Bir ayb uchun ikki jazo: Ma'muriy qamoq «o‘yinchoq»qa aylandimi?
So‘nggi paytlarda ma'muriy qamoq ayrim hududlarda qonunni ta'minlash vositasi emas, balki bosim mexanizmiga aylanib qoldi. 10-15 sutka qamoq jazosi profilaktika chorasi emas, muammoni tez yopish usulidek qo‘llanyapti.
Ayniqsa, ishsizlik sabab dashtga chiqib, noqonuniy oltin qazish umidi bilan yurgan yoshlar bu tizimning asosiy nishoniga aylangan. Amaliyot deyarli bir xil stsenariy bo‘yicha ketyapti.
Dashtda bir guruh yigit ushlanadi. Masalan, 15 nafar. Ularga nisbatan dastlab Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194 va 195-moddalari qo‘llanadi va sud orqali 15 sutka ma'muriy qamoq tayinlanadi.
IIB xodimlari esa ochiqdan-ochiq “jazong shu, shu bilan ish tugadi” deb aldaydi. Shu sababli yigitlar sudga borib, aybni bahssiz tan oladi. Advokat, e'tiroz, huquq haqida o‘ylamaydi.
Aslida, qonunga qaralsa, bu yerda oddiy savol tug‘ilishi kerak: dashtda, yarim kechasi qanday “olomon” bo‘lishi mumkin? 194-modda birinchi marta sodir etilgan holatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qamoqni nazarda tutmaydi. 195-modda esa mazmunan ommaviy da'vat, ommani ichki ishlar xodimlariga bo‘ysunmaslikka chaqirish haqida. Yakka yoki kichik guruhning ushlanishi bu dispozitsiyaga to‘g‘ri kelmaydi.
Agar sudyada mustaqil fikr bo‘lsa, bunday materiallar IIBga qaytarilishi kerak edi. Lekin amaliyotda bunday bo‘lmayapti. Qaytarish o‘rniga qamoq tayinlanmoqda. Go‘yoki maqsad – qonunni qo‘llash emas, “rekord” yangilash.
Eng og‘ir tomoni, bu bilan ish tugamaydi. 15 sutka qamoqda o‘tirib chiqqan yigitlar orom olmaydi. Ko‘pchiligi ishsiz, ro‘zg‘or boqishi kerak. Oradan ko‘p o‘tmay, tergovchilar chaqirib boshlaydi.
Yigitlar hayron: “Biz jazoni o‘tab keldik-ku?” Lekin javob tayyor bo‘ladi: “Sen ro‘da tosh kavlaganing uchun emas, IIB xodimlariga bo‘ysunmaslikka olomonni da'vat qilganing uchun ma'muriy qamoq olgansan. Endi esa ro‘da o‘g‘irlaganing uchun jinoiy javob berasan.”
Shundan keyin 3 oy tergov, ortidan yana 2 oy sud. Yakunda deyarli hammasiga bir xil hukm: Jinoyat kodeksining 196-2-moddasi 2-qismi “b” bandi, ya'ni “bir guruh shaxslar tomonidan” degan asos bilan 3 yil ozodlikni cheklash jazosi. Paxtachi tumanida so‘nggi bir yil ichida kamida 400–500 nafar fuqaro aynan shu sxema asosida sudlangani haqida gap ketyapti.
Bu yerda eng xavfli jihat – bir xil hatti-harakat uchun avval ma'muriy, keyin esa jinoiy javobgarlikka tortish amaliyotining odatga aylanib borayotganidir. Bu esa huquqiy davlatning eng asosiy tamoyiliga zid.
Qonun insonni ikki marta jazolash uchun emas, adolatni ta'minlash uchun xizmat qilishi kerak. Ozodlikni cheklash jazosi qog‘ozda “uyda uxlab yuradigan yengil jazo”dek ko‘rinadi.
Amalda esa bu deyarli to‘liq qamoq. Hozirgi cheklovlar bilan inson nafaqat kechasi, balki kunduzi ham uyidan chiqmasligi kerak. Faqat ish yoki o‘qishga borish va kelish vaqtida ruxsat bor.
Ish topishning o‘zi muammo bo‘lgan sharoitda bu jazo odamni ijtimoiy hayotdan butunlay uzib qo‘yadi. Natijada ijtimoiy muammo jinoyatga aylanyapti, jinoyat esa statistikaga. Sud esa adolat mezoni emas, jarayonning oxirgi muhridek ishlayapti.
Agar bu amaliyotga jiddiy huquqiy baho berilmasa, ertaga ma'muriy qamoq ham, jinoiy javobgarlik ham qonunni muhofaza qilish vositasi emas, oddiy qo‘rqitish usuliga aylanib qolishi mumkin.
