Asosiy mavzular
6 june 2025

Muhammad Solihga ochiq xat

“O‘zbekiston Erk demokratik partiyasi”ning asoschisi va raisi, “Mustaqillik deklaratsiyasi”ning tashabbuskori, O‘zbekistonda mustaqillik va ozodlik uchun kurash yo‘lboshchisi, iste'dodli shoir va siyosiy arbob, janob Muhammad Solihga ochiq xat

Assalomu alaykum, aziz, muhtaram va qadrli janob Muhammad Solih! Men Sizning Istanbulda 2023 yili chop etilgan 13 jildli “Kulliyot”ingizni kitob holida o‘qish, Sizning ijodingiz, mashaqqatli siyosiy faoliyatingiz, eng muhimi, betakror va noyob shaxsingiz bilan yaqindan tanishish sharafiga muyassar bo‘ldim. Bularning hammasi uchun cheksiz tashakkurlarimni izhor qilish barobarida Sizni boy merosingiz kitob holida nashr etilganligi bilan chin dildan qutlayman.

“Kulliyot”ingizni mutolaa qilish jarayonida olgan taassurot, hayrat va hayajonlarimni muxtasar shaklda Sizga yetkazishni faylasuf sifatidagi burchim, deb hisoblayman. Sizning vatanimiz xalqlarining so‘nggi yuz yillik tarixidagi mustaqillik va ozodlik uchun kurashdagi jasorat va matonatingizni XX asr boshlaridagi buyuk jadidchilarning mardligi va fidoyiligi bilan qiyoslash va Sizni ular boshlagan kurashning davomchisi sifatida e'tirof etish mumkin.

Men Siz bilan vatandosh, zamondosh, maslakdosh ekanligim bilan faxrlanaman. Asarlaringizni o‘qir ekanman, taqdirimizda tutash nuqtalar mavjudligiga ko‘p marta amin bo‘ldim. O‘rtamizdagi tafovut shundan iboratki, mening siyosiy qarashlarimga, siyosiy zulm va istibdodga qarshi so‘z bilan kurashimga turmush o‘rtog‘im ham, farzandlarim ham, barcha hamkasblarim va yaqinlarim ham qarshi edilar. Shu ma'noda Siz mendan ko‘ra baxtliroqsiz: turmush o‘rtog‘ingiz Sizning qarashlaringizni qo‘llab-quvvatlagan, og‘ir damlarda Sizning yoningizda bo‘lgan, Siz duch kelgan og‘ir vaziyatlarda hamdardingiz bo‘lgan.

Sizning kulliyotingiz O‘zbekistondagi har bir ilm ahli, ulamo, olim va faylasuflarning xonadoniga kirib borishi, har bir vatandoshimiz Muhammad Solih haqiqatini, uning pokiza qalbi, teran fikri, siyosiy g‘oya va maqsadlarini, O‘zbekistonning mustaqillik va ozodlik uchun kurash tarixini bilishi g‘oyat zarur va foydali, deb hisoblayman.

Ozodlik uchun kurashda so‘z san'ati, she'riyat va badiiy adabiyotning ahamiyati qancha katta bo‘lsa, ijtimoiy-siyosiy tanazzulning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va oqilona hal qilishda ijtimoiy fanlar va falsafaning o‘rni va roli ham shunchalar muhimdir. Biroq sovet tuzumi sharoitida ijtimoiy fanlar va falsafa o‘ta siyosiylashishi oqibatida siyosatning malayiga, quruq safsataga aylangani singari badiiy adabiyot ham ana shunday qismatga mahkum edi. Shu o‘rinda Erkin Vohidovning quyidagi misralarini keltirmoqchiman:

Zo‘r shoirlar bari otilgan,

Qolganlari bari sotilgan.

Mard so‘zim shu: hammasi qo‘rqoq,

“O‘zim kimman? So‘ramang biroq.

O‘z ismimni aytmasman zinhor,

Zamon nozik, bola-chaqam bor.

G‘ayriinsoniy mafkuraga xizmat qilgan fan va falsafaning qadr-qimmati yo‘qoldi. Haqiqatdan atayin ko‘z yumish, zulm va istibdodga xizmat qilish ijtimoiy fanlar va falsafaning sharmandali qismati edi. Biroq badiiy adabiyot o‘zining ramz va obrazlari orqali haqiqatni ayta oldi. Bunga Sizning, Shavkat Rahmon, Rauf Parfi, Maqsuda Ergasheva singari iste'dodlarning asarlarini keltirish mumkin. Mustaqillik yillarida O‘zbekistondagi ijtimoiy fanlar va falsafa xuddi sovetlar zamonida bo‘lgani kabi siyosatga malaylik qilishda davom etdi.

O‘zbekistonda demokratiya, respublika tuzumi, konstitutsiya, davlat, siyosiy partiya, muxolifat, saylov tizimi, plyuralizm, liberalizm, ratsionalizm, shaxs erkinligi, inson huquqlari, grajdanlik huquqlari haqida yangicha ilmiy qarash va nazariyalar shakllanmadi. Kommunistik g‘oya va mafkuraning g‘ayriinsoniyligini fosh qilishga yo‘l qo‘yilmadi. Birinchi prezidentning kitoblarini targ‘ib qilish ijtimoiy fanlarning vazifasiga aylantirildi.

