Catira
4 february 2020

Davlat amaldori oyligiga nechta kostyum xarid qilishi mumkin?

Prezident Mirziyoev 31 yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida o‘tgan uchrashuvda «bir kichkina bojxona posti rahbari»ning uyidan 400 ming dollar pul chiqqani haqida gapirdi.

«Dunyo hamjamiyati bizni tan olsin deb shuncha harakat qilib yotibmiz, bitta postning boshlig‘i esa 400 ming dollar o‘g‘irlab tursa — nima bo‘ladi?» — deya tadqiqotchi olimlarga ritorik savol bilan yuzlandi Shavkat Mirziyoev.

Davlat rahbarining ta'kidlashicha, amaldorning mol-mulki uning daromadiga nomuvofiq bo‘lsa, u buni izohlab berishi kerak.

«Bularni qaerdan oldingiz, deb so‘raladi. Amaldor yozib beradi. Yo‘qsa, to‘ningni tashla-da, xalqning ichida rahbar bo‘lishga haqqing yo‘q.

Amaldorning bir yillik oyligidan nima qilish mumkin, nechta kostyum olishi mumkin, oilasining topgani bilan nima qila oladi, prezidentning oyligi bilan nima qilish mumkin, boshqa kattalarning oyligi bilan nima qilish mumkin — hammasini yozib beramiz. Biz bunga juda katta tayyorgarlik ko‘ryapmiz», — deya yozg‘irdi prezident.

Dunyodagi deyarli barcha demokratik davlatlarda prezidentdan tortib, to oddiy rahbarlargacha tegishli tashkilotlarga daromad deklaratsiyasini taqdim qilishadi. Biroq bu usul avtoritar davlatlarda haligacha yo‘lga qo‘yilmagan, desak xato bo‘lmas.

O‘z vaqtida O‘zbekistonning marhum Prezidenti Islom Karimov ham, Qozog‘iston Elboshisi Nursulton Nazarboev ham amaldorlarning tegishli tashkilotlarga daromad bo‘yicha deklaratsiya topshirishini yo‘lga qo‘yishga va'da bergan edi.

Ammo ularning va'dalari va'daligicha qolib ketdi. 2019 yilda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qaev imzolagan «Qozog‘iston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish, mikromoliyaviy xizmat va soliq solish masalalari bo‘yicha o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunda umumiy deklaratsiyalash ishlariga 2021 yildan boshlab bosqichma-bosqich o‘tilishi ta'kidlangan edi.

O‘tgan hafta Qozog‘iston parlamenti senatida bo‘lib o‘tgan davra stolida ana shu masala muhokama qilindi. Moliya vitse-vaziri Qanat Baedilov davra stoli ishtirokchilariga mamlakatda yashovchi vatandoshlar qanday daromadlar bo‘yicha deklaratsiya taqdim qilishi kerakligi xususida tushunchalar berdi.

Vitse-vazirning aytishicha, Q.To‘qaev imzolagan qonunga binoan 2021 yildan boshlab Qozog‘iston umumiy deklaratsiyalashga bosqichma-bosqich o‘tadi. Shunday qilib, 2021 yil 1 yanvardan Qozog‘istonda davlat xizmatchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar hamda ularning erlari (xotinlari) deklaratsiya topshiradi.

Ikkinchi bosqichda – 2023 yil 1 yanvardan davlat idoralari va kvazidavlat sektorlari ishchilari hamda ularning erlari (xotinlari), uchinchi bosqichda – 2024 yil 1 yanvardan yuridik shaxslarning boshliqlari, muassislari va xususiy tadbirkorlar hamda ularning erlari (xotinlari), to‘rtinchi bosqichda – 2025 yilning 1 yanvaridan boshlab qolgan toifadagi barcha vatandoshlar deklaratsiya topshiradilar.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda deklaratsiya topshiruvchilarning umumiy soni taxminan 13 million kishini tashkil etadi.

Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 november 2025
Kievdagi vaziyat keskinlashgan: Qo‘shma Shtatlar Ukraina hukumatidan kelishuvni zudlik bilan imzolashni talab qilmoqda, aks holda shartlar kelajakda ancha og‘ir ...
21 may 2024
Qirg‘iz etnofashistlaridan iborat olomon Bishkekda chet elliklarga hujum qildi – o‘nlab odam yaralandi. Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda 18 mayga o‘tar ...
9 june 2016
«Hurriyat» gazetasi ushbu yangi ijtimoiy tarmoqning «bir qator afzalliklari bor»ligini ayta turib, qovun tushirib qo‘ygandek. «Avvalo, u «Tas-IX» tarmog‘ida ...
24 june 2016
Istanbul politsiyasiga ko‘ra, 23 iyun kuni tushlik paytida Istanbulning Yenibosna mavzeida O‘zbekistonlik tadbirkor (balki mulozim) O.Ye. yo‘lto‘sar qaroqchilar hujumiga ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...