Asosiy mavzular
7 july 2025

Umida Niyazova: Qonunsizlik tuzog‘ida: Karimova ishi ortidagi sud-huquq muammosi

Gulnora Karimova taqdiri endilikda ko‘pchilik uchun qiziq emasdek tuyulmoqda. Uning hibsga olinishi yuzasidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi qisqa bayonot berib, uning mamlakatga 1,3 milliard dollar miqdorida zarar yetkazganini bildirgan edi, ammo mamlakat ichidagi jinoyat ishlariga oid tafsilotlarni hech kim bilmaydi.

Karimovaning huquqlarini bir necha yillardan buyon himoya qilib kelayotgan shveytsariyalik advokati 2019 yili O‘zbekistonga kirishdan mahrum qilingan. U BMTning O‘zboshimchalik bilan qamoqqa olish bo‘yicha ishchi guruhiga murojaat qildi. Bu ishchi guruh dunyodagi avtoritar davlatlarda faollarni noqonuniy qamoqqa olishga e'tibor qaratish uchun inson huquqlari tashkilotlari ko‘p bora murojaat qiladigan organlardan biri hisoblanadi. Yaqinda ushbu ishchi guruh Karimovaning huquqlari qo‘pol ravishda buzilgani va uning qamoqqa olinishi noqonuniy ekanini bildiruvchi xulosa chiqardi. Yaqinda BMT Ishchi guruhi Gulnora Karimova adolatli sud muhokamasi bo‘yicha barcha huquqilardan mahrum qilingani va uning hibsga olinishi o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilgani haqidagi xulosaga keldi.

Gulnora Karimova 10 yildan ortiq qamoqda saqlanayotgan bo‘lsa-da, uning taqdiri faqat farzandlarinigina qiziqtiradi. Ammo BMTning bu qaroridan O‘zbekistondagi sud-huquq tizimining qay darajada og‘ir holatda ekani ko‘zga tashlanadi. Bu alohida xavfli hudud — bu yerda hech qanday qonun-qoidalar yo‘q, rahm-shafqatsiz janglar kechadi, bu O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlaridagi jinoiy tartib-tamoyillar haqida. Hozircha davlatning marhamatidan bahramand bo‘lib yurgan tadbirkorlar bundan jiddiy saboq chiqarishi lozim, chunki bu holat juda tez o‘zgarishi mumkin. Bunday holatlarga misollar juda ko‘p.

Karimova tarixida e'tiborga molik jihat shundaki, u nafaqat O‘zbekiston ichida, balki chet ellarda ham yetarlicha isbotlanadigan jinoyatlar sodir etgan. Uning jinoyatlarini tergov qilib, qonuniy yo‘llar orqali sud tartibida ko‘rib chiqish mumkin edi. Karimova aybdor bo‘lgan barcha korruptsiyaviy ishlarni ochiq va adolatli sud muhokamasi orqali ko‘rib chiqish jamiyatni biroz sog‘lomlashtirishi, jamiyatni uning hamtovoqlaridan tozalashi, jabr ko‘rganlarga yetkazilgan zararni qoplashga yordam berishi va xalqaro investorlar tomonidan O‘zbekiston sud tizimiga bo‘lgan ishonchni oshirishi mumkin edi.

Biroq o‘zbek «adolat» tizimidagi maqsad Karimovaning korruptsiyaviy jinoyatlarini fosh etish va aybdorlarni jazolash emas edi. Asosiy maqsad uni butunlay izolyatsiya qilish va hech qanaqasiga uning gapirishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘lgan. Ochiq munozarali sud jarayoni har qanday jinoyatda ayblanayotgan shaxsning o‘zini himoya qilish, sudda chiqish va o‘z dalillarini bayon etish huquqini nazarda tutadi. Agar bu jarayon tegishli huquqiy tartib-qoidalarsiz o‘tkazilsa, bu sud emas, balki mafiyaviy hisob-kitobdir. Karimova esa hech qanday holatda gapirmasligi kerak edi, ayniqsa ommaviy ravishda. BMTning ishchi guruhi chiqargan qaror ortida esa O‘zbekistonning mutlaqo nomustaqil va nosog‘lom huquqni muhofaza etish va sud tizimining chuqur muammolari yashiringan.