Sizning “Kulliyot”dan joy olgan demokratiya, shaxs erkinligi, davlat, ozodlik, taraqqiyot to‘g‘risidagi g‘oya va qarashlaringiz hozirgi zamon g‘arb adabiyoti, modern she'riyati ta'sirida shakllanganligi shak-shubhasizdir.

Mening tushunishimcha, she'riyat so‘z san'atining eng hozirjavob shakli, pokiza qalbning jaholat, zulm va istibdodga qarshi hayqirig‘i, odamlarni g‘aflatdan uyg‘otuvchi jarchidir. Ming yillar davomida Sharq she'riyati nodonlik, zulm va adolatsizlikka qarshi ma'rifatparvarlik, adolat g‘oyalarini ilgari surdi, biroq zulm va istibdod yo‘qolmadi. XX asr boshlariga kelib, G‘arb she'riyati insonni fikrlashga unday boshladi. Siz o‘zbek shoirlari orasida birinchi bo‘lib, G‘arb she'riyatidagi ratsionalizm elementlarini o‘zbek she'riyatida namoyish eta boshladingiz. Adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov Sizdan she'rlaringizni tushuntirib berishni so‘ray boshladi. She'rlaringizga zulm va istibdodga, qullik va mutelikka qarshi kurash ruhini singdira boshladingiz. Pokiza ruhdan yaralgan va pokiza qalbdan otilib chiqqan haqiqat uchqunlari mudroq, tund, tanbal va hissiz qalblarni junbushga keltira boshladi. Sizning 1985 yili chop etilgan “Adashganlar qo‘shig‘i” she'ringiz pokiza qalbli o‘zbek ziyolisi, she'riyat muxlislarining dardli qo‘shig‘iga aylandi. 1986 yil kuz oylarida O‘zMUning Madaniyat saroyida talabalarning Siz bilan uchrashuv kechasida “Adashganlar qo‘shig‘i” she'ringizni o‘qib bergan edingiz. Uchrashuvni Ozod Sharafiddinov olib borgan edi. Men o‘sha yili Nizomiy pedinstitutining falsafa kafedrasi qoshidagi aspiranturaga o‘qishga kirgan edim. Ana shu she'ringizni yod olib, davralarda, madaniy tadbirlarda hozirgacha aytib kelyapman.

Ozodlik uchun chaqiriqlar hamon yangrayotgan bo‘lsa-da, afsuski, O‘zbekiston xalqining ijtimoiy-siyosiy taraqqiyot yo‘lini belgilab beradigan va ilmiy-nazariy asosga ega bo‘lgan milliy g‘oya va mafkurasi yaratilgani yo‘q. Bunday g‘oya O‘zbekiston jamiyatining elitar qatlami, oliy ma'lumotli mutaxassislari ongida yashashda davom etayotgan kommunistik g‘oya va mafkuraning yaraqsizligini ilmiy-nazariy jihatdan isbotlash, totalitar boshqaruvning yovuzligini fosh etish orqaligina shakllanishi mumkin. Bunda, albatta, ozodlik uchun kurashchilarning siyosiy tajribalari, g‘oya va qarashlarini sistemalashtirish, siyosiy ong va madaniyatning rivojlanishiga xalaqit berayotgan iqtisodiy, axloqiy va boshqa omillarni o‘rganish, tahlil qilish va ulardan tegishli xulosalar chiqarish talab etiladi.

Kulliyotingizda o‘z ifodasini topgan siyosiy g‘oya va qarashlaringiz, orttirgan boy tajribangiz ilg‘or siyosiy g‘oya va mafkura asoslarini yaratishda muhim manba bo‘lishi mumkin. Hozirgi zamon G‘arb psixologiya fani filogenezda ontogenezning takrorlashini allaqachon isbotlagan. Ana shu qonuniyatni xalq va jamiyat hayotiga nisbatan ham tatbiq etish mumkin. Boshqacha qilib aytganda, ijtimoiy-siyosiy taraqqiyotdan orqada qolgan O‘zbekiston singari agrar jamiyat va dehqonlar mamlakatida tom ma'nodagi demokratik boshqarishni amalga oshirish, industrial jamiyatga o‘tish uchun ma'naviy, axloqiy, intellektual-ilmiy zamin yaratishni talab etadi. Buyuk nemis faylasufi Gegel o‘zining mashhur to‘rt jildlik “Estetika” asarida ta'kidlaganidek, dunyoviy demokratik davlat barpo etishdan oldin jamiyat va xalq “qahramonlar asri”ni bosib o‘tishi, diktatorni hokimiyatdan mahrum etishi, Konstitutsiyada demokratik boshqarishning eng muhim printsiplari, Prezidentning vakolatlari aniq va qat'iy belgilanishi zarur. Industrial jamiyatgina ilm-fan, texnikani har tomonlama rivojlantirish orqali huquqiy davlat, grajdanlik jamiyati asoslarini yaratishi mumkin. Demokratik boshqarishni ratsionalizm, plyuralizm, liberalizm, shaxs erkinligi, adolatli saylov tizimi,  ko‘ppartiyaviylik printsiplarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Gegel grajdanlik jamiyati (grajdanlarning ko‘ngilli uyushmalari, siyosiy partiyalari) shakllanmagan sharoitda davlat totalitarizmi shaxsga qarshi kurashishini isbotladi. Karimov konstitutsiyasining 86 foizini o‘zgartirgan Mirziyoev konstitutsiyasida “shaxs erkinligi” tushunchasi olib tashlandi.

