Asosiy mavzular
8 september 2025

«Gulnor» 2-qism, Toshkent bilan yuzlashuv

Axmad Beyjon Erjilosun

Toshkent bilan yuzlashuv

Uchoq pastlay boshlaganda quyosh nurlari O‘g‘uzning yuziga tushdiva ko‘z qaboqlarini oraladi. Ozgina mudragan ekan. Uchoq sharqqa qarab ucharkan, quyoshning izidan yetib olgandi go‘yo. O‘g‘uz shu topda umrining eng qisqa kechasini yashagan edi.

O‘ng tarafda, oldinroqda o‘tirgan Oysha xonimning ko‘zlari hamon yumuq edi. Somiy Oshqin esa darchadan osmonni tomosha qilardi. Uning yonidagi Eryigit domla ham. O‘rxon Nodiy esa Oqtosh professor To‘raga bir narsani tushuntirayotgandi, lekin Tarik To‘ra unga uncha e'tibor bermasdi. O‘g‘uzning yonida o‘tirgan Komilxo‘ja xamon teran uyquda edi, sal yonga qiyshaygan ham edi.

Professor Oydamir uchoqning old qismida oyoqda turib, styuardesa qizlar bilan gaplashib turardi. Keyin u ortga qarab yurdi va Komil Arslonning yelkasiga qo‘lini qo‘ydi:

–Uyg‘on, Komil, yarim soatdan so‘ng Toshkentda bo‘lamiz!, — dedi.

Komil Arslon bilan birga professor Oysha Qilich ham uyg‘ondi. So‘nar Oydamir ularga qarab xitob qildi:

–O‘h-o‘, bularga qarang, umrlari uyquda kechayapti. Yillarcha biz bu fursatni kutmaganmidik? Qani, turing, bir ozdan so‘ng Toshkent bilan yuzlashamiz!

O‘rxon Nodiy Oqtosh oraga kirdi:

– Sen qaysi fursatni kutganding, o‘g‘lim. Asli kutgan Mahmat. Unga qara, Ko‘zlarini darchadan ololmayapti. Nihol Otsizning romanlarini ilk bor o‘qiganidan beri O‘rta Osiyoni orzu qiladi sho‘rlik. Men aminmanki, hozir u o‘zini Bug‘u Alp o‘rnida his qilayapti.

Professor Eryigit O‘rxon Nodiyga sekin qayrilib qaradi va yengil tabassum bilan javob bergan bo‘ldi.

– Sen “Bo‘zbo‘rining o‘limi” romanini qachon o‘qiganimni bilasanmi? Sizlar ko‘chada chillak o‘ynagan paytingizda biz roman o‘qir edik, o‘g‘lim, — dedi So‘nar Oydamir hazillashib O‘rxon Nodiyga.

O‘g‘uz Duman bu domlalarni jiddiy odamlar deb tasavvur qilgandi. Chillak o‘yini haqidagi so‘zlar ular bilan yanada samimiyroq aloqa o‘rnata olishiga bir ishorat edi. Mana, Oydamir xo‘ja unga qoqitayapti:

– Qarang, bu yerda O‘g‘uz bor. Ichimizda eng omadlisi shu. Hech orzu-xayol qilmasdanoq “gup” etib O‘rta Osiyoga borib tushayapti. Shunday emasmi?

– Albatta, omadliman, xo‘jam. Yana ikki karra omadliman. Sizlar bilan birga bo‘lish yana bir omad dedi ustozining gaplaridan ruhlanib O‘g‘iz Duman.

– Menga qara, So‘nar, nima qilsang ham bu bolaning axloqini buzolmaysan. Sening dag‘al so‘rovlaringga berayotgan adabli javoblariga qara! — dedi sal kinoya bilan professor Eryigit So‘nar Oydamirga yuzlanib.

O‘g‘uz yengil tabassum qildi. Ichida So‘nar xo‘jani haqli deb sanardi. Agar So‘nar xo‘ja shunday ochiq-sochiq gaplashmaganida o‘zini ustozlariga yaqin his etolmasdi. Aslida, professor Eryigitni “gapirtirgan” ham So‘nar xo‘ja edi.