Karimova o‘z otasi tomonidan qurilgan va unga hamda uning oilasiga xizmat qilishi kerak bo‘lgan, ammo oxir-oqibat o‘ziga qarshi ishlagan qonunsizlik tizimining qurboniga aylandi. Ehtimol, unga hech kim achinmayotgandir. Biroq muammo shundaki, O‘zbekistonda shunday tizim shakllanganki, unda korruptsionerlar qamaladi, ammo korruptsiya kamaymaydi. Karimovaning adolatli va ochiq sudsiz, uzoq yillar qamoqda qolishi amalga oshmagan adolat tizimining yomon an'anasini davom ettiradi.

BMTning maxsus ishchi guruhi qaroridan:

Karimova 2014 yil 14 fevralda hibsga olingan. Unga hibsga olinishi asoslarini ko‘rsatuvchi hech qanday hujjatlar taqdim etilmagan. U 18 oy davomida, 15 yoshli qizi bilan birga, tashqi dunyo bilan hech qanday aloqa o‘rnatish huquqisiz, uy qamog‘ida saqlangan. Bu davr mobaynida uning qizi maktabga bora olmagan. Karimovaning hibsga olinishi yuzasidan biror sud organiga shikoyat qilish imkoniyati bo‘lmagan, unga ish materiallari taqdim etilmagan, guvohlarni so‘roq qilish, advokat yordami olish huquqi berilmagan.

2015 yil 21 avgust kuni Karimova sudi bo‘lib o‘tdi – uning oshxonasida. Sud jarayonida tayinlangan ikki nafar advokat ishtirok etgan, ammo Karimova ular bilan oldindan hech qanday muloqot qila olmagan. Mazkur “oshxonadagi sud” uni tashqi dunyo bilan butunlay aloqani taqiqlagan holda 5 yillik uy qamog‘iga hukm qilgan.

2016 yil noyabrda esa uning shveytsariyalik advokati Karimova bilan uchrashishga muvaffaq bo‘ldi. Advokat bilan uchrashuvdan bir kun oldin “prokuror Karimova xonimni qo‘pol tarzda qo‘lidan siqib, ertasi kuni u nima demasligi kerakligini bilishini aytgan. Bu voqeadan so‘ng Karimovaning qo‘lida 8 santimetrli katta ko‘karish izi qolgan. O‘zbekiston hukumati Karimovaga shveytsariyalik advokati bilan suhbatlashishni ta'qiqlagan».

2017 yil 18 dekabrda Karimova Toshkent viloyati sudiga olib kelingan va unga nisbatan yana bir qator jinoyatlar bo‘yicha ayblov e'lon qilingan. Ikkinchi sud jarayoni paytida bayonnoma yuritilgani ma'lum emas. Ma'lumotlarga ko‘ra, Karimova o‘sha paytgacha hech qachon ko‘rishmagan advokat orqali himoya qilingan. Sudgacha bo‘lgan jarayonlarda Karimova ishtirok etmagani ham ta'kidlangan. Aytilishicha, u shikoyat arizasi berish yoki sudga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan, yoki unga bu imkoniyat umuman berilmagan. Shuningdek, sud yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan, garchi bunday tartibni asoslovchi aniq ayblovlar yoki asoslar bo‘lmasa-da. Sud Karimovani 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilgan va u 2018 yil yanvar oyida Toshkent viloyatidagi jazoni ijro etish koloniyasiga ko‘chirilgan.