Gegelning fikricha, xalq qahramonlari despotizm, avtoritarizmni tag-tugi bilan qo‘porib tashlash uchun konstitutsiyada demokratik boshqarishning eng muhim printsiplarini, jumladan, plyuralizm, ko‘ppartiyaviylik, shaxs erkinligi, grajdan huquqlari va siyosiy erkinliklarni qat'iy belgilashi, davlat suvereniteti o‘rnida xalq suverenitetini qaror toptirishi lozim. Kuchli davlat g‘oyasi demokratiyaga, san'atga, inson va grajdan huquqlariga qarshidir. San'at grajdanlik jamiyatidagina har tomonlama rivojlanishning qulay sharoitiga ega bo‘ladi.

Nodemokratik (bolshevistik, fashistik, despotik) davlat hamma zamonlarda xalqqa qarshi turuvchi, xalqni ezuvchi va jaholat, korruptsiya ustiga qurilgan yovuz tashkilotdir. Qo‘shni Qirg‘iziston xalqi milliy mustaqillik yillarida nodemokratik davlatga qarshi tinch namoyishlar, muxolifatdagi siyosiy partiyalar orqali faol kurashdi. AQShning ma'naviy otalaridan biri bo‘lgan Tomas Jefferson demokratiya uchun muttasil va muntazam, tinimsiz va sabot bilan kurashish zarurligini alohida ta'kidlagan, “ozodlik daraxti demokratiya uchun kurash yo‘lida to‘kilgan qon bilan oziqlanishi”ni alohida ta'kidlagan edi. Xuddi qirg‘iz xalqi korruptsiyalashgan prezidentlarni ikki marta hokimiyatdan quvigani singari demokratiya, ozodlik va taraqqiyot tarafdorlari davlat xizmatchilarining yovuzligiga qarshi muttasil va matonat bilan kurashishlari zarur. Davlat xizmatchilarining istisnosiz barchasi o‘z xizmat lavozimini suiiste'mol qilishga, shu yo‘l bilan harom boylik orttirishga intiladilar. Shu boisdan ham “davlat xalq uchun xizmat qiladi va barcha ijtimoiy muammolarni hal etadi” degan yolg‘on kommunistlarning va ular safidagi qo‘g‘irchoq partiyalarning bir amallab yashab qolish, hukmronlik qilishga bo‘lgan hayvoniy instinktidan boshqa narsa emasdir. Sovet davlati ijtimoiy muammolarni emas, hatto, oddiy siyosiy muammolarni ham hal eta olmasligini namoyish etdi. Ijtimoiy muammolarni shaxslar hal etadilar, shaxslargina davlat totalitarizmiga qarshi kurash maydoniga chiqadilar. Shaxslarni oddiy mehnatkash xalq yaratadi va qo‘llab-quvvatlaydi. Davlat xizmatchisi va rahbari amaldan ketgan kuni sotsial o‘limga mahkumdir. Shu sababli hokimiyatdan ajralib qolmaslik uchun har qanday pastkashlikka, razolat va jinoyatga tayyor turadilar.

Rivojlangan Yevropa mamlakatlari, AQSh konstitutsiyasini mustaqillik va ozodlik uchun kurashgan xalqning “ma'naviy otalari” yaratdilar. Qo‘shni Qirg‘iziston konstitutsiyasini 20 ga yaqin muxolifatdagi siyosiy partiyalarning mard va xalqparvar yo‘lboshchilari, siyosiy liderlar yaratdilar va unga biron-bir o‘zgarishlar kiritishga yo‘l qo‘ymadilar.

Mustaqil O‘zbekistonda esa sharmandalik, subutsizlik va passiv tomoshabinlik: O‘zbekiston Prezidenti raisligidagi konstitutsiyani tayyorlash komissiyasi rivojlangan G‘arb mamlakatlarining konstitutsiyasidan andoza ko‘chirishdan uyalmadi: qabul qilingan konstitutsiyaga chorak asr mobaynida muttasil o‘zgarishlar kiritish bilan konstitutsiyaning mazmuni va mohiyatini butunlay buzdilar. Konstitutsiyaga asosiy qonun degan soxta nom berish bilan zolim hukumatning qonuni qatoriga qo‘ydilar. Holbuki, konstitutsiya inson, grajdan, xalq va jamiyatning huquq va erkinliklarini yovuz hukumatning tajovuzlaridan himoyalovchi muqaddas tarixiy hujjat va qadriyatdir. Konstitutsiya ayrim shaxslar, ijtimoiy guruh, siyosiy tashkilot, nodavlat tashkilotlar, diniy, ilmiy, madaniy va boshqa tuzilmalar manfaatlaridan ustun turadigan, milliy taraqqiyot, inson kamoloti uchun, kelgusi avlodlarning baxti uchun xizmat qiladigan ma'naviy, axloqiy, huquqiy qadriyatdir. O‘zbekiston sharoitida davlat rahbarining muqaddas Qur'oni Karim yoniga tuturiqsiz, subutsiz va xohlagancha o‘zgartiriladigan konstitutsiyani qo‘yib, qasamyod qilishi insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan sharmandalikdan, jaholatdan boshqa narsa emasdir.

Taassufki, mazkur kulliyotni mutolaa qilish jarayonida Sizning konstitutsiyaga doir ilg‘or g‘oya va qarashlaringizni topa olmadim. Akademik Andrey Saxarovning konstitutsiya loyihasidagi insoniyatning konstitutsion tuzumga doir ilg‘or qarash va yutuqlari meni hayratga solgan edi.

