Angren ko‘mir omborlaridagi chang 50 ming aholini zaharlamoqda
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Angrenda joylashgan 13 ta ko‘mir omborining changi va kuli 11 ta mahalladagi fuqarolarning hayotini og‘irlashtirgan. Nafas qisilishi va onkologik kasalliklar tez-tez uchrayotgani aytilmoqda. Aholidan 40 dan ortik rasmiy shikoyat kelib tushgan.
2025 yil iyun oyida o‘sha paytdagi ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov rahbarligida omborlarni ko‘chirish bo‘yicha ishchi guruh tuzilgani, tadbirkorlarga 5 km uzoqroqdagi 23 gektar yer berilishi aytilgani ma'lum. Biroq ortidan aniq natija ko‘rinmagan. Omborlar hamon ko‘chirilmagan, aholi aziyat chekmoqda.
Murojaatchilar Abduhakimovdan va'da qilingan ishlar amalga oshirilishini talab qilmoqda:
“Bir hafta kelib biz bilan yashab ko‘ring, chang va kasallikning qanday ekanini o‘zingiz ko‘rasiz”, deyiladi murojaatda.