Yo‘lovchilar kamarlarini taqdilar. Uchoq Toshkent ustida pastlay boshladi. Darcha yonida o‘tirganlar ko‘zlarini pastga tikishgandi.

O‘g‘uz tag‘in belidagi kamarini ushlab qo‘ydi. Aslida u shu topda Toshkentga parashyutda sakrashni xoxlardi.

Uchoq to‘xtaganida yo‘lovchilarning bir qismi qo‘zg‘olib o‘rnidan turdi. O‘rxon Nodiy bilgich ovoz bilan ularga saslandi:

– O‘tiring, og‘aynilar baribir faqat yarim soatdan keyingina uchoqdan tusha olasizlar.

Haqiqatan ham, yo‘lovchilar yarim soat uchoqda o‘tirishga majbur bo‘ldilar. Uchoq havoda ekan, zerikmagan odamlar uchun shu o‘ttiz daqiqa bir qiynoqqa aylangandi.

So‘nar Oydamir Somiy Oshqinga dedi:

– Yetar o‘g‘lim, shuncha tashqariga qaraganing, biz tomonga ham qarab qo‘y, yuzingni ko‘raylik!

O‘rxon Nodiy piching qildi:

– Somiyni gapirtirolmaysan. U hozir Toshkentda qancha pul xarjlayajagini o‘ylayapti.

Shu yerda Somiy Oshqin ortiq chiday olmay gapirib yubordi:

– Bu O‘rxon doim shunaqa, dedi u va O‘rxonga o‘girilib, — sen o‘z ishingga qarasang-chi, o‘g‘lim!

Lekin O‘rxon Nodiyning chindan ham “o‘zi bilan ishi yo‘qday edi”. Uning yuzidagi chiziqlar o‘zidan mamnun ekanini ko‘rsatib turar, hazilkashlikni davom ettirish uchun do‘stlardan ko‘mak istardi go‘yo.

O‘g‘uz bu paytda domlalariining o‘zaro munosabatlari haqida o‘ylar, ularning bir-biriga yaqinlik darajalarini o‘lchab ko‘rishga harakat qilardi. 

Komil xo‘ja, O‘rxon Nodiy va Comiy Oshqin Istanbuldan bo‘lib, bir bo‘limda ishlardilar. Oysha Qilich, Tariq To‘ra va Mahmat Eryigit anqaralik edilar. Co‘nar xo‘ja esa Elazik yoki Qaysaridan edi. Ammo domlalarning bir-biriga yaqinligi ular yashagan yerga aslo bog‘liq emasdi. O‘rxon Nodiy bilan So‘nar Oydamir bir-biriga ancha yaqin edilar. Ko‘p gaplashishmasa-da, Eryigitning ham ularga yaqinligi sezilib turardi. Ularning yoshlari ham yaqin edi zotan. Oysha xonim ularning hammasiga bir xil uzoq va bir xilda yaqin edi. Hamma Oysha xonimni qattiq hurmat qilar, ammo bu ularning olima ayolga bo‘lgan samimiyatiga xalaqit bermasdi.

Tariq To‘ra hech kim bilan gaplashmasdi. U huddi bu guruhda ekanidan pushaymon edi, yoki bu guruhdagilarga nisbatan mensimaslik bor edi unda.

O‘g‘uz shular haqida o‘ylarkan, odamlar uchoqning chiqish eshigiga qarab yo‘naldi. Zinapoyaga ilk qadam tashlagan So‘nar xo‘ja edi. U chuqur nafas olib “oh!”, deb yubordi. Eryigit Oysha xonimga zinapoyadan tusharkan yordamlashgan bo‘ldi. Sal narida hay'atni kutayotgan bir guruh kishilar turardi. Ba'zilarining ko‘lida gullar bor edi. Milliy kiyim kiygan ikkita qiz yumaloq nonni ko‘tarib turishardi. Bir yosh yigit ko‘tarib turgan karton qog‘ozda “Xalqaro Turkologiya Konferentsiyasi”, deb yozilgandi. O‘rxon Nodiy oldinga chiqib:

