Document UZ
5 april 2019

O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta terimi mavsumida majburiy mehnat tizimli davom etdi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya forumi (UGF)ning «Ular avval paxtaga chiqmasligimizni aytishdi, keyin esa dalaga jo‘natishdi» nomli yangi hisobotida qayd etilgan dalillarga ko‘ra, O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta terimi davomida majburiy mehnat tizimli muammo bo‘lib qolgan.

4 aprel kuni chop etilgan hisobotga, jumladan, mansabdor shaxslardan olingan 70 ta kengaytirilgan intervyu, yuzdan ortiq fermer xo‘jaligida qilingan 300 ta monitoring safarlari asos bo‘lgan.

Hisobot O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan ijobiy qadamlar bilan bir qatorda, amalda tarkibiy omillar tufayli majburiy mehnat ham davom etayotganini ko‘rsatmoqda.

Hukumatning markazlashgan ishlab chiqarish tizimidagi mehnatga oid kamchiliklar – terim mavsumida aholi kam hududlarda ixtiyoriy mehnatga layoqatning pasayishi bilan 2018 yilda mamlakat bo‘ylab majburiy mehnatdan foydalanish davom etgani ko‘zga tashlandi.

Hosil yetishtirishning dastlabki bosqichida ixtiyoriy mehnat keng jalb etildi, biroq bu aholi kam hududlarda mehnatni tashkil etish uchun yetarli bo‘lmadi yoki keyingi bosqichlarda kutilayotgan samaradorlikning pasayishiga sabab bo‘ldi.

Hukumat viloyatlar uchun paxta yetishtirish rejasini belgilashda davom etdi. Paxta rejasi uchun mas'ul mansabdor shaxslar esa rejani bajara olmaganliklari uchun jazolanishdi.

O‘z navbatida, mansabdor shaxslar tadbirkorlar, savdogarlar, davlat idoralari va korxonalari xodimlarini dalaga jo‘natish yoki terimchi yollash to‘lovlarini amalga oshirishga majburlashdi. Shuningdek, ulardan terimchilarga transport, oziq-ovqat va turar joy ajratish talab etildi.

O‘zbek paxtasini yetishtirish zanjirida majburiy mehnatning mavjudligi undan foydalangan xalqaro brendlar obro‘siga ham jiddiy xavf tug‘diradigan javobgarlikni yaratmoqda, deyiladi hisobotda.

O‘z hisobotidagi asosiy jihatlar haqida mustaqil monitoring rahbari Umida Niyozova «Eltuz» nashriga quyidagilarni bildirdi:

Bizning 2018 yilgi paxta mavsumidagi majburiy mehnatga oid yangi hisobotimiz hukumatning ko‘ngilli terimchilarni jalb etish borasidagi sa'y-harakatlariga qaramay, turli tashkilot va korxonalar xodimlarini terimga majburlash ommaviy va tizimli bo‘lganini ko‘rsatmoqda.

Paxta mavsumi davrida vaziyatni kundalik kuzatib turgan 12 nafar mahalliy monitorchi ishtirok etgan tadqiqotimiz, O‘zbekiston Mehnat vazirligi ta'kidlaganidek, majburiy mehnat mahalliy hokimlarning xatosi emasligini ko‘rsatib turibdi. Sabab esa O‘zbekiston paxta sektoridagi tuzilmaviy muammolar hisoblanadi.

Hisobot paxta terishga majbur bo‘lgan yoki terimdan ozod bo‘lish uchun pul to‘lagan (bu ham majburiy mehnat shakllaridan biridir) yuzlab kishilarning guvohliklariga asoslangan. Monitorchilarimiz fermerlar, shuningdek, paxta terimida majburiy ravishda ishtirok etgan korxonalar direktorlari va hokimiyat xodimlaridan intervyular olishdi.

So‘nggi paxta mavsumining oldingi yillardagidan farq qiluvchi ikki ijobiy jihatidan birinchisi talabalar paxta terimidan ozod etilgani, ikkinchisi esa tibbiyot va ta'lim muassasalariga paxta yuklamasi kamayganidir. Maktablar va shifoxonalar xodimlari, avvalgi yillardagidan farqli o‘laroq, paxta terimiga mavsum boshidan emas, balki o‘rtasidan yoki oktyabr oyi oxirlaridan boshlab jo‘natildi. Ayrim o‘qituvchi va hamshiralar faqat yakshanba kuni ishladi, ayrimlari esa o‘rniga mardikor yolladi. Ba'zan o‘qituvchilar ota-onalar hisobidan mardikor yollash evaziga paxta termay, o‘z ishini davom ettirdi.

O‘tgan yili terim haqi 2 barobar oshirilgani ko‘proq terimchilarni jalb etish va qishloq aholisining yaxshigina pul ishlab olishiga imkon yaratdi. Muassasalar xodimlari o‘rniga yollangan terimchilar ulardan qo‘shimcha pul olish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi.

«O‘zbekneftgaz», «O‘zdonmahsulot», Metallurgiya kombinati, «O‘zkimyosanoat», «O‘zsharobsanoat», «O‘zbekko‘mir» kabi yirik kompaniyalar o‘z xizmatchilarini paxta mavsumining boshidanoq ishchi kuchi kam bo‘lgan hududlarga terimga jo‘natdi.

O‘zbekistonda paxta terimi 27 noyabrgacha davom etdi. Oktyabr oxiriga borib havo sovib, birinchi terim yakuniga yetgach, ko‘ngilli terimchilar soni sezilarli qisqardi. Biroq hududlar paxta topshirish kunlik rejasini qanday qilib bo‘lsa-da bajarishga majbur edi. Mahalliy hokimliklar oldida deyarli bajarib bo‘lmas vazifa turardi. Ular sovuq havoda kuniga 20 kilogramm paxta terishga rozi bo‘ladigan ko‘p sonli ko‘ngillilarni topishi kerak edi. Hatto to‘lanadigan haq oshirilgandan keyin ham noyabr oyida tashkilotlarning xodimlari orasidan ko‘ngilli terimchilarni topish imkonsiz bo‘ldi.

Tadqiqotlarimiz paxta topshirish bo‘yicha davlat rejasini bajarish majburiyati majburiy mehnatning asosiy sabablaridan biri ekanini ko‘rsatmoqda. Hokimlar, soliq inspektorlari, prokurorlar va ichki ishlar bo‘limlari rahbarlari terimchilarni jalb eta olmagani uchun jazolandi. O‘z navbatida, bu amaldorlar o‘z ishini yo‘qotishdan qo‘rqib, har doimgidek, paxta terimiga majburlash amaliyotini qo‘llashdi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
21 may 2021
Oshiqlaring poyingga gul otib ham bo‘ldi, Xilvatlarda labingdan bol totib ham bo‘ldi Va bu haqda kimlargadir sotib ham bo‘ldi ...
22 may 2016
Endi og‘aynilar chinlikni so‘zlasak bizning yurtda qachon janjal chiqsa suv talashib ëki yer talashib bo‘ladi. Qozoq biyligi (hukumati) sug‘oriladigan ...
26 august 2021
Afg‘onistonda toliblar o‘zbek tilini maktab dasturidan chiqarib tashladi. Bu haqdagi xabar va dars jadvali 24 avgust kuni ijtimoiy tarmoqda ...
20 january 2025
O‘zbekiston prezidenti uyida yirtqich hayvon¸ ilon va xasharotlarni boqadiganlar jazolanishi haqidagi qarorni 16 yanvar kuni imzoladi. Yo‘lbars¸ fil¸ jirafa¸ ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...