Asosiy mavzular
14 september 2017

Ovlangan otinlar

O‘zbekiston televideniesida efirga uzatilgan «Otinning so‘nggi «ovi» ko‘rsatuvi ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lmoqda.

Ko‘rsatuvda bir guruh ayollar «noqonuniy ravishda diniy yig‘inlar o‘tkazganlik»da ayblanib, javobgarlikka tortilgani bayon qilingan.

Uni ko‘rgan kishining xayoliga birinchi navbatda Islom Karimov zamonidagi shunday buyurtma ko‘rsatuvlar keladi. Bu ko‘rsatuv ham maxsus xizmatlar tomonidan tayyorlangani yaqqol seziladi.

Unda Fotima otin Abdullajonova mamlakatda rasman ro‘yxatdan o‘tgan birorta diniy bilim yurtida o‘qimagani, shunga qaramay, bir guruh ayollarga diniy saboqlar berib kelgani aytiladi.

E'tiborli jihati shundaki, ko‘rsatuvda efir ortidan yangragan ovozlarda otinning darsini tinglash oilalarning totuvligiga rahna solayotgani iddaosi anglashiladi.

Xususan, hatto qo‘shnilari otinning o‘zi kelinlari bilan kelisha olmay yashayotgani ta'kidlanadi. Yana bir «tinglovchi»ning oilasida ham tinchlik yo‘qligi aytiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p bahs uyg‘otayotgan mavzu ko‘rsatuv davomida Toshkent shahri imom-xatibi Anvar qori Tursunovning ayollarning bunday to‘planib, Qur'on va hadislarni o‘rganishini makruh deb fatvo chiqargani atrofida bo‘lmoqda.

Biz diniy bilimimiz bilan maqtana olmaymiz. Ammo bu masalada mushohada qila olamiz.

Asrlar davomida o‘zbek ayollari uyda to‘planib, bugungi zamon tilida aytganda, shunday «diniy yig‘ilishlar» o‘tkazib kelgan.

O‘zbekning tarixida mashhur bo‘lgan ko‘plab ayollar ana shunday yig‘ilishlarda bilimini oshirgan, dunyoqarashi shakllangan.

O‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: demak ular makruh ish bilan shug‘ullanib kelgan ekan-da? Nega shariat asosida yashagan o‘tmish jamiyatda yirik diniy ulamolar ularni bu «makruh»likdan qaytarmagan?

Bu savollarning javoblari o‘z-o‘zidan Anvar qori chiqargan fatvoning asosli va islom dini nuqtai nazaridan to‘g‘riligiga shubha uyg‘otadi.

Qolaversa, islom dinida ayollarning to‘planib diniy bilim olishi makruh ekani to‘g‘risida hali biror joyda o‘qimagan edik…

Masalaning huquqiy tomoni esa boshqa bir mavzu. Garchi qonunchiligimiz bunday yig‘inlarni noqonuniy deb baholayotgan bo‘lsa-da, jamiyatimizda ayollarning diniy bilimga bo‘lgan ehtiyojini esdan chiqarmaslik kerak nazarimizda.

Mukammal bo‘lmagan har qanday qonunni esa jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqib takomillashtirish imkoniyati bor.

Demak, bu masalada ham qonunchiligimizni takomillashtirish, o‘zbek ayollarining diniy bilim olishlari uchun yetarli imkoniyatlarni yaratish choralarini ko‘rish kerak.

Erkaklarimizga diniy masalalarda maslahat olish imkoniyati nihoyatda keng. Bu o‘rinda ular pogonli-pogonsiz mullalar, imom-xatiblar yordamiga suyansa bo‘ladi.

Ammo ayollarimizda bunday imkoniyat juda kam. Ayol-qizlarga mo‘ljallangan maxsus diniy bilim yurtlari soni ozligi uchun «qonuniy» bilim olgan otinlar miqdori ham shunga yarasha.

Boshqa tomondan olib qaraganda, har bir mahallada diniy maslahatchi lavozimi joriy etilgan. Lekin nega ayollar bu maslahatchilarning emas, balki «noqonuniy» otinlarning suhbatlarini ma'qul ko‘rishi masalasini ham o‘ylab ko‘rish vaqti yetgan ko‘rinadi.

Bundan tashqari, nega Fotima otin kabi diniy bilimi bor ayollarni bu lavozimga jalb etib, uning bilimidan jamiyat manfaati yo‘lida, qonunchilikka to‘la mos keladigan sharoitlarda foydalanmaslik kerak, degan savolga javob izlash ham o‘rinli bo‘lardi.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
24 september 2022
Uchko‘prikda 20 ta fermer birlashib kooperatsiya tuzgan va o‘z paxtasini tumanda tashkil etilgan “Uchkuprik Global Textile” klasteridan bir tiyin ...
18 march 2023
Qrim yarim oroli Rossiya armiyasi nazorati ostida 2014 yilning 18 martida o‘tkazilgan referendum natijasiga ko‘ra Rossiya tarkibiga qo‘shib olindi. ...
7 april 2025
Shvetsiya hukumati Kievga (taxminan 1,6 milliard AQSh dollari) miqdoridagi eng yirik harbiy yordam paketini e'lon qildi. Bu haqda mamlakat ...
11 january 2017
Yangi yil oldidan rossiyalik milliarder, agar uni O‘zbekistonga chaqirishsa borishga tayyorligini aytdi. Uni O‘zbekistonda kim kutayotgani, kim chaqirishi qorong‘u. ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...