Asosiy mavzular
3 april 2017

Navbaxor Karimova: Yoqmasa «Axborot»ni ko‘rmang

Oy oxirlayotgan kunlarda prezident videoselektor majlis o‘tkazdi. «Kun.o‘z» sayti o‘z manbalariga asoclanib, davlat rahbari bu majlisda «O‘zbekiston» va «Yoshlar» telekanallari nomini tilga olib, «Axborot» dasturiga ham to‘xtalib o‘tganini ma'lum qildi.

«Ura-urachilik zamoni o‘tdi. Televizorda tanqidiy va tahliliy materiallar berish kerak. Odam ko‘rsatuvlarni sog‘inib kutishi kerak. «Axborot» ko‘rsatuvini o‘zgartirishimiz kerak», degan prezident.

Lekin majlis haqida lavha namoyish etgan «Axborot» bu tanqidga to‘xtalib ham o‘tirmadi.

Gap boshqa – hayot boshqa

O‘zbekistondagi asosiy yangiliklar dasturining o‘zini bu kabi tutishi marhum prezident Islom Karimov bilan bog‘liq bir eshitmani esga soldi.

Unga ko‘ra, prezident Karimov bir chiqishida oshkoralik, erkinlik, xalq manfaatiga qayg‘urish yo‘lida OAVning roli haqida kuyib-pishib gapiribdi.

Uning bu gaplariga ishongan katta rahbarlardan biri prezident aytgan yo‘nalishda ish boshlab, ancha nom qozonibdi.

Bundan xabar topgan marhum prezident uni o‘z yoniga chaqirib: «Men bu gapni xalq uchun aytdim, rahbarlar uchun aytganim yo‘q» deb, rosa koyib, orqasiga tepib xonasidan chiqarib yuborgan ekan.

Umuman, I.Karimov odamlar oldida boshqacha gapirib, aslida hayotda boshqacha ish tutgani sir emas.

TV ham buni yaxshi bilgan holda marhum prezident qancha erkin bo‘l desa, buni shuncha «qisib yur», degandek qabul qilar, tutgan yo‘lidan umuman adashmasdi. Shunchalik silliq edi TV.

«Bizni ish uslubimiz shunaqa»

TV faoliyatiga oid oldingi sharhimizda yangiliklar dasturi, jumladan, «Axborot»ning ham prezident farmon va qarorlarini to‘liq o‘qib berishga o‘tganini tanqid qilgan edik.

«Axborot»ning ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rinib turadigan cuhandoni bizning bu tanqidimizga e'tiroz bildirib: «Biz avval ham shunday ishlar edik. Yoqmasa ko‘rmang» qabilida fikr yozib qoldiribdi.

(feysbukdagi izoxdan skrinshot)

Aslida jannatdan xabarlar uzatadigan bu dasturni ko‘rishga bizning ham unchalik ishtiyoqimiz yo‘q. Lekin shimi yirtiqning ustidan kulayotgan ishtoni yo‘qlarga o‘zi yalong‘och ekanligi eslatib qo‘yish uchun uni ko‘rishga majburiyat sezamiz biz.

Noo‘rin gapirib, uyalib qolmadikmi, deb ancha xijolatomuz holatga tushib turgan bir paytimizda prezidentning o‘zi ura-urachilik zamoni o‘tib, tanqidiy va tahliliy ko‘rsatuvlar beradigan zamon kelganini e'lon qilib qoldi.

Shundan kelib chiqib, «Axborot»ning himoyachisi bo‘lgan xonim bizning tanqidlarimizga yana e'tiroz bildira olishiga ishonchimiz yo‘qroq, deyishga o‘zimizda qudrat seza olamiz.

Ishtoni yo‘q oldidagi majburiyat…

Endi gap prezidentning qat'iyatiga qoldi. Agar u marhum ustozining gapi boshqa, tutgan yo‘li boshqa siyosatiga sodiq bo‘lmay, bugun o‘zi e'lon qilgan qat'iyatidan qaytmasa, «Axborot» kabi ko‘rsatuvlar o‘zgarish sari yuz tutishi shart.

Bu yo‘lda o‘zi o‘sha yerda ishlab, O‘zbekistondagi bosh yangiliklar dasturi o‘zgarishiga to‘siq bo‘layotgan qandaydir shaxslarning prezidentga qarata:»Yoqmasa, ko‘rmang», deya olmasligiga biz kafolat beramiz!

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
5 march 2020
Xitoylik uyg‘urlar masalasi bo‘yicha taniqli tadqiqotchi, yozuvchi va tarjimon Yevgeniy Bunin (Gen Bunın) O‘zbekistonga ikkinchi marta kiritilmadi. U bu ...
9 july 2024
Rossiyaning urushdagi talofati, Afg‘onistondan keltirilayotgan havfli ichimlik, Xalq puli degan tushuncha yo‘qligini aytgan o‘zbek mulozimiga ko‘rilgan chora va bu 600 ...
26 april 2025
1966 yil 26 aprel kuni Toshkentda tonggi soat 5 dan 22 daqiqa 53 soniya o‘tganda Rixter o‘lchovi bo‘yicha 8 ...
19 june 2019
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi 2019 yilning 3 iyunida huquq faoli Malohat Eshonqulovaga qarshi Jinoyat kodeksining ikki moddasi – ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...