Diktator Karimov kashf etgan taraqqiyotning “o‘zbek modeli” O‘zbekistonda davlat totalitarizmini qayta tikladi. Xuddi sovet zamonida bo‘lgani kabi “dohiy”ning buyuk asarlari chorak asr davomida jamiyatshunos olim va faylasuflar tomonidan zo‘r berib targ‘ib etildi. Hammani bir xilda, ya'ni xuddi siyosiy yo‘lboshchi singari fikrlashga majbur qilish amalda odamlarni fiklamaslikka, manqurtlikka, ijtimoiy hayotga loqaydlikka mahkum etdi. Sharqning ming yillik sinovlardan o‘tgan sevimli: “o‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan” yoki “onangni qozi (…) xafa qilsa, arzingni kimga aytasan” kabi naqllar manqurtlarga taskin bera boshladi. Mamlakatda qashshoqlik, jaholat hukm surayotgan bir sharoitda hukumat tomonidan tayinlangan masjid imomlari namozxonlarni  sabrli bo‘lish va shukr qilishga da'vat etyaptilar.

90-yillarda sovet davlati umumiy tanazzulni bartaraf etish uchun 73- yil davomida yo‘l qo‘ygan xato va jinoyatlarini tuzatishga: bozor munosabatlariga o‘tish, xususiy mulkchilikni shakllantirish va qo‘llab-quvvatlashga harakat qilgan.

Akademik Erkin Yusupovning o‘z esdaliklarida yozishicha, SSSR Prezidenti Gorbachev 1990 yili SSSR xalq deputatlari sessiyasida qilgan dokladida bozor munosabatlariga o‘tish uchun qishloqda kolxoz va sovxoz yerlarini mahalliy aholi jon boshiga farzandlariga meros bo‘lib o‘tish sharti bilan uzoq yillarga ijaraga berish haqida qonun qabul qilishni taklif etgan. Qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston respublikalarida kolxoz va sovxoz yerlari aholi jon boshiga teng taqsimlab berildi. 1990 yili O‘zbekistonda Prezident etib saylangan Karimov esa qishloqdagi yersiz oilalarga (jon boshiga emas!) o‘n sotixdan tomorqa yer ajratib berdi. Kolxoz va sovxoz yerlari o‘rnida esa dexqonchilikka aloqasi yo‘q mansabdor va boyvachchalarning dehqon fermer xo‘jaliklari tashkil qilindi. Chorak asr mobaynida qishloqdagi dehqon fermer xo‘jaliklarini mahalliy hukumat ayovsiz taladi, mamlakat aholisining 67 foizini tashkil etadigan millionlab qishloq yoshlari ish axtarib xorijiy mamlakatlarga keta boshladi. Mirziyoev taxtga o‘tirganidan so‘ng chorak asrlik tanazzul vayronalarini ta'mirlashga zo‘r berdi va mamlakatda 6-7 million kambag‘al va qashshoqlar borligini rasman e'tirof etdi.

“Erk” demokratik partiyasi O‘zbekistonning eng yangi tarixida muxolifatdagi yagona siyosiy partiya edi. Uning mamlakat taraqqiyoti uchun xizmat qiladigan siyosiy g‘oya va mafkurasi yo‘q edi (prof. Otanazar Oripov men bilan suhbatda ana shu haqiqatni e'tirof etganlar). Dialektikaning inkorni inkor qonuniga ko‘ra, hozirgacha amal qilib kelgan g‘oya va mafkuraning yaroqsiz tomonlarini inkor etish, ijobiy tomonlarini davom ettirish asosida ilg‘or g‘oya dunyoga keladi. Ilmiy asosga va mantiqiy dalillarga tayanuvchi har qanday g‘oya yashovchan tabiatga ega bo‘ladi.Yuksak minbardan turib, xuddi Karimov kabi marksizm g‘oyasi va kommunistik mafkuradan rasman voz kechish bilan muammo hal etilmaydi. Yangi g‘oya hozirgacha yashab kelgan g‘oya bag‘rida shakllanadi. Kommunistlardan nafratlanishning o‘zi yetarli emas, kommunistik g‘oyaning yaroqsizligini ilmiy-nazariy jihatdan isbotlash va ularni iqror qilish zarur edi.

Diktator Karimov partiya rahbarligidan voz kechgan bo‘lsa ham kommunistik g‘oyadan voz kecha olmadi: olim va ziyolilarning kommunistik mafkuraning yaroqsizligini isbotlashlariga aslo yo‘l qo‘ymadi. Ijtimoiy fanlarga ilg‘or G‘arb mamlakatlari olimlari va faylasuflarining ilmiy g‘oyalarini o‘rganish va asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishga izn berilgan bo‘lsa-da, ijtimoiy-gumanitar fanlarning tadqiqot metodologiyasi, ilmiy dunyoqarashida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y bermadi, qizg‘in ilmiy bahs-munozaralarga yo‘l qo‘yilmadi. Hozir ham ahvol xuddi shunday.

