Asosiy mavzular
27 may 2019

Narxlar oshadi va oshishdan to‘xtamaydi

O‘zbekistonda issiqlik ta'minoti, issiq suv, gaz va sovuq suv, elektr energiyasi narxlari tobora o‘sishda davom etmoqda.

Ilgari mamlakatda odatda bunday xizmatlar narxi yiliga ikki marta oshardi. Ammo shunga mos ravishda yiliga ikki marta eng kam ish haqi ham oshirilardi.

Endi esa suv, gaz va elektr energiyasi qimmatlashuvi eng kam ish haqi oshirilishiga bog‘liq bo‘lmay qoldi.

1 iyundan boshlab mamlakatda tabiiy va suyultirilgan gaz hamda elektr energiyasi narxlari qimmatlaydi. Tabiiy gazning hozir 320 so‘mdan sotilayotgan 1 kub metri hisoblash asboblari bo‘lgan aholiga 350 so‘m, hisoblash asboblari bo‘lmaganlarga esa ovqat tayyorlash va issiq suv ta'minoti uchun 605 so‘m, isitish tizimi uchun 350 so‘m bo‘ladi.

Hozirda 950 so‘m bo‘lgan suyultirilgan gaz narxi 1200 so‘mga yetadi. 1 kVT soat elektr energiyasi narxi esa amaldagi 250 so‘mdan, iste'molchilar guruhlariga qarab, 280 so‘mdan 392 so‘mgacha ko‘tariladi.

Iqtisodiyot vazirligidagi manbaning “Eltuz”ga aytishicha, mazkur kommunal xizmatlarni ko‘rsatish narxlari bunday keyin ham o‘sishda davom etadi. Buning esa ichki va tashqi sabablari bor.

“Ichki sababi shuki, O‘zbekiston bozor munosabatlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishni boshladi. Shuning uchun kommunal xizmatlarni davlat tomonidan subsidiyalash bundan keyin kamayib boraveradi. Demakki, kommunal xizmatlar ta'minoti uchun to‘lovlar to‘liq aholi zimmasiga tushadi.

Hozir mamlakatimiz jadal rivojlanish yo‘liga o‘tdi. Buning uchun esa katta mablag‘ talab etiladi. Kommunal to‘lovlar mana shu mablag‘ manbalaridan biri hisoblanadi.

Tashqi sabab ham jadal rivojlanish ehtiyojlariga borib taqaladi. Rivojlanishimiz uchun bizga tashqaridan pul kirishi kerak. Bu pul investitsiya va tashqi qarz ko‘rinishida bo‘ladi. Bilasiz, hozir biz Xalqaro valyuta jamg‘armasi va u orqali boshqa manbalardan faol qarz olyapmiz.

XVJning esa o‘z talablari bor. Mana shu talablardan biri aholiga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz, elektr energiyasi kabilarning narxlarini jahon narxlariga yaqinlashtirish hisoblanadi”, dedi Iqtisodiyot vazirligidagi manba “Eltuz” bilan suhbatda.  

O‘zbekistonda kommunal xizmatlar ko‘rsatish narxlari markazlashtirilgan tarzda belgilanadi va hukumat iznisiz ular narxi o‘zgarmaydi. Kommunal xizmat ko‘rsatuvchi deyarli barcha tashkilotlar esa tabiiy monopoliyalar hisoblanadi.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi esa kommunal xizmatlar narxi o‘sishiga qarshilik ko‘rsatayotgani yo‘q. Balki narx o‘sishini qonun hujjatlari bilan asoslashga urinish bilan band.

Xususan, Toshkentda sovuq suv narxi 24 apreldan oshishi haqida “Suvsoz” DUK 25 aprel kuni xabar berganida bu qo‘mitaning na baliq, na go‘sht maqomida ekanini yana bir ko‘rsatdi.

Qo‘mita sovuq suv narxi nega oshirilganini asoslashni talab qilmadi, balki bu haqda e'lon qilish tartibiga rioya qilinmaganini ta'kidlab, narxni 24 apreldan emas, 10 maydan oshirish talabini qo‘ydi.

Holbuki, o‘tgan yilning o‘zida sovuq suv narxi uch marta qimmatlagandi. Uning narxi o‘tgan yilning fevralida (+5 so‘mga), mayida (+50 so‘mga) va noyabrida (+35 so‘mga) oshirilgan edi.

“Afsuski, mamlakatimizning hozirgi sharoitida kommunal to‘lovlar oshib borishini to‘xtatishning imkoni yo‘q. Hukumatning esa bu jarayonning aholining ijtimoiy ahvoli og‘ir qatlamiga ko‘rsatadigan salbiy ta'sirini kamaytirish yo‘lini o‘ylashdan boshqa chorasi yo‘q”, dedi Iqtisodiyot vazirligidagi manba “Eltuz” bilan suhbatda.

Bahodir Sharif
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
23 march 2017
Keyingi kunlarda Andijon bozorlarida sabzavotlarning narxi ko‘tarilib ketdi. Hammadan ko‘ra kartoshkaning narxi oshgani odamlarning noroziliklariga sabab bo‘lmoqda. Chunki, aholining ...
28 november 2018
Urganch tumanlararo fuqarolik sudining 27 noyabr kuni sudya O‘tkir Masharipov raisligidagi majlisida jurnalist aka-uka Bobojonovlarning uyini musodara qilish borasidagi ...
25 april 2021
Aziz do‘stim, ko‘zlari intizor singlim, mehribon opajonlarim, duogo‘y onaxonlar, yuzidan farishta ëqqan otaxonlar, akalar, ukalar, muqaddas Ramazon oyi muborak!   ...
3 january 2026
1925 yil 3 yanvarda Benito Mussolinining Italiya parlamentida qilgan nutqi mamlakat tarixini mutlaqo boshqa yo‘nalishga burib yubordi. Bu kun ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...