Asosiy mavzular
22 june 2018

Erdo‘g‘on Turkiyasi Markaziy Osiyoga o‘rnak emas

Avvallari Turkiya bizning Markaziy Osiyo davlatlari va turk olami uchun siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy model bo‘lishini orzu qilardik.

Biz orzu qilgan model Mustafo Kamol Otaturk asos solgan milliy-modern jumhuriyat va rahmatli Turg‘ut O‘zol davridagi liberal siyosiy-iqtisodiy islohotlar bilan yanada rivojlangan Turkiya davlati edi.

Qardosh Turkiya modeli negizini tashkil qilgan demokratik tuzilmalar, jumladan ko‘p partiyavilik va erkin saylov sistemasi, parlamentar ko‘rinishdagi milliy majlis, erkin matbuot, nodavlat tashkilotlari, mustaqil adliya tizimi va milliy salohiyatga ega bo‘lgan qurolli kuchlar edi.

Mustaqillikka erishgan yosh davlatlarning o‘z yo‘lini belgilab olishida tili, dini va madaniyati mushtarak bo‘lgan Turkiya ideal o‘rnak sifatida ko‘rindi.

Lekin, tarix sayri, Yaqin sharqdagi siyosiy jarayonlar va Turkiyaning yangi “sultoni” darajasiga intilayotgan populist Toyyip Erdo‘g‘ondagi mansab, mutloq iqtidor hirsi sabab oxirgi 15 yillik davrda ideal davlat modeli teskari yo‘nalish tusini oldi.

O‘zimizning osiyo tipidagi qo‘lbola “podshohlik”larimiz va KGB idoralarida yetishgan Putinning avtokratiyaga asoslangan rejimi endilikda turk siyosat sahnasida o‘xshashliklar ko‘rsata boshladi.

Uzoq yillar davomida turk davlatchiligi rivojida asos solingan demokratik qurilmalardan Makiyavelistcha foydalangan, «mazlum» qiyofasidagi Toyyip Erdo‘g‘onning demokratiyani istalgan vaqt tushib qolish mumkin bo‘lgan tramvayga mengzashi aslida bugungi kunimizga bir ishorat edi.

Turk olami bilan Yevropa orasida siyosiy iqtisodiy bir ko‘prik bo‘lishi iddaosida bo‘lgan Turkiya butun dunyo ko‘zi o‘ngida kundan kunga demokratik qadriyatlardan uzoqlashib, Sharqni G‘arb dunyosi bilan bog‘lovchi rishtalarni bir-bir uzmoqda.

Ikki uch yil ichida yuz minglab davlat xizmatchilari ishdan haydaldi. Qamoqqa olingan jurnalistlar, harbiylar, muholif qarashdagi insonlarni soni sanoqsiz. Hatto Usmonli podshohlari davrida ham nisbatan erkin bo‘lgan matbuot, toqatsiz yangi «sulton” Erdo‘g‘on shaxsini tanqid qilishga jur'at eta olmaydigan holatga keldi.

Demokratik davlatning uch ustunidan biri bo‘lgan adliya tizimi, huquqning ustunligiga emas, balki siyosiy erkka ega bo‘lganlarga, iqtidorning kayfiyatiga tayanib hukmlar chiqara boshladi.

Bugun shov-shuvli bahslarga sabab bo‘layotgan, Turkiyadagi hurriyatsevarlar va ularga hayrixohlarni tashvishga solayotgan, parlamentar boshqaruv usulidan prezidentlik usuliga o‘zgartirilishi arafasida turgan Konstituttsiya ham faqatgina bir maqsadni kO‘zda tutadi.

U ham bo‘lsa prezident vakolatlarini kengaytirish, hokimiyatning barcha tizginlarini bir odam hukmiga berish, shundoq ham hozirda avtoritar hukmdor darajasiga evrilib bo‘lgan Erdo‘g‘on uchun taxtni 2029 gacha kafolatlash.

Tashqi dunyo bilan xalqaro aloqalarda ham ahvol havas qilarlik emas.

AKP iqtidorining ilk yillaridagi liberal reformalarga umid bilan qaragan, Turkiya iqtisodining o‘sishiga katta hissa qo‘shgan dunyo sarmoyasi hozirda sarosimada.

Ba'zi arab davlatlari va Putin rossiyasi istisno, o‘z yaqin qo‘shnilari dohil demokratik dunyoda Turkiyaga samimiy do‘st mamlakat qolmadi hisob.

Xullas, tashqi siyosatni o‘z yondoshlariga tashviqot, muridlariga nutq aytish bilan bir fahmlaydigan Erdo‘g‘on, asrlik turk davlati obro‘ e'tibori, salohiyatiga ta'miri qiyin bo‘lgan zarar yetkazdi.

Bu satrlarni Turkiya do‘sti va turklik olami uchun qayg‘urgan inson sifatida yozayapman, zero ko‘p yillik diktatura nima ekanligi biz o‘zbekistonliklarga yaxshi ayon.

Bahodir Fayz
O‘zbek muxolifati haqidagi kitob muallifi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
6 august 2024
Xizbullox Isroilga raketalar bilan hujum qildi. Britaniyada migrantlarga qarshi namoyishlar avj oldi. Rossiyada 11 yashar qizchani zo‘rlamoqchi bo‘lgan o‘zbek qo‘lga ...
5 april 2023
Buyuk Britaniya boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi jahon chempionatida Rossiya ishtirok etishidan xavotirlanib, uni boykot qilishga qaror qildi.  Xalqaro boks ...
18 october 2021
(Taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning “Imperativ” kitobidan 36-qism. Audiokitob matnini muallifning o‘zi o‘qigan. Davomi bor.) L.A.N Meni yengolmadi ...
26 october 2020
Ijtimoiy tarmoqlarda populistlar tomonidan Frantsiya mahsulotlariga boykot e'lon qilish haqida chaqiriqlar paydo bo‘lmoqda. Kelinglar, bu tadbirdan kimga qanaqa zarar ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...