«Uzum» market soyasidagi qaroqchilar
Kuni kecha prezident selektorda yumshoqqina qilib koyigan ichki ishlar tuzilmasidagi kiberxavfsizlik bo‘linmalariga bugun jon kirdi.
Endi ular ogoh bo‘ling deyish bilan cheklanmasdan kiberjinoyatchilarni ko‘rsatib ham berishyapti. Manov to‘da Chilonzordagi panelka do‘mni podvolida o‘rnashib Uzum market mijozlarini aldab-avrab kredit olish bilan shug‘ullangan.
Xo‘sh, shuncha payt biror nazorat organi bilmadimi buni? Biror jabrlangan dod solib bo‘linmaga ariza ko‘tarib kelmadimi? Kelgan, telefon qilgan, ariza yozgan – natija har doimgidek «san solar» bo‘lgan.
Eltuz jamoasi kiber jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha real vaziyatni tekshirish uchun quyidagi stsenariy asosida tajriba o‘tkazdi:
Muhbir «Uzum market nomidan chiqqan firibgarlar meni aldadi» deya 71 203 55 11 ishonch raqamiga qo‘ng‘iroq qildi. Javob sovuq, beparvo va qisqa edi: hududiy inspektorga yoki 102 ga bog‘laning!
Biror maslahat yoki aniq harakat bo‘lmasa, hatto hududiy bo‘linmaga fuqaroni tezkor ulab berolmasa bu ishonch raqamidan nima naf bor o‘zi?
So‘ng 102 ga ulanib kiberjinoyat haqida xabar bermoqchi bo‘ldik. Biroq merov mas'ullar eng mashhur firib sxemasini tushunolmadi.
«Qanday qilib Uzum sizni aldadi?», «Uzum bilan bog‘lanib ko‘rdingizmi?» qabilidagi ahmoqona savollar yangradi. So‘ng bu kiber mutaxassis melisa bo‘linmaga kelib arizani qo‘lda yozib ketishni amr etdi. Ish qanchada hal bo‘ladi, ariza qaysi bosqichlardan o‘tadi? Savollarimiz javobsiz qoldi.
Kiber hujum bo‘lsayu, fuqaro qo‘lda oq qog‘ozga ariza qoralab o‘tirsa! Har daqiqa g‘animat bo‘lgan payti xatto onlayn tezkor ariza yuborish imkoni yo‘q. Krinj. Xullas, kiberxavfsizlik bo‘linmalari tubsiz quduq misoli, arizangiz tushib g‘arq bo‘ladi.
Bu kabi kiberbunkerlar fuqaro ma'lumotlarini qaerdan oladi? Telefon raqamlarni banklar beradimi? Aloqa kompaniyalar uzatadimi? Yoki barchaning shaxsiy ma'lumotlari joylangan OneID tizimi jinoyat olami bilan hamkormi? Avval shunga oydinlik kiritaylik. Jinoiy to‘da sxemalarining faqat ijrochilarini quvib yurgan kiberxavfsizlik xodimlari kasalni davolash o‘rniga peshonaga nam latta qo‘yib istima tushirish bilan mashg‘ul ko‘rsavod moldo‘xtirga o‘xshaydi.
