Asosiy mavzular
27 march 2025

Turkiyada hukumatga qarshi norozilik kuchaymoqda

Turkiyada bo‘layotgan namoyishlar haqida o‘zbek segmenti nima deb valdirasa – valdiradi, aljirasa – aljiradi. Indamay, kuzatib bordim. O‘zbekistonda nechta siyosiy partiya borligini bilmaydiganlar Turkiya ichki siyosatida yuzaga kelgan tang vaziyat haqida bildirayotgan fikrlarni, xuddi, kosmik kemada Oyga uchmoqchi bo‘lgan yosh bolaga o‘xshatdim.

1992-96-yillarda Turkiyada o‘qiganman. 2005-2008-yillarda yashab-ishlaganman. Mamlakatni ichidan bilgan kishi sifatida tahliliy fikr bildirishga qaror qildim. Zora, bir necha kishining ongini oshirishga yordam bersa – men maqsadimga erishgan bo‘laman. Puchaklar esa puchakligicha qolaveradi.

Rajab Toyyip Erdo‘g‘an Turkiyani 2000-yillar boshlaridan beri bosh vazir, keyinchalik esa – prezident o‘laroq boshqarmoqda. Taxtda o‘n yildan ortiq qolgan odamda o‘ziga ishonch paydo bo‘lib, iloji boricha ko‘proq qonuniy kuchni o‘z qo‘liga olishga, erkin matbuotni bo‘g‘ishga urinishi isbot talab qilmaydigan haqiqatdir.

Turkiya xalqi siyosiy jihatdan o‘ta faolligi bilan tanilgan. O‘zbekistondagiga o‘xshab, tepadan berilgan ro‘yxat bo‘yicha saylanish amri-mahol. Chunki, har qaysi saylov uchastkasida partiyalar vakillari kuzatuvda turishib, hech qanday soxtakorlik qilinishiga yo‘l bermaydi. Shuning uchun, saylovlar demokratik ruhda o‘tib, demokratik davlatlar tomonidan tan olinadi. Bu borada O‘zbekiston tosh davrida desam aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Men hozirgi parlament tuzilishiga diqqatingizni qaratmoqchiman. 2023-yil mart oyida parlament va prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. Parlament saylovlarida «Jumhur Ittifoqi» tarkibidagi Erdo‘g‘anning AK Partisi 36,6%, MHP – Milliyatchi Xalq Partiyasi 10.07%, Yangitdan Refah Partiyasi 2,8% ovoz oldi.

«Millat Ittifoqi» tuzgan muxolifatchi Jumhuriyat Xalq Partiyasi 25,3%, IYI (yaxshi) Parti 9,8% ovoz oldi.

Bo‘lginchi kurd partiyalari Turkiyada kurd tili ham davlat tili deb e'lon qilinishi, o‘quv yurtlarida kurdcha ta'lim berish huquqiga erishish, rasmiy idoralarda kurdcha erkin qo‘llanilishini ta'minlash va, oxir-oqibatda, mamlakatning janubi-kunchiqarini alohida Kurdiston davlatiga aylantirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Kurd partiyalari terrorist deb e'lon qilingan Kurdiston Ishchi Partiyasi asoschisi, hozir umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan Abdullah O‘jalanni o‘z yo‘lboshchisi deb biladi. Partiyaning anchagina a'zosi kunduzi rasmiy partiya ishlarini yuritsa-da, kechasi terrorislar bilan ishbirligi qilishi haqida ko‘plab faktlar bor.

Shuning uchun, kurd partiyalari tez-tez sud qarori bilan yopib qo‘yiladi. Ular esa boshqa nom bilan yangi partiyani ro‘yxatdan o‘tkazaverishadi. Ikki yil oldingi saylovlardan oldin kurd Demokratik Jamiyat Partiyasi yopilgach, Yashil So‘l Partiya nomi bilan saylovda qatnashib, 8,8% ovoz olishga erishdi. Bu esa unga 600 kishilik parlamentda 65 ta deputatlik mandati berdi.

Saylovda Erdo‘g‘anning «Jumhur Ittifoqi» mutlaq ko‘p – 323 deputatlik mandati olib, parlamentda o‘z qonun loyihalari o‘tkazilishini ta'minladi. Qolgan 212 mandat esa asosiy muxolifatchi «kamolchilar» yoki «so‘lchilar»ga ketdi.

Esingizda bo‘lsa, prezidentlik uchun ilk turda nomzodlardan hech biri 50% + bittadan ko‘p ovoz ololmagani uchun, ikkinchi tur saylovi o‘tkazilgandi. So‘lchi (yoki ayrim o‘zbeklarga ko‘ra «ateist») JXP saylovda yuta olish uchun kurd Yashil So‘l partiyasi bilan hamkorlik qilishga majbur bo‘ldi.