Korruptsiya odatiy holga aylangan mamlakatda tom ma'nodagi bozor munosabatlari, mulkdorlar sinfi shakllana olmadi. Inson huquqlari, jumladan, mulkdor bo‘lish huquqi poymol etilgan mamlakatda mulkdorlar sinfi, elitar qatlam madaniyati, hayot va turmush tarzi shakllana olmaydi. O‘zbekiston mulkdorlar va tadbirkorlar mamlakati emas, balki boylar va qashshoqlar mamlakati bo‘lib qolmoqda: bir amallab hokimiyatni qo‘lga kiritish mo‘may boylik orttirishning qulay, yaqin va oson vositasi bo‘lib qolmoqda. Erkin Vohidovning korruptsiyalashgan davlat amaldorlari tilidan aytgan quyidagi she'ri fikrimizga oydinlik kirita oladi:

Biz arra tortmoqdamiz,

Arramizning tishi yo‘q.

“Nega arrang tishi yo‘q” deb

So‘raydigan kishi yo‘q.

Biz anoyi emasmiz:

Pishib ketgan ko‘zimiz.

Arra tushgan o‘sha shoxda

O‘ltiribmiz o‘zimiz.

Ijod ahli (olim, shoir, yozuvchi, san'atkor) hamma zamonlarda ham xalq manfaatlari, ozodligi va baxti uchun kurashgan, zulm, istibdod va jaholatga qarshi so‘zi, qalbi, qo‘li va ilmi bilan kurashgan.

Ishsizlik, kambag‘allik sharoitida jaholatning yangi shakllari: dabdabali to‘y qilish, 20 yillab Janubiy Koreyada, 10 yillab Rossiyada ishlab, hashamatli uylar qurish odatiy holga aylandi. Institutda kontraktda o‘qiyotgan talabalar ilm olishga emas, bir amallab diplom olishga intilyaptilar.

Biz yevropalik olim va faylasuflarning ijtimoiy taraqqiyot omillari, shaxsning jamiyat rivojidagi o‘rni va roli to‘g‘risidagi ilmiy nazariya va ta'limotlarini o‘rganishimiz, O‘zbekiston sharoitida ularni ijodiy rivojlantirishimiz hayotiy zaruriyatga aylandi. Ilg‘or ijtimoiy-siyosiy g‘oyalargina shaxs hayotining ma'nosi, mazmuni va maqsadiga aylanishi mumkin. Rim klubining asoschisi A. Pechchei ta'biri bilan aytganda, “g‘oya tufayli harakatga kelgan insonni hech narsa to‘xtata olmaydi”.

O‘zbekiston ming yillar mobaynida qishloqliklar mamlakati edi va hozir ham shunday bo‘lib qolyapti. Xonlar zamonidagi ibtidoiy, og‘ir va mashaqqatli mehnat, doimiy muhtojlik, kambag‘allik o‘zbek xalqida o‘ziga xos mentallik, faqat bir kuni bilan yashash, xudojo‘ylik va nonga sig‘inishni, sabr-toqatlilikni vujudga keltirdi. Buyuk nemis faylasufi Erix Fromm o‘zining jahonga mashhur “Ozodlikdan qochish” asarida (tarjimon Q. Ro‘zmatzoda, T., 2021) inson qancha qashshoq, ojiz bo‘lsa, qattiqqo‘l zolimga o‘z inon-ixtiyorini topshirishga va uning panohida bo‘lishga moyil bo‘lishini, uning ozodlikdan qochishi, qullikka rozi bo‘lishini ilmiy dalillar bilan isbotladi. Bu bilan mazlumlarning sabr kosasi hech qachon to‘lmasligini, hech qachon ozodlikka intilmasligini ta'kidladi. Holbuki, inson tabiatan ta'qiqlarni buzishni Odam Ato va Momo Havodan meros qilib olgandir.

So‘nggi yuz yil mobaynida O‘zbekistonda hukm surgan ommaviy qatag‘on, maxrumlik, zulm va zo‘ravonlik o‘zbek xalqi mentalitetidagi murosasozlik ko‘hna Sharq despotizmi dunyoga keltirgan “o‘ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan”, “och qornim – tinch qulog‘im”, “onangni qozi (…) xafa qilsa, arzingni kimga aytasan” singari sog‘lom aqlga va odamiylikka zid holatni, kayfiyatni yana qaytadan jonlantirdi. O‘zbek ziyolisi, olimining ijtimoiy-siyosiy faolligiga uning atrofidagilar (xotini, farzandlari, hamkasblari, qo‘ni-qo‘shni va qarindosh-urug‘lari)ning hammasi qarshi. A.I. Gertsen xuddi shu ma'noda shaxsga faqat davlatgina emas, balki jamiyat ham qarshi ekanligini alohida ta'kidlagan edi..

Tsivilizatsiya nazariyasining asoschisi Arnold Toynbiga ko‘ra, ijodkor ozchilik tarix ijodkoridir. Boshqalarga o‘xshamaydigan shaxs o‘zi mansub bo‘lgan ijtimoiy muhitni, yurtni vaqtincha tark etadi, ma'lum vaqtdan so‘ng esa o‘zi mansub bo‘lgan ijtimoiy muhitga yangicha sifat bilan qaytadi. Ana shu qonuniyat tasavvuf ta'limotida ham amal qiladi: Olloh yo‘li (tariqat)ga kirgan murid piri rahbarligida poklanish amaliyotini bajarish uchun xilvatga chekinadi, chilla o‘tiradi va nihoyat yangicha sifat bilan o‘zi mansub bo‘lgan muhitga qaytar ekan, endi unga atrofidagilar sig‘ina boshlaydilaar.

