O‘zbekistonda yoshlar nega harbiy xizmatga borishni xohlashmayapti?
O‘zbekistonda harbiy xizmat barcha 18-27 yoshdagi erkaklar uchun majburiydir. Mehnatga haq to‘lash tizimi joriy etilgan bo‘lsa-da, yoshlar orasida chaqiruvga qiziqish yildan-yilga kamayib bormoqda.
Ayrim yoshlar armiya haqida ijobiy tasavvurga ega emas. Intizom, jismonan talabchanlik, kun tartibi qat'iy rejaga asoslanishi, og‘ir taktik tayyorgarlik, xizmat vazifalari juda qattiq belgilanganligini o‘ta og‘ir jarayon deb hisoblashadi.
Ayrimlari esa o‘z “komfortidan” chiqib ketgisi kelmaydi. O‘zini ijtimoiy tarmoqlardan uzilib qolishini, ma'lum muddat telefonsiz yashashni, erta uxlab, erta turishni tasavvur qilolmaydi. Armiya zamonaviy til bilan aytganda «Z» avlod uchun qo‘rqinchli maskan. Ular uchun armiya og‘ir va keraksiz narsa hisoblanadi.
Yaqin yillargacha harbiy xizmatlarga chaqiruvdan qochish uchun pora to‘lash holatlari kuzatilgan, bu tizim odamlarni yanada o‘zidan uzoqlashtirgan.
Yoshlar orasida Sovet davridan qolgan qattiq “grozniy” haqida gap-so‘zlar tarqalgan, ular armiyada qattiq bosim va psixologik qiyinchilik bo‘lishidan xavotirda yashashgan.
Zamonaviy yoshlar ko‘p vaqt va imkoniyatlarini chet elda ishlash, texnologiya sohasida faoliyat yuritish va xususiy sektorda katta daromad topishga sarflashni istaydi. Majburiy xizmat bu imkoniyatlardan uzoqlashtiradi, ham vaqtdan, ham moddiy tomondan ortda qoladi.
Harbiy xizmat tizimi zamon talablari bilan o‘zgarib bormoqda. Hukumat va mudofaa idoralari xizmatning samaradorligini oshirish, korruptsiyani kamaytirish va harbiy sohani jozibador qilish uchun bir qator choralar amalga oshirmoqda.
Qisqa muddatli xizmatlar va ixtiyoriy kontrakt xizmatlarini o‘tash ancha yenillashgan.
Bunday tizimlar yoshlarga bir yillik emas, qisqa muddatli (masalan, bir oylik) xizmatdan o‘tish imkoniyatini beradi.
Tanlov asosida chaqiruv tizimi modadan qoldi. Hozir mahallalarga yuborilgan chaqiruv qog‘ozlarni hech kim pisandiga ilmaydi.
Bunda sohaning jozibadorligini oshirish uchun nima qilish kerak, degan savol tug‘iladi.
Harbiy xizmatni jozibador qilish uchun bir qator kompleks choralar talab etiladi. Moddiy rag‘batlar va ijtimoiy himoyalprni oshirish kerak. Mehnatga haqni yanada ko‘proq to‘lash kerak. Kontraktsiz xizmatdagilar uchun ham moddiy rag‘batlar va imtiyozlar berish lozim. Sudlanmagan xizmatchilar uchun ijtimoiy ko‘mak (og‘ir sharoitlarda xizmat uchun ustamalar, soliq imtiyozlari, ipotekada imtiyozlar) lar berish kerak.
Harbiy xizmatni kasbiy yo‘nalish va tajriba sifatida tanitish lozim. Armiyada xizmat sharoitlarini modernizatsiya qilish, sog‘liqni saqlash, psixologik qo‘llab-quvvatlash tizimlarini kuchaytirish kerak. Bu xizmatni faqat qiyin tajriba emas, balki rivojlanish platformasi sifatida ko‘rish kerak.
Eng asosiysi, yoshlar orasida harbiy xizmatning ijobiy va afzallik tomonlarini ko‘rsatadigan axborot kampaniyalarini yo‘lga qo‘yish, zarur san'at va media mahsulotlar orqali ularni armiyaga qiziqtirish kerak. Aslida armiya tizimi ichiga kirgan sari shunchalar go‘zal va jozibador. Biroq uni media kontent ko‘rinishida batafsil ochib beradigan mutaxassis yo‘q. Bunda tizim yopiqligini ham katta to‘g‘anoq bo‘layotgan bo‘lishi mumkin.
O‘zbekistonda yoshlar harbiy xizmatga qiziqishi (qaytishi) ham tizimni rivojiga, ham kelajakka ishonch uyg‘otadi. Harbiy sohaning kelajagi esa zamon talablari va milliy xavfsizlik ehtiyojlariga mos ravishda professional harbiy xizmatchilarni mavjudligi bilan o‘lchanadi.