– Bu yoqdamiz, do‘stlar!, — dedi ko‘tayotganlarga xitoban va mezbonlardan o‘rta yoshdagi bittasining qo‘lini siqib, o‘zini tanishtirdi. Keyin boshqa bittasiga o‘girildi:

– O‘-o‘, Abdurahmonov, bu yerda ham ko‘rishmoq bor ekan taqdirimizda, — deya Abdurahmonovni quchoqladi. Keyin o‘z vazifasini eslab, turk hay'atidagi olimlarni o‘zbek mezbonlarga bitta-bitta tanishtirdi. O‘sha yumaloq nondan bir parcha sindirib, tuzga botirdi va og‘ziga otdi:

– Shukri Elchinning “tuz-ekmak haqqi” nomli maqolasi esingizda bormi?, — dedi u va har kimning qo‘lidan ushlab, nondan sindirishga undadi. Ayni paytda o‘zbeklarga Elchin xo‘janing o‘sha maqolasini tushuntira boshladi.

O‘zbeklar gullarni professor Oysha Qilichdan boshlab, hammaga ulashib chiqdi.

O‘g‘uz Duman professor Eryigit xo‘jani zimdan kuzatib turardi. Olimning ko‘zlari namlanganday tuyuldi unga. Mahmat Eryigit atrofiga bir hasrat bilan boqardi.

So‘nar xo‘ja esa yerdan bir chechak gul topdi va uni sumkasiga soldi.

Hamma avtobusga mindi. 25 yoshlardagi 5-6 ta yigit-qizlar avtobusning oldingi o‘rindiqlariga o‘tirib, o‘zlarining aspirant ekanliklarini, mehmonlarga “yo‘l ko‘rsatuvchi” bo‘lishlarini bildirishdi. Ulardan biri ingliz tilida yo‘ldagi bino va boshqa narsalar haqida bilgi bera boshlagandi, So‘nar Oydamir uning so‘zini bo‘lib dedi:

–O‘zbekcha gapiraver, biz yaxshi anglaymiz.

Shundan so‘ng yo‘l ko‘rsatuvchi tutilib-tutilib og‘ir og‘ir o‘zbekcha gapirib, tushuntira boshladi.

O‘g‘uz Dumanning ko‘zi Tariq To‘raning achchiq nigohiga tushdi. Bu odam Oydamirning dakkisidan mamnun bo‘lmagandi.

Birdan Komil xo‘janing ovozi yangradi:

–Bizning O‘rxon domla qaerda, ko‘rgan bormi og‘aynilar?

–Sen tashvishlanma, u ishning ko‘zini biladi. Allaqachon prezidentning aravasiga minggan bo‘lsa ajab emas, — dedi professor Oshqin.

Siz turk yozuvchisi Axmad Beyjon Erjilasunning Gulnor romani audiokitobi ikkinchi qismini tingladingiz. Davomini Eltuz kanalining kelgusi yoyinida kuzating. 

Tag‘in o‘qing
26 november 2024
Birlashgan Arab Amirliklari rasmiylari dushanba kuni bu mamlakatda yahudiy ravvinini o‘ldirishda gumon qilingan uch nafar shaxsni aniqladi. Aytilishicha, ular O‘zbekistondan ...
23 december 2019
Taniqli siyosatchi va shoir Muhammad Solih “Begona” filmining 9-qismida prezident saylovida muxolifidan ko‘proq ovoz qozongani bois, saylov natijalarini soxtalashtirishga ...
13 may 2016
Maxallaning sirini yuqoriga sim qoqib turadigan kampirlarga mahallalarning diniy ma'rifat va ma'naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi ato qilindi. ...
30 april 2021
Orzu qanotida  ëshlik ham o‘tdi Xuddi tong tumani ë uyqu misol. Ko‘krak qafasida Erk qushim, Cho‘tir istibdodning tagida  Patlari ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...