Asosiy mavzular
21 december 2025

Urganchdagi poligon «ko‘mildi», ammo vaziyat yaxshilanmadi

Urganch shahri havosining ifloslanib borayotgani haqida Eltuzda murojaat e'lon qilinganidan so‘ng, holatga go‘yoki chora ko‘rilgandek bo‘ldi. Shaharga yaqin, Cho‘lobod mahallasida joylashgan chiqindi poligoniga 50 ta «KamAZ» tuproq keltirib to‘kildi. Ammo bu tuproq poligon hududining hatto o‘ndan bir qismini ham qoplagani yo‘q.

Eltuzga yo‘llangan murojaatga ko‘ra, ekologiya idorasi ko‘zga ko‘rinadigan joylargagina tuproq to‘kib, shu holatni suratga olib “poligon ko‘mildi” degan mazmunda yolg‘on xabar tarqatgan. Ammo, oradan bir hafta ham o‘tmasdan, chiqindilarni yoqish amaliyoti qaytadan boshlangan.

Ayni paytda poligon yaqinida katta sex ishga tushirilgani aytilmoqda. U yerda elim va qog‘oz mahsulotlari ishlab chiqarilyapti, jarayon esa atrof-muhit uchun zararli tarzda olib borilmoqda. Poligondan tarqalayotgan badbo‘y hid va doimiy tutun atrof mahallalar aholisining nafas olishini qiyinlashtirmoqda.

Murojaatda ta'kidlanishicha, chiqindi poligoni deyarli har kecha yoqib yuboriladi. Shamolli kechalarda badbo‘y tutun bir necha kilometr hududga yoyilib, odamlarda ko‘ngil aynishi, qayt qilish, hatto nafas qisilishi holatlarini keltirib chiqarmoqda.

Sog‘liqni saqlash organlarining bu vaziyatga nisbatan befarqligi ham alohida e'tiroz sifatida ko‘tarilgan. Qolaversa, poligon Urganch shahriga juda yaqin joylashgan.

Avvalroq chiqindi poligonini viloyatning chekkaroq hududi – Qo‘shko‘pir tumanining cho‘l qismiga ko‘chirish va'da qilingan edi. Ammo bu va'dalar haligacha bajarilgani yo‘q.

Eltuzga yo‘llangan murojaat mualliflari Ekologiya qo‘mitasi rahbarlaridan vaziyatga jiddiy e'tibor qaratishni, chiqindi maydonini aholi yashaydigan hududdan uzoqroqqa ko‘chirishni va sohaga oid korruptsiyaga qarshi qat'iy choralar ko‘rishni talab qilmoqda.

Tag‘in o‘qing
2 june 2022
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 53-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan) MUSIQA HAROMMI? Buyuk hofiz Komiljon Otaniyozning ...
18 september 2023
Eltuzga Namangan viloyati Chortoq tuman ichki ishlar bo‘limi matbuot kotibi Hasanboy Axmedovning 21 avgust kuni tunda shifokorlarni urib do‘pposlagani, ...
2 december 2015
Dokument ruknida Yuriy Jukovskiy va shved sudida uning Rossiyadagi do‘sti sifatida ta'riflangan, Turkiya va Rossiyadagi o‘zbek rejimi muxoliflariga qarshi ...
28 june 2023
Toshkentlik ayol Dilrabo Sherova akusher-ginekolog Dilya Sataevani 26 haftalik egizak farzandlari o‘limiga sabab bo‘lgan ehtiyotsizlikda aybladi.     25 ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...