Asosiy mavzular
14 october 2019

Cenat raisi “tushunmayotgan” haqiqatlar

O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboeva “katta mablag‘ va boshqa resurslar evaziga sahroga aylangan Orol dengizi hududida turli daraxtlar ekilayotgan bir sharoitda ayrim hududlarda daraxt va butalarni noqonuniy va ayovsiz kesish hollari ro‘y berayotgani mutlaqo tushunarsiz” ekanini bildirdi.  

Tushunish qiyin emas aslida buni. Tushunish uchun xalqning bugun qanday hayot kechirayotganini bilish kifoya. O‘shanda “noqonuniy va ayovsiz kesish”larning asl sabablari mana-man deb ko‘rinib qoladi.

“Bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi”, deydi o‘zining “tushunmagani”ni xulosalab Senat raisi. 

Tanzila Norboeva mantig‘ini topa olmayotgan kes-keslarning asl sabablarini esa real hayotning o‘zi har kuni ko‘z-ko‘z qilib turibdi.

Hali kun sovimasdanoq elektr va gaz ta'minotidagi tez-tez uzilishlar, ayrim hududlarda esa gazning umuman yo‘qligi amaldorlar tushunmayotgan “mantiqsizlik”ning mantig‘idir. 

Aslida elektr va gazsiz xalq yashab qolish uchun shu yo‘l bilan kurashmoqda. Ularning tanlovi juda murakkab – yoki daraxt kesib, qahraton qishni bir amallab o‘tkazib olish, yoki o‘ziyu butun oilasi shamollash bilan bog‘liq turli kasalliklarga chalinishi.

Elektr va gazsiz xalqning bir qismi uyidagi bola-chaqasining rizqi bo‘lgan mevali daraxtlarni kesib yoqib bo‘ldi. Tutlarga ham qiron kelgan.

Cho‘l hududidagilar saksovul va yulg‘un kesmoqda. Chunki hatto tappi qilishga go‘ng topish ham muammoga aylangan. Zero, go‘sht qimmatlashishi mol-hol kamayganidan darakdir. 

Birgina Xorazm viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspektsiyasi joriy yilning shu davrigacha Qizilqum barxanlaridagi saksovul va yulg‘unlarni kesib ketayotgan qariyb 200 kishini aniqlagan.

Mavjud qonunchilikda daraxtlar, butalar kabilarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solish ko‘zda tutilgan.

Ammo shunday katta jarimalar ham yashab qolish uchun kurashayotgan xalqni bu qonunbuzarliklardan to‘xtatib qolishga qodir emas. 

Oddiy xalq taqdiriga tan berib, saksovul kesishdan o‘zini tiysa, bu ishni biznesga aylantirganlar sahnaga chiqadi. Ular korruptsionerlar bilan bir tizim yaratib ishlaydi. 

Masalan, tog‘li hududlarda o‘tinchi “biznesmenlar” guruhlari bor. Ular qo‘riqxonalar, o‘rmonlar qorovullari bilan til biriktirib, archalarga qiron keltiradi.

Kesilgan archalar elektr va gazsiz xalqqa, umumiy ovqatlanish shoxobchalari egalariga pullanadi. 

Senat yig‘ilishida aytilishicha, daraxtlarni noqonuniy kesish bo‘yicha Surxondaryoda 509 ta, Qashqadaryoda 368 ta, Buxoroda 271 ta, Farg‘onada 224 ta, Xorazmda 187 ta, Samarqandda 161 ta, Toshkent shahrida 203 ta holat aniqlangan.  

Afsuski, senatorlar barcha aybni “aholining ekologik-huquqiy madaniyati darajasining pastligi”, brakonerlarning o‘z manfaati va ehtiyojlari”ni ko‘zlayotganiga yo‘ymoqda. 

Asl sabab esa shu kabi zo‘rma-zo‘raki xulosalar, bahonalar soyasida qolib ketyapti.

O‘zbekiston Orol fojeasining asoratlarini yumshatish maqsadida yuzlab ming gektar yerga saksovul, yulg‘un kabi butalar ekish loyihasini amalga oshirmoqda. Buning uchun milliardlab mablag‘ sarflanyapti.

Endi yuqorilardan kelib chiqib, senatorlar tushunmayotgan mantiqsizlikka mantiq izlab ko‘rsak.

Mantiq shuki, aholiga oddiy yashash sharoitlari yaratib berish, ya'ni elektr va gaz ta'minotidagi uzilishlarni bartaraf etilsa, “noqonuniy va ayovsiz kesish”lar ham kamayadi.

“Eltuz”

Tag‘in o‘qing
10 november 2025
Toshkent viloyati, Parkent tumanidagi “Parkentsoy” turar joy majmuasida xonadon xarid qilgan fuqarolar uylar sifati va sharoitidan norozilik bildirmoqda. Ular ...
29 april 2017
24 aprel kuni Toshkent shahar hokimi topshirig‘iga ko‘ra tuzilgan komissiya poytaxtdagi «Like Bar» yoshlar hordiq chiqarish klubiga bordi. «Like ...
10 june 2021
Bir-biridan mustaqil manbalarning “Eltuz”ga bildirishicha, O‘zbekiston xalq ta'limidagi korruptsiyaning eng ochiq va ayovsiz ko‘rinishi chekka tumanlarda emas, xalq ta'limi ...
10 november 2018
O‘zbekiston mustaqil bo‘lgan 1991 yildan to shu bugunchaga bu mamlakat hukumati chet elda boshiga ish tushgan birorta vatandoshini himoya ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...