O‘zini osgan FVV xodimi o‘limiga oid yangi ma'lumotlar
21 dekabr kuni Uchtepa tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi inspektori, 25 yoshli Hammadullaev Xudoyor Baxtiyor o‘g‘lining o‘zini osgani haqida Eltuz xabar berdi.
Mazkur xabar ortidan chiqqan rasmiy ma'lumot qisqa bo‘ldi: “holat o‘rganilmoqda”.
Oradan ikki kun o‘tib, Eltuzga bu o‘lim yuzasidan jiddiy savollar tug‘diradigan ma'lumotlar kelib tushdi.
Ma'lum bo‘lishicha, rahmatli Xudoyor Hamadullaev o‘limidan bir kun oldin Toshkent City Songress Hallda o‘tkazilgan rasmiy tadbirda mas'ul ofitser sifatida xizmat qilgan.
Shunga qaramay, Toshkent shahar FVV bosh boshqarmasi uni “ta'tilda bo‘lgan paytida o‘zini osgan” degan mazmunda post tayyorlatib, tezkor tarzda tarqatgani iddao qilinmoqda.
Voqeadan so‘ng Toshkent shahar FVV bosh boshqarmasida shoshilinch yig‘ilish o‘tkazilib, xodimlardan tilxatlar olingan, “biz uni oldindan ogohlantirganmiz, o‘zi imzo qo‘ygan” degan mazmunda hujjatlar tayyorlangan.
Ya'ni, tekshiruv haqiqatni aniqlash uchun emas, javobgarlikdan qutulib qolish uchun olib borilayotgandek taassurot qoldiryapti.
Xizmat jadvali masalasi ham savol ostida: smenadan chiqqan xodim yana smenaga biriktirilgan, dam olish huquqi ta'minlanmagani aytilmoqda. Xo‘sh, bu qarorlar kim tomonidan qabul qilingan?
Bu yerda rahbariyat mas'uliyati haqida ham ochiq gapirish kerak. Bosh boshqarma rahbari sifatida tilga olinayotgan Muhitdinov Muxtor Yashnarovich, uning birinchi o‘rinbosari Mirsobid, kadrlar va tarbiya bo‘yicha mas'ul Dilshod hamda ma'naviyat bo‘limi boshlig‘i Azimning bu holatdagi roli nega o‘rganilmayapti?
Yana bir og‘ir savol: Muhitdinov Muxtor Yashnarovichning Qudratxo‘jaev Botir bilan qarindoshligi haqidagi gaplar rost bo‘lsa, bu holat manfaatlar to‘qnashuvi emasmi? Ana shu omil sabab tekshiruv xolis o‘tmay, ishni “o‘zini osdi” degan sodda xulosa bilan yopishmoqchimi?
25 yoshli yigitni nega o‘z joniga qasd qildi? Uni arqonga yetaklagan ortiqcha yuklama, bosim va adolatsiz munosabat emasmidi mabodo?
Jamiyatga “hammasi joyida” degan qog‘oz kerak emas. Jamiyatga haqiqat kerak. Agar bu o‘lim ortida tizimli muammo, rahbarlarning beparvoligi yoki qonunbuzarlik bo‘lsa, bu ochiq aytilmasa, ertaga yana boshqa bir oila aza tutadi.