SSSRda 73 yil muttasil ravishda erkin fikrga, shaxsga qarshi amalga oshirilgan zulm, zo‘ravonlik va huquqsizlik oxir-oqibatda akademik Andrey Saxarov, shoir Muhammad Solih, Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Dadaxon Hasan singari ozodlik va mustaqillik uchun kurash qahramonlarini, buyuk shaxslarni dunyoga keltirdi.

Buyuk tarixiy shaxslargina o‘z hayoti va faoliyatini umumbashariy ma'naviy-axloqiy mezonlar bilan o‘lchashga, o‘z xalqi, Parvardigori oldida hisob berishga, ozodlikning cheksiz va abadiy borlig‘i uchun beminnat xizmat qilishga, kelgusi avlodlarni ezgulik, go‘zallik va haqiqat uchun kurashga ilhomlantiradigan boy meros qoldirishga qodirdirlar. Siz zulmatni yoritgan yashin kabi zulmatni daf etuvchi kuch-qudrat sohibi, ozodlik uchun kurashni chinakam insoniy hayotning mazmuni deb hisoblaydigan pok niyatli avlodning ideali, zahmatkash xalqimizning ma'naviy otasisiz.

O‘tgan ming yillar mobaynida turkistonlik taraqqiyparvar daholar jaholatga botgan, toj-taxt urushlaridan qonga botgan yurtni, Sizning ta'biringiz bilan aytganda, Xudoning qarg‘ishiga uchragan yurtni tashlab ketishga majbur bo‘lganlar. O‘sha ma'rifatparvar, ilmparvar ajdodlarimizning boy merosi hozirgi zamon Yevropa fani, falsafasi rivojiga xizmat qilgan. Ehtimol, bugungi qoloq va qashshoq, korruptsiya va zulm saltanat qurgan yurtni tashlab chiqib ketayotgan iste'dodli yoshlar buyuk ajdodlarimiz qismatini yana takrorlashlari mumkindir.

Insoniyat tarixining burilish nuqtalarida insonning mohiyati masalasi doimo qizg‘in bahs-munozaralar predmeti bo‘lib keldi. Mustabid sovet tuzumida tanho hukmronlik qilgan kommunistik mafkura insonning avvalo, axloqiy, imon-e'tiqodli mavjudot ekanligini inkor etishga, uning aqlli, yaratuvchan mavjudotligiga alohida urg‘u bergani holda fanning bitmas-tuganmas kuch-qudratga ega ekanligini isbotlashga, ommaviy qirg‘in qurollarini ishlab chiqarishga zo‘r berdi. Bunday xatarli dunyoqarash butun insoniyatni uchinchi jahon urushi yoqasiga olib keldi. Jahon sotsializm sistemasi va uning mafkurasi barbod bo‘lishi bilan insonning mohiyati masalasi yana kun tartibiga qo‘yila boshladi.

Yangicha dunyoqarash asoslari ozodlik uchun kurash qahramonlarining ilg‘or g‘oya va qarashlarida ilgari surila boshlandi. Aql va qalbning nomutanosibligi hozirgi zamon G‘arb jamiyatining eng og‘riqli muammolaridan biri bo‘lib, Erix Fromm o‘zining qator asarlarida Sharq ma'naviyati va G‘arb ratsionalizmini uyg‘unlashtirish, diniy, badiiy –estetik qadriyatlarni rivojlantirmay turib, insoniyat inqirozlardan, muqarrar halokatdan qutila olmasligini isbotlashga harakat qildi.

Inson o‘z Parvardigorini tanimay turib, o‘zligini anglay olmaydi, Olloh pokiza qalblardagina yashaydi. Xuddi shu ma'noda Sizning dunyoqarashingizda ro‘y bergan muhim evrilishlar falsafiy mushohadalar uchun g‘oyat muhim manba bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Darhaqiqat, insoniyat tarixidagi fojia va jahon urushlarini aqlli odamlar amalga oshirdilar. Ular xudosiz, zolim va yirtqich edilar. Bu jihatdan XX asrning eng aqlli daholari hisoblangan Stalin, Gitler qatoriga bemalol I. Karimovni qo‘yish mumkin. U o‘lib borayotgan diktatorlik boshqaruvini O‘zbekistonda qaytadan tikladi.

Mashhur ingliz faylasufi Karl Popperning butun insoniyat oldidagi buyuk xizmati shundan iborat bo‘ldiki, u o‘zining rus tiliga tarjima qilingan ikki jildlik “Ochiq jamiyat va uning dushmanlari” (M., 1992) asarida yangi jamiyat qurish uchun dohiylik da'vosini qilgan, bolshevizm va fashizm g‘oyalariga asos solgan Platon, Gegel, Marksning da'volari puch va yolg‘on ekanligini tarixiy fakt va mantiqiy dalillar bilan isbotlab, fandagi ilmiylikning yangi mezonlarini taklif etdi. Uning ta'lim berishicha, dohiylarning shak-shubhaga o‘rin qoldirmaydigan g‘oya va ta'limotlarining fanga aslo aloqasi yo‘qdir. Fanning vazifasi kelajakni bashorat qilish emas, balki mavjud muammolarning kelib chiqish sabablarini o‘rganish va ularni oqilona hal etish uchun takliflar berishdir. Shubhalanishga yo‘l qo‘ymaslik, boshqacha fikrlashga toqatsizlik sovet totalitarizmining muhim sifatiy belgisi sifatida Mustaqil O‘zbekiston fani va falsafasida gullab-yashnashda davom etdi.

