DNA Motors MChJ: Muammolar sababi haqida
DNA Motors MChJ va uning rahbariyati haqida ijtimoiy tarmoqlarda turli xil xabarlar paydo bo‘ldi. Biz bunga o‘z munosabatimizni bermoqchimiz.
Ma'lumki, “DNA Motors” MChJ avtomobil savdosiga ixtisoslashgan tadbirkorlik sub'ekti hisoblanadi. 4 yildan beri firmamiz mijozlarga xorijdan elektromobil yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Aytish lozimki, bu jarayonda bizga bog‘liq bo‘lmagan xato va kamchiliklarimiz bo‘ladi. Ba'zan avtomobillar olib kelishda ob'ektiv va sub'ektiv sabablar sababli kechikishlar kuzatiladi.
Biz bunday hollarni mijozlarga tushuntiramiz. Bu holat shartnomamizda ham aks ettirilgan.
Afsuski, keyingi vaqtlarda xitoylik hamkorlarimiz tomonidan yetkazib berish muddatlari uzaytirilishi sababli, shartnomada ko‘rsatilgan elektromobilni yetkazib berish muddatida biroz cho‘zilishlar ham bo‘lib turibdi. Bu degani, biz mijozlarni aldayapmiz, degani emas. Shartnoma muddatiga ko‘nmagan mijozlarga to‘lov mablag‘lari qaytarib berilishi ta'minlanib kelmoqda. Lekin afsuski, bu holat ijtimoiy tarmoqlarda turlicha talqin qilinmoqda va noto‘g‘ri talqinlar natijasida mijozlarimiz tomonidan noto‘g‘ri fikrga borilmoqda. Shu sababli hozirgi kunda “DNA motors” MChJga nisbatan Toshkent shahar tumanlararo sudlarda hamda iqtisodiy sudlarda sud jarayonlari ketmoqda, sudlar tomonidan chiqarilgan ajrim va ijro hujjatlarini lozim topilsa taqdim qilishimiz mumkin.
Biz har qanday OAVga ochiqmiz. Ochiq ma'lumotlarimizni, yo‘llangan har qanday savolga javobimizni mas'ul shaxsga berishimiz mumkin. Qonun barchaga barobar.
Lekin tarmoqlardan, OAVdan bizning MChJga va shaxsiyatimga qaratilgan haqoratlarni yog‘dirmasligingizni so‘rab qolamiz. Shaxsiyatga qaratilgan har qanday haqoratli so‘zga ham qonun oldida javobgarlik bor. Va shu xuquqimdan foydalanishimni ma'lum qilaman.
Bundan tashqari, men nafaqat “DNA motors” MChJ rahbari, balki avvalom bor ayol va onaman, bunday tasdiqlanmagan noto‘g‘ri ma'lumotlar menga ayol sifatida va oilam sha'niga dog‘ tushiradi.
Deputatlik faoliyatim davomida (2018-2023) amalga oshirilgan ishlarim to‘g‘risida umuman PR bilan shug‘ullanmaganman, men tomondan xech qaysi ijtimoiy tarmoqlarda sur'atlar va ishlarim ochiqlanmagan. Ochiqlangan ma'lumotlar, faqatgina rasmiy ma'lumotlar bo‘lib vakolatli organlar va vakolatli insonlar tomonidan joylashtirilgan xamda deputatlik mavqeimdan tijorat maqsadida foydalanmaganman.
N.A.Saidnazipxanova,
“DNA Motors” MChJ direktori
