Ko‘zqarash
24 july 2017

G‘afur Rahimovmas, siyosiy dissidentlar yurtga qaytishi kerak

Xalq orasida yirik ishbilarmondan ko‘ra ko‘proq kriminal avtoritet sifatida tanilgan G‘ofir Rahimovning tug‘ilgan kuni munosabati bilan internetda u haqda ko‘plab maqolalar berilmoqdaki, kampaniyabozlikning hidi keladi. Foto: 1991 yil, deputat Nasrullo Sayyid Davlat bayrog‘ini taqdim qilish tadbirida.

Bu maqolalar mualliflari orasida ziyoli, taniqli jurnalist va yozuvchilar qatorida hatto bir vaqtlar Islom Karimovga, endi esa amaldagi prezidentga maddohlik qilayotgan shaxslarni ham uchratasiz.

G‘afur Rahimovning kriminal faoliyati haqida ABC news kanali tayyorlagan filmdan skrinshot

Bu maqolalarni bir nuqta birlashtirib turadi. Ularning hammasida G‘ofir Rahimov jasur va mard xalq manfaatini o‘ylaydigan, qo‘li ochiq, adolatli inson sifatida ta'riflanadi.

Bizning bu ta'riflarga va ta'kidlarga e'tirozimiz yo‘q. Agar maqolalardagi gaplar haqiqatan ham rost bo‘lsa, bu kabi insonlarning qadriga yetish, ezgu ishlarini targ‘ib qilish o‘rinli bo‘ladi.

Qolaversa, G‘ofir Rahimov shaxsi, uning faoliyati haqida turlicha qarashlar mavjudki, ochiqdan-ochiq «paxtakor»lik qilayotgan ziyolilarimiz haybarakallachilik dengizida suzayotganda tarozining pallasiga ko‘z tashlab qo‘ysa, foydadan xoli bo‘lmaydi.

Masalaning boshqa jihati ham bor. Nega biz xalqimiz, vatanimiz uchun undan ham ko‘ra foydaliroq bo‘lishi mumkin bo‘lgan, ayni paytda muhojiratda yashab, yurt havosiga, tuprog‘iga zor qolayotgan boshqa taniqli shaxslarning O‘zbekistonga qaytishi talabi bilan ana shunday kampaniyalar uyushtirmayapmiz?

Ismi biz aytmasak ham elga mashhur yurtdoshlarimiz hisoblanmish muxolifat yetakchilari mard, jasurligini ko‘rsatmaganmi, vatan manfaatini G‘ofir Rahimovdan kamroq o‘ylaganmi yoki ular shu yurt uchun undan qolishmaydigan ishlar qilmaganmi?

Nasrulla Saidov vatanga qaytishga ruxsat bering, deb qon yig‘lab yuribdi. U yuqorida biz ishora qilgan shaxslar kabi katta mavqega ega bo‘lmasa-da, o‘z yurti uchun qayg‘urgan, qayg‘uryapti, xalqimga yordamim tegsin, deb o‘zini o‘tga-cho‘qqa urgan.

Karimov taxtdan ketsa, men uchun vatanga yo‘l ochiladi, deb umid qilgan Yusuf Juma hali ham AQShdan yurtiga qayta olgani yo‘q.

Avtoritar rejim zug‘umi tufayli O‘zbekistonga kela olmayotgan mashhuru nomashhur yuzlab, minglab ana shunday ziyolilar, ishbilarmonlarimiz bor.

To‘g‘ri, ularning vatanimizga qaytishiga yo‘l ochish chaqirig‘i bilan bir-ikkita maqolalar berildi. Afsuski, ular soni kriminal avtoritet va ishbilarmon haqidagi maqolalar miqdori oldida urvoq ham bo‘lmaydi.

O‘zbekiston o‘zgarishlarga yuz burayotgan ayni davrda mana shu vatandoshlarimizni yurtga qaytishiga yo‘l ochish chaqiriqlarini ham ommaviy kampaniya darajasiga chiqarish vaqti yetmadimikin?!

G‘ofir Rahimov O‘zbekistonga qaytsa, iqtisodiyotni, sportni rivojlantirish uchun balki yordami tegar. Lekin uning siyosiy o‘zgarishlarga ochiqcha bosh qo‘shishiga ishonadiganlar kam.

Chunki u boshqa toifadagi inson. U, kampaniyabozlikka yo‘g‘rilgan maqolalarda ham ta'kidlanganidek, ishbilarmon. U biznesi uchun har qanday rejim bilan til topishib ketaveradi. Bu rejimning yo‘rig‘iga yursa bas.

Siyosiy o‘zgarishlar haqida talablar qo‘ya oladiganlar esa boshqa toifa. Bugun O‘zbekiston ana shunday toifaning (bular safiga turli radikal qarashdagi, konstruktiv muloqotga tayyor bo‘lmaganlarni qo‘shish fikridan yiroqmiz) qaytishiga muhtoj.

G‘ofir Rahimov haqida yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek ko‘paygan maqolalarni o‘qib, ana shunday fikrlar uyg‘ondi…

Jasur Sardor
O‘zbekistonlik hamkorning taxallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
27 march 2017
O‘zbekistonda shu paytgacha ko‘klarga ko‘tarilib maqtalib kelingan ta'lim tizimining asl ahvoli to‘g‘risida achchiq haqiqatlar oshkor bo‘layotgani, ommaviiy axborot vositalarida ...
17 january 2024
Istanbulning Esenyurt tumanida fohishalikka majburlangan va homilador bo‘lganidan keyin farzandi sotilishini bilib, dori ichib homilasini tushirgan o‘zbekistonlik ayol kaltaklandi.  ...
23 july 2016
O‘tgan hafta Eltuz.com nashri Farg‘ona, Andijon, Namangan viloyatlari paxta dalalarini qurt bosgani va uni qo‘lda terib olishga odatdagidek, Xalq ...
26 february 2018
Kalamushlar kema cho‘kayotgani uchun emas, balki ularga qarshi kurashishga bel bog‘lagani uchun qochish harakatiga tushib qoldi. Bir necha kun ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...