Hamma zamonlarda ham jamiyat ikki qutbga – ko‘pchilikni tashkil etuvchi omma (avom)ga va ijodkor ozchilikni tashkil etuvchi elitar qatlam – xoslar ahliga bo‘lingan. Marksizmga zid o‘laroq Arnold Toynbiga ko‘ra, ijodkor ozchilikni tashkil etuvchi elitar qatlam (ziyolilar, mulkdorlar, tadbirkorlar, professional san'atkor, siyosatchi, huquqshunos va axloqshunoslar) tarix ijodkorlaridir. Avom esa ularga ergashuvchi, taqlid qiluvchilardir.

XX asr boshlarida Turkiston mustaqilligi va ozodligi uchun, zulm, istibdod va jaholatga qarshi siyosiy kurash maydoniga chiqqan jadidchi ziyolilarning barchasi mulkdorlar sinfining ilg‘or vakillari edilar. Korruptsiya va poraxo‘rlik gullab-yashnagan mustaqil O‘zbekistonda siyosat jilovdorlari mulkdorlar sinfi, elitar qatlamning shakllanishiga yo‘l qo‘ymadi.

Ahli xoslar (elitar qatlam) negizini ilm-fan, san'at, madaniyat, huquq va siyosat arboblari tashkil etadilar. Ularning tarixiy vazifasi ilmsiz, huquqsiz, qashshoq xalqni zolimlar istibdodidan himoyalash, ijtimoiy adolat va haqiqatning tantanasi uchun kurashdir. Iqtisodiy erkinlik, siyosiy faollik, ilm-fandagi plyuralizmga tubdan qarshi bo‘lgan totalitar boshqaruv sharoitida “Uchinchi Renessans” barpo etish, jadidchilik g‘oyalarini rivojlantirish va hayotga tatbiq etish quruq safsatadan boshqa narsa emasdir.

“Muhtojlik muqaddas qadriyatlarni haqoratlaydi”, – deydi Gegel. Ana shu haqiqat Mustaqil O‘zbekistonda o‘zining naqadar chin ekanligini namoyish eta boshladi. O‘zbekistonda barcha ma'naviy qadriyatlar (fan, din, san'at, siyosat, huquq va h.o.) bir amallab tirikchilik o‘tkazish, yashab qolish, yulib qolish vositasidir.

Zohiran hammasi go‘zal: ibodat qilish ham, ta'lim, sport, fan, madaniyat, ko‘cha yoqalaridagi gulzorlar… biroq bularning bari sun'iy, qalbaki va soxta ekanligini hamma biladi! Ibodat bilan bab-baravar firibgarlik, yolg‘on, faxsh, poraxo‘rlik, jaholat gullab-yashnayapti. Hech kimga ishonch, rostgo‘ylik va samimiyat yo‘q, hammaning ichi to‘la dard. Ertaga nima bo‘ladi, degan savolga hech kim javob berishni xohlamaydi.

Ijtimoiy ongdagi munofiqlik, ikkiyuzlamachilik “mahalla” deb ataladigan institutda to‘la namoyon bo‘ldi: mahalla bir vaqtning o‘zida ham mahalliy hokimiyat organi (mahalla raisi hukumatdan maosh oladi), ham o‘z-o‘zini boshqaruvchi grajdanlik jamiyati instituti. Davlat hokimiyati mahalla orqali oila institutining ichki hayotiga faol aralasha boshladi. Prezident qaysi viloyatga tashrif buyursa, oilalarga kirib, oila boshlig‘iga nimadan qanday daromad qilish, yerdan qanday foydalanish, parranda boqishning afzalliklari haqida dono maslahatlar beradi. Boshqacha qilib aytganda, mamlakat prezidentidan to qishloq oilasigacha bo‘lgan avom o‘z vazifasi nima ekanligini bilmaydi. Hamma sohaga bosh suqish, hammaga aql o‘rgatish sovet dohiylaridan o‘zbek diktatoriga meros bo‘lib o‘tgan “donishmandlik”dir. Qullik, qashshoqlik, mulksizlik va qo‘rquv hukm surgan mamlakatda ahvolning boshqacha bo‘lishi ham mumkin emas.

Prezident Sh. Mirziyoev davrida mahalla raisligiga IIB, Prokuratura singari kuch ishlatuvchi tarkibning iste'fodagi xodimlari “saylana” boshladi, o‘rta umumta'lim maktablarini qo‘riqlash, maktablarda tartib –intizom o‘rnatish uchun Milliy gvardiya xodimlari jalb qilina boshlandi. Bir so‘z bilan aytganda, mahallani ham, ta'lim muassasalarini boshqarishni ham politsiyachilar egallay boshladilar. Lekin bu bilan mamlakatdagi ahvol yaxshi tomonga o‘zgargani yo‘q.

O‘zbekiston sharoitida beshta qo‘g‘irchoq partiya hukumatga sadoqat bilan xizmat qilgani singari hukumat tomonidan tayinlangan jome masjid imomlari ham siyosatga sadoqat bilan xizmat qilish uchun dindorlarni sabr-toqatli bo‘lishga, shukr qilishga va fikr qilmaslikga undayaptilar. Bir kuni bilan yashayotgan ishsiz, kambag‘al va mulksiz avom shunday ahvolda o‘lmagani uchun har kuni besh mahal Ollohga shukr, sabr qilyaptilar.

