Asosiy mavzular
22 january 2018

Avtobusda ënib ketish mutelik uchun to‘lovmi? Millat kimning qarg‘ishiga qoldi?

Rasmda ko‘raëtganingiz «Setra» avtobusi oldida selfiga tushgan Maqsad O‘zbekistonning 52 vatandoshini so‘nggi manzilga eltgan avtobusning tirik qolgan haydovchisi. Bu rasmga qarab o‘zimcha sinchilik qildim. Har bir narsaning, har bir ishning to‘lovi bor. Yemak yesangiz, oshchiga pul berasiz, ulovga minsangiz, chipta olasiz.

28 yil ilgari o‘z haqini talab qilib, ko‘chalarga chiqib, butun SSSRga botirlik o‘rnagini ko‘rsatgan el bugun qo‘rqoq, zabun bo‘ldi.

Tirikchilik uchun yo‘l azobida ënib kul bo‘ldi. «Zato tinchlik», «osmonimiz musaffo», «O‘zbekistonday jannat hech qaerda yo‘q», «yashasin Karimov», «Karimovga otilgan o‘q menga tegsin» kabi gaplar ko‘p aytildi. «Ketni qisgan boy bo‘ladi», deganlarning biri ikki bo‘lmadi.

«Faqir panada, otamni o‘ldirganga onamni beraman», degan bo‘yni bukik mazkur to‘da bu gaplar uchun to‘lov to‘lashi lozim edi.

Bugun bu to‘lov ustiga mindirilgan foizi bilan to‘lanyapti.

Karimovning to o‘lguncha bu elni ezib, suvini ichgani to‘lovning hammasi emas.

Maktab ko‘rmay, savodsiz qolgan, johil bid'atchi mullalar tarafidan miyasi yuvilib manqurtga aylantirilgan, yo‘llarda non uchun, pul uchun suringan bu millionlarning ko‘rguligi oldinda shekilli.

Yilda bir marta erini ko‘radigan aëllar to‘layapti bu to‘lovni. «Otam o‘ris yurtda», deb tili chiqqan, otasi bilan faqat telefonda gaplashadigan bolalar ichidagi og‘riq, ko‘zlaridagi mung ham o‘sha to‘lovning bir bo‘lagidir.

28 yil jim yurib, faqat diktator Karimovga qo‘shiqlar qo‘shgan shig‘irchi, baxshilar bugun avtobusda ënib o‘lganlarga atab yana shig‘ir ëzib ëtibdi.

Sindir qalamingni, qog‘ozni o‘choqqa qala, shoyad uying bir oz isisa. Qalam va qog‘oz ëngan o‘choqqa qarab maqtanib, kiyib yurganing do‘ppingni bir chetga qo‘yib o‘yla.

Mendan so‘rasang, siësiy talablar bilan chiqib, hokim, vazir va prezidentning ëqasidan olmoq kerak, deyman.

Konstitutsiyani o‘qiylik ora-orada.

Hokimiyat manbai – xalq, deyilgan. Prezident xalqning hizmatchisi, cho‘risi bo‘lishi kerak aslida. Yana butungiday bo‘lib bo‘ynimiz bukik, quloqlarimiz kar, tilimiz soqov, ko‘zlarimiz qoziq o‘rni kabi bo‘lsa, to‘lov qog‘ozini kutaveramiz.

Bundan 28 yil ilgari millat oydini Muhammad Solih aytgan satrlarni balkim bugun tushundik!

Qarg‘algan millatning kelajagi tul,
Daryolari qurib, chirir yerlari,
Qarg‘algan millatning bolalari – qul,
Ayollari tumso, bepusht erlari.

Qarg‘algan millatning qozisi – fosiq,
Olimi – savdogar, ilm sotib yashar,
Shoirlari esa aqldan ozib,
Dushmandan mukofot olmoqqa shoshar…

Otabek Usmon
2018 yil 19 yanvar, Moskva
eltuz.com

Tag‘in o‘qing
17 june 2019
Bosh prokuraturaning Andijonda besh nafar ayolning aldov qurboniga aylanishiga sabab bo‘lgan mutasaddilarni intizomiy javobgarlikka tortish haqidagi taqdimnomasi aslida viloyat ...
7 march 2020
Malika Hayo bint al-Husayn o‘g‘irlik, majburiy qaytarish, qiynoq va qo‘rqitish kompaniyasi boshida o‘zining sobiq eri, milliarder va Dubay amiri ...
12 june 2022
Avangard san'atning minglab qimmatli namunalari saqlanaëtgan o‘zbek muzeylari va mamlakatda faol ijod qilaëtgan 500 dan ortiq rassom ijodi O‘zbekiston ...
21 july 2017
Farg‘ona viloyati aholisi o‘z yaqinlaridan kelgan jo‘natma pullarni olishga qiynalmoqda. Banklar oldida uzunqator navbatlar hosil bo‘lgan. «O‘g‘lim Rossiyada ishlaydi, ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...