“2018 yil 11 va 12 oktyabr kunlari Toshkentda Karimova xonimning uchinchi davlatdan kelgan advokati tomonidan amalga oshirilgan so‘nggi tashrifi paytida O‘zbekiston rasmiylari uchrashuvlarga to‘sqinlik qilgan. Hukumat organlari uchrashuvlarni muntazam kechiktirgan, bir necha bor ularni to‘xtatgan va rejalashtirilgan muddatdan oldin majburan yakunlagan. Bu kabi ko‘plab to‘sqinliklar natijasida ikki kun davomidagi uchrashuvlarning umumiy vaqti 3 soat 15 daqiqadan oshmagan. Karimova va uning uchinchi davlatdan bo‘lgan advokati ushbu uchrashuvlar davomida erkin muloqot qila olmagan, chunki ular suhbatlar yozib olinayotgani yoki tinglanayotganidan xavotirda bo‘lishgan».

2019 yil sentyabr oyida Gulnora Karimovaga uchinchi bor ayblovlar paketi taqdim etildi. Unga o‘z xohishiga ko‘ra ikki nafar advokatni tanlash huquqi berildi, ammo bu advokatlar uni to‘liq himoya qilib bera olmadi, chunki ular O‘zbekiston hukumati tomonidan qattiq bosimga uchragan va hanuzgacha shunday bosim davom etmoqda. 2020 yil 18 mart kuni Karimova davlat mablag‘larini o‘zlashtirish va boshqa qator jinoyatlarda aybdor deb topilib, 13,4 yil ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilindi.

“2019 yil 12 iyundan boshlab Karimova xonimga uchinchi davlatdan bo‘lgan o‘z advokati bilan uchrashishga ruxsat berilmayapti. 2019 yil dekabrda O‘zbekiston hukumati mazkur advokatni 2024 yil 31 dekabrgacha O‘zbekistonga kirishini ta'qiqlash haqida qaror chiqardi. Bu qaror, ayni paytda, ushbu advokat ijtimoiy tarmoqlarda Karimova xonimning huquqlari O‘zbekiston hukumati tomonidan tizimli ravishda buzilayotgani haqida bayonotlar berganidan so‘ng qabul qilingan. O‘zbekiston rasmiylari bu bayonotlarni «buzg‘unchi xatti-harakatlar» va «yolg‘on ma'lumotlar tarqatish» deb baholagan hamda Bosh prokuraturani Karimovaning uchinchi davlat advokatiga keyinchalik u bilan uchrashishga ruxsat berilmasligi haqida xabardor qilgan”.

Hozirgi vaqtda Gulnora Karimova Zangiota koloniyasida saqlanmoqda. U hali ham to‘liq izolyatsiyada saqlanib, pochta yoki telefon orqali xabarlashish huquqiga ega emas, hatto o‘z oila a'zolari bilan ham telefon orqali muloqot qilishi mumkin emas.

Yuqorida keltirilgan holatlar asosida BMTning O‘zboshichmalik bilan hibsga olishlar bo‘yicha ishchi guruhi quyidagicha xulosa chiqardi:

Gulnora Karimovani ozodlikdan mahrum qilish – Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3, 8, 9 va 11-moddalari hamda Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 2, 9 va 14-moddalariga zid ravishda – noqonuniy deb topiladi.

Tag‘in o‘qing
11 january 2021
Haqiqiy islohotlar erkin fikrlovchi va tanqidchilarni tor-mor etish emas, balki ularni rag‘batlantirish va hatto qamrab olish orqali amalga oshiriladi. ...
7 november 2025
Xorazmda mobil qurilmalarga APK virus fayllarini tarqatish orqali fuqarolarning plastik kartalaridan pul mablag‘larini o‘g‘irlab kelgan shaxslar guruhi qo‘lga olindi. ...
4 may 2023
Salom qadrli muhlislar. Eltuz portaliga kelgan navbatdagi 5 ta shikoyatni o‘qib eshittiramiz. Maktublar Qozog‘iston va O‘zbekistonning Qashqadaryo, Surxondaryo, Toshkent, ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...