 august 2016
«Adolat» gazetasi «yigirma beshinchi dovonga ham zafarli odimlar bilan yetib kelgan lahzalar» haqida fikr yuritar ekan, shu kunlarda hammaning ...
10 january 2026
Qaynonasi bilan tibbiy markazga kelgan 4 oylik kelin ich qotishidan shikoyat qilib, klizma qo‘yishni so‘ragan. Ayol ultratovush tekshiruvidan o‘tishdan ...
6 march 2022
O‘zbekistonlik jurnalist Marina Kozlova o‘z saytida Ukrainaning Toshkentdagi elchisi Mikola Doroshenko bilan intervyu chop etishi ortidan Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...