O‘zbekistonda korruptsiyalashgan davlat boshqaruvining mutlaqlashtirilishi davlat institutining substantsional mohiyati buzilishiga olib keldi va bu bilan buyuk nemis faylasufi Gegelning “nimaiki mutlaqlashtirilsa, o‘zining ziddiga aylanadi”, degan xulosasining naqadar haq ekanligini tasdiqladi.

O‘zbekistonda ozodlik va mustaqillik kurashchilarining siyosiy ong va tafakkurida ojizlik va qoloqlik, siyosiy nazokat (diplomatiya) va madaniyatning, siyosiy tajriba va malakaning yetishmasligi – ana shularning bari diktator Karimovga siyosiy zulm va zo‘ravonliklarni amalga oshirishi uchun imkon berdi.

Siyosiy zulm va zo‘ravonliklarga qarshi inson huquqlari va shaxs erkinliklari uchun xizmat qiladigan Konstitutsiya millatning ma'naviy otalari tomonidan yaratilsagina, uning o‘zgartirilishiga yo‘l qo‘yilmasagina davlat instituti ijtimoiy barqarorlikni ta'minlovchi, xalq manfaatlari va ijtimoiy taraqqiyot uchun xizmat qiladigan milliy qadriyatga aylanishi mumkin. Buning uchun O‘zbekistonga Siz kabi shaxslar kerak, xalq ziyolilari esa ana shunday shaxslarni voyaga yetkazish, avaylab-asrash va qo‘llab-quvvatlashni bilishi kerak.

Aziz va muhtaram janob Muhammad Solih! Mening ushbu maktubimga tanqidiy nuqtai nazardan yondashishingizni iltimos qilaman. Men bugungi O‘zbekiston falsafasining og‘riqli muammolari haqida muxtasar fikr yuritishga harakat qildim. Meni bunga Sizning  Istanbulda chop etilgan 13 jildli “Kulliyot”ingizdan olgan taassurotlarim turtki berdi. Bunday yondashishdagi xato va kamchiliklar haqida qimmatli fikr va mulohazalaringizni bildirasiz, deb umid qilaman.

Sizga Yaratgandan mustahkam sog‘lik, uzoq va mazmunli umr, ijodiy faoliyatingizda omadlar tilab, kamoli ehtirom bilan Sizga intiluvchi Qodir qulingiz Ro‘zmatzoda.

2025 yil 22 may. Farg‘ona viloyatining Chimyon qishlog‘i.

O‘zim haqimda qisqa ma'lumot: 1953 yil 21 mayda Chimyon qishlog‘ida kolxozchi-dehqon oilasida dunyoga keldim. Farg‘ona davlat pedinstituti (hozirgi FarDU)ning kunduzgi O‘zbek tili va adabiyoti fakulteti (1977)ni imtiyozli va tarix (sirtqi) fakulteti(1982)ni tamomladim. !972-1974 yillari armiyada xizmat qildim. 1988 yili Toshkentda “Mehnat madaniyatining rivojlanish jarayoni dialektikasi” mavzuida nomzodlik, 2020 yili “Hojamnazar Huvaydoning tasavvufiy qarashlari” mavzuida falsafa fanlari doktori ilmiy darajasini olish uchun doktorlik dissertatsiyamni (O‘zMU) himoya qildim. Ulug‘ ustozlarimning ibratli hayot yo‘li va insoniy fazilatlari haqida 10 ga yaqin ilmiy-publitsistik kitoblar chop etdim. Erix Frommning “Ozodlikdan qochish” (T, 2021) va Aleksandr Knishning “Musulmon tasavvufi” (T., 2022) asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilganman. 2021 yilgacha oilam bilan yashab, uch o‘g‘ilni tarbiyaladim, hammasi oliy ma'lumotli. Butun ongli hayotim siyosiy zulm va totalitarizmga qarshi isyon bilan o‘tdi va o‘tyapti. Hozir qishloqda yolg‘iz yashayapman. Boshimga tushgan barcha ko‘rgilik va yomonliklar yaxshilikka aylandi. Zolimlar meni qancha yerga ursalar, Ollohim meni shuncha yuksaltirdi. Meni ikki marta institutdan chetlatdilar, har safar yuqori ilmiy daraja va insoniy sifat bilan institutga qaytdim. Shu bois Ollohimga shukr, deyman.

Tag‘in o‘qing
24 march 2017
23 mart kuni futbol bo‘yicha Jahon chempionatining saralash bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi Suriyaga yutqazdi. Ancha sust kechgan o‘yin yakunida ...
3 september 2016
O‘zbekiston musulmonlar idorasi toshirig‘i bilan respublikaning barcha masjidlarida Toshkent vaqti bilan 13 dan 20 daqiqa o‘tganida Islom Karimovning janozasi ...
13 may 2017
ToshDUning jurfagida biz 1988-1993 yillarda o‘qidik. Rahmatli domlamiz professor Ochil Tog‘aev publitsistikadan dars berardilar. Domlaga nisbatan ko‘pchilik talabalarning hurmati ...
13 august 2024
Ukraina Rossiya hududlarini egalladi. Bangladeshda diniy nizolar kuchaydi. AQSh shimolida to‘fon. Yunonistonda o‘rmonlar yonmoqda. Shvedlarni so‘kkan o‘zbek mulla Abror Abdazimov ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...