Dayjest
2 october 2017

O‘zbekistonda 1 oktyabrdan keyin ham banklar naqd valyuta sotmayapti

Birinchi oktyabrdan banklarning naqd dollar sota boshlashi to‘g‘risidagi xabarlar o‘z tasdig‘ini topmadi.

“Eltuz” muxbirining 2 sentyabr kuni o‘rganishicha, banklar naqd pul sotmayapti, faqat harid qilinayapti. Banklarda naqd valyutaning qachon sotilishi hamon noma'lumligicha qolmoqda.

Quyidagi hikoyada, ba'zan bankdan arzimagan besh dollarni harid qilish O‘zbekistonda chinakam azobga aylanishi haqida gap boradi.

Besh dollarlik azob

Qirg‘izistonning O‘sh shahridan Andijonga kelin bo‘lib tushgan Jamila 5 dollar sotib olish uchun kun bo‘yi sarson bo‘ldi.

Ayolning aytishicha, u O‘zbekistonga bundan 26 yil muqaddam kelin bo‘lib tushgan va hanuzgacha O‘zbekiston fuqaroligiga ega emas.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bunday shaxslar har ikki oyda bir 5 dollar to‘lab, vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘ydirishi shart.

Kelin davlat boji uchun kerakli ushbu summani bankdan sotib olmoqchi bo‘lgan.

“Hamkorbank”ning bo‘limlaridan biriga bordim. Valyuta almashtirish shoxobchasidagilar bank valyuta sotmasligi, faqat olishini aytdi. Dollar bozori yo‘qligini, qaerdan olishim mumkinligini so‘ramasam, bilayman, deb javob berishdi” deydi Jamila.

Ayolning bildirishicha, u Eski shahar, Yangi bozor hududlarida dollarfurushlarni axtarib sarson bo‘lgan. Oxiri bozorda yashirincha dollar almashtirayotgan bir kishidan 5 dollarni 45 ming so‘mga sotib olgan. Ya'ni bir dollar unga 9 ming so‘mga tushgan.

Shu yilning 2 sentyabrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev valyuta siyosatini liberallashirishga oid hujjatni imzolagan, shu asosda mamlakat banklari valyuta ayirboshlashni yo‘lga qo‘ygandi. “Qora bozor”ga qarshi kurash keskinlashgani ortidan ularning faoliyat doirasi toraydi.

Hozir fuqarolar valyutani bankka cheklanmagan miqdorda sotishi mumkin, biroq banklar dollarni faqat konversion kartaga o‘tkazib beryapti. Bu esa aholi o‘rtasida yuqoridagi zikr etilgani kabi turli muammolarga sabab bo‘lyapti.

“Ba'zan o‘sha 5 dollarni topib kelish ham katta qiyinchilik tug‘diradi. Dollarfurushlar maydasi yo‘qligini bahona qiladi, borlari ham mayda kupyurani qimmatga sotadi.

O‘zbekistonda yashayapmiz-ku, AQSh da emas, mana shu ozginagina to‘lovni ham so‘mda amalga oshirsa bo‘lmaydimi?”, deydi pasport bo‘limida navbatda turgan fuqarolardan biri.

Andijon viloyati bo‘yicha jami 55 ta valyuta almashtirish shoxobchasi tashkil etilgan. Ammo ularning birortasi hali naqd valyuta sotayotgani yo‘q.

Markaziy bankning Andijon viloyati boshqarmasi valyuta bo‘limi mutasaddilarining ma'lum qilishicha, 1 oktyabrdan boshlab banklarda naqd ko‘rinishidagi valyuta sotuvi yo‘lga qo‘yiladi. Shundan so‘ng fuqarolar shoxobchalardan 2 ming dollargacha bo‘lgan mablag‘ni bemalol naqd ko‘rinishda sotib olishi mumkin.

Andijon viloyati IIB 2-shahar militsiya bo‘linmasi pasport bo‘limida O‘zbekistonda yashaydigan qirg‘izistonlik kelinlarning hujjatlari qalashib yotibdi. Ular ham Jamilaga o‘xshab 5 dollar davlat boji evaziga vaqtinchalik ro‘yxatni rasmiylashtiradi.

Bir necha yildan beri amal qilib kelayotgan tartibga ko‘ra, davlat boji uchun to‘lov aynan AQSh dollarida amalga oshiriladi. Valyuta siyosatining liberallashuvi ortidan barcha to‘lovlarni so‘mda qabul qilish amaliyotiga o‘tilishi e'lon qilindi. Biroq pasport bo‘limida hamon o‘zgarish yo‘q.

Bahodir Sharif
O‘zbekistonlik gazetxon tahallusi
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
22 october 2025
Bir paytlar musulmon dunyosida katta nufuzga ega Turkiston mamlakatlarining xalqaro obro‘si butunlay tushib, ularning xoin hukmdorlari keyinchalik ham Rossiya ...
1 may 2016
Istanbulning Boshoqshahar (Başakşehir) mavzesida yashaydigan 55 yashar Aziz Chalishqon (Aziz Çalışkan) 29 aprel oqshomida o‘z sevgilisini o‘ldirganiga iqrorligini aytib ...
13 may 2019
DXX tergov boshqarmasi tomonidan hibsga olingan Said-Abdulaziz Yusupovning O‘zbekiston «Erk» demokratik partiyasi lideri Muhammad Solihdan olgan intervyusi 13 may ...
14 august 2018
Bugun eltuz.com satirasida rassom Tuz qirg‘iz-o‘zbek chegarasidagi yashirin tunneldan o‘tishga majbur bo‘layotgan kelinlar muammosini aks ettiradi. Ota-onasini ko‘rish uchun ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...