Buni AK Parti va milliyatchilar «terroristlar bilan hamkorlik, mamlakatni bo‘lish» deb e'lon qilishdi. Saylovning ikkinchi turida Erdo‘g‘an zo‘rg‘a 50,5% ga yaqin ovoz olib, kursisini saqlab qolgandi. Istanbul shahar hokimiyati esa so‘lchi Ekrem Imamo‘g‘lu qo‘lida qoldi.

Men 9-mart kuni Istanbulda edim. Ertalab televizorda xabarlarni ko‘rdim. Unda Ekrem Imamo‘g‘lu qo‘lida ishlaydigan bir necha shaxs tenderlarda pora olgani iddaosi bilan qamoqqa olingani aytildi. Shunda, men bu katta dovul darakchisi ekanligini sezgandim. Adashmabman.

Kutilganidek, ishning boshida Ekrem Imamo‘g‘luning o‘zi turgani iddao qilinib, qamoqqa olindi. Uning qurilish kompaniyasi davlat qo‘liga o‘tdi. Turkiya Konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident oliy ma'lumotli bo‘lishi shart. Uni qarang-ki, Ekrem Imamo‘g‘lu ancha yillar oldin olgan universitet diplomi «tartib-qoidadan chetga chiqib olingan» vaji bilan, bekor qilindi.

Bu bilan hozirgi prezident o‘zining ikki yildan keyin o‘tkazilishi kutilayotgan prezidentlik saylovlaridagi eng ashaddiy raqibini yo‘q qilishga erishmoqchi. Bularning hammasi so‘l kuchlar ko‘chalarga yopirilib chiqib, hukumatga qarshi yirik namoyishlar o‘tkazilishiga olib keldi.

Turk lirasi kursi qulab, men Istanbuldaligimda 1 dollar 36 liraga teng bo‘lgan turk valyutasi 41 liraga ko‘tarilib ketdi. Bunday holatda, har qanday mamlakatning Markaziy Banki kursni barqarorlashtirish uchun o‘z zahirasidagi dollarlarni sotishga chiqaradi. Shu oddiy haqiqatni anglamagan ayrim «donolar» «Turkiya bir kunda 10 milliard dollar zarar ko‘rdi» deb post qo‘yishdi.

Holbuki, 19-21-mart kunlari Markaziy Bank 21 milliard dollar sotib, kurs birmuncha tushishiga erishgandi. Turk televidenie va radiolarini nazorat qiluvchi RTUK tashkiloti namoyishlarni jonli yoyinlashni taqiqladi. Ko‘plab jurnalistlar qamoqqa olindi.

Hozir yuzaga kelgan vaziyatning nozik tomoni shunda-ki, namoyishchilar ichida bo‘lginchi kurd partiyasi tarafdorlari ham juda ko‘pdir. Ular ahvolni o‘z maqsadlari tomoniga burib yuborishi yoki hukumat namoyishchilarga yon bosishi siyosiy vaziyatni chigallashtirishi mumkin. Bu esa bizga qardosh davlatda katta boshog‘rig‘iga olib kelishi ehtimoli ham yo‘q emas.

Yuqoridagi faktlarning mag‘zini yaxshilab chaqing. Og‘zingizga kelgan ilk gapni shaldiratib yozishdan tiyiling. Zero, miya odamga uni ishlatib, xulosa chiqarish uchun berilgan.

Baxtiyor Shohnazar,

Kuba, 27.03.2025.

Tag‘in o‘qing
28 february 2020
Ëzuvchi Leonid Solovyovning «Osoyishtalikni buzuvchi» kitobi qahramoni Nasriddin Buxoro amiri va uning mullalarini tanqid qiladi.  Bunga javoban amir Nasriddinni ...
27 february 2018
Andijon viloyat Ankologiya dispanseriga Oltinko‘l tumanidan ko‘krak bezi saratoni tashxisi bilan yotqizilgan bemorlar soni ko‘paymoqda. Aholisi 155 ming kishi ...
19 march 2019
Mayli, boshlab qo‘ydim endi, men ham xaypni davom ettiray. Qozoqlarda urug‘chilik tizimi bugungi kunga qadar yaxshi saqlanib qolgan. Urug‘ ...
17 january 2024
Istanbulning Esenyurt tumanida fohishalikka majburlangan va homilador bo‘lganidan keyin farzandi sotilishini bilib, dori ichib homilasini tushirgan o‘zbekistonlik ayol kaltaklandi.  ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...