QAShQADARYoLIK URUG‘LIK G‘ALLA YeTIShTIRUVChI FYeRMYeRLARNI KIM XONAVAYRON QILYaPTI?
Qashqadaryoda urug‘lik g‘alla yetishtiruvchi fermerlar xonavayron bo‘lmoqda. Fermerlar viloyat hokimining qishloq xo‘jalik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Uzoqovning xurmacha qiliqlaridan aziyat chekmoqda. Bu janob amaldagi yilda (doimo urug‘lik g‘alla yetishturuvchi fermerlarga qarshi har xil nayranglarni o‘ylab topadi) ham aprobatsiya jarayonini g‘alla o‘rim -yig‘im davrida bajarishga ko‘rsatma berib, o‘zi bunga bosh bo‘lgan holda viloyat bo‘yicha 1500 gektar maydondagi urug‘lik g‘allani yaroqsiz, deb fermerlarga katta zarar yetkazdi.
Viloyat bo‘yicha 8ming 500 gektar maydonda urug‘lik don yetishtirilgan bo‘lsa, shundan 29 ming tonna hosil kutilayotgandi. Hozirda urug‘likka yaroqsiz deb topilgan g‘alla maydonlari hisobidan 7 ming tonnaga yaqin kam miqdorda urug‘lik g‘alla qabul qilinadigan bo‘ldi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruhi dalama-dala kezib, fermerlarni qon qaqshatdi. Urug‘likni rivojlantirish markazining savodsiz mutaxassislari Sobir Cho‘lliev va Hayrulla Xushvaqtov Uzoqovga sallaga qo‘shib kallani ham olib kelishdi.
Aprobatsiya jarayonlarida ko‘proq kim iltifot ko‘rsatsa, shunga beg‘araz yordam berildi. Ayniqsa, bunda piyonista va muttaham Xushvaqtovning xizmatlari katta bo‘ldi. Faqat choyxona usulini yaxshi ko‘radigan, bu sohaga adashib kelib qolgan Xushvaqtov malumotlarni rahbarlarga o‘zi bilganicha yetkazdi.
Bundan tashqari, yuqori avlodli g‘alla navlarining avlodini tushirishga ham erishdi. Ishchi guruhining qolgan azolari ham shu ikkisining og‘ziga qarab o‘tiradi. Achinarlisi, bu yil yetishtirilgan urug‘lik g‘allaning avlodiga qarab to‘lanadigan ustama haq ham 60-80%ga tushirildi. Bu ham urug‘lik don yetishtiruvchi fermerlarga katta zarar yetkazadi.
Fikrimizcha, aprobatsiya aslida may oyida g‘alla pishib yetilgunga qadar o‘tkazilishi kerak. Afsuski, bu ish g‘alla o‘rim davrida amalga oshirilyapti. Viloyat uchun zarur bo‘lgan 7 ming tonna miqdoridagi urug‘lik g‘allani janob Uzoqov Rossiyadagi tanishlari orqali olib kelarmish.
Buning zamirida manfaatlar to‘qnashuvi yo‘q deb hech kim kafolat bermaydi. Shu o‘rinda viloyat mavjud ikkita elita urug‘lik va bitta xususiy elita urug‘lik xo‘jaliklari ko‘rgazmaga tashkil qilinganmi?
Ular viloyatdagi urug‘lik bilan shug‘ullanuvchi fermerlarni sifatli urug‘lik don bilan ta'minlashi kerakmasmi?! Otning kallasiday oylik oladigan Janubiy dehqonchilik institutining olimu, tadqiqotchilari laylak haydab yuribdimi? Natija bermasa, yopish kerak. Davlatning katta miqdordagi mablag‘i shularga sarflanayapti-ku.
