Catira
25 january 2018

Shu hokim ham odammi?

Hali O‘zbekiston ahli qalbida Oqto‘bada halok bo‘lgan 52 nafar yurtdoshimizning motami og‘rig‘i susaymay turib, marhumlar sha'nini haqorat qilgan Farg‘ona viloyati hokimini to‘g‘risida gap ketganda shunday savolni o‘rtaga tashlash adolatsizlik bo‘lmasa kerak.

Butun internet bo‘ylab tarqalib ketgan bu haqoratlarning hammasiga to‘xtalib o‘tish shart emas. Ammo shunday jihatlari borki, aytsang tiling, aytmasang diling kuyadi.

Avvalo, hokimning viloyat miqyosida bo‘lib o‘tgan videoselektorda aytgan gaplari davlat rahbariyatining mazkur fojea munosabati bilan ko‘rgan va ko‘rayotgan chora-tadbirlariga juda ulkan soya bo‘lib tushdi.

Endi butun xalq hukumatning bu chora-tadbirlarini minnat o‘rnida qabul qilmasligiga kim kafolat beradi?

Azador oilalarga berilgan bor-yo‘g‘i 80 million so‘m (toshloqlik har bir marhumga ming dollardan ham to‘g‘ri kelmaydi) homiylik yordamini butun boshli viloyat hokimi minnat qilib turganidan keyin yana nima deb o‘ylash mumkin?!

Yana «ta'na qilayotganim yo‘q», deyayotganiga o‘lasizmi. Ta'na, minnat bo‘lmasa, nima bu gaplar?!

Yaxshiyam cho‘ntagidan bermagan. Aks holda qolgan xalqni ham o‘lmaganiga pushaymon yedirib, terisini tiriklayin shilib olarmidi bu hokim.

Boshqa tomondan, «hokim mening odamim» deb ularning nufuzini ko‘tarishga harakat qilayotgan prezidentning ishonchiga berilgan zarba emasmi bu?

Hokim tiriklayin olovda yongan 16 nafar toshloqlikka emas, ular o‘lgani uchun «aybdor qilinishi» ehtimolidan fol ochib, «bechora uchastka noziri»ga achinyapti.

«Yozsa yozaversin», deyapti hokim matbuotdan, jamoatchilikning fikridan qo‘rqmasligini bildirib.

Bu gaplari bilan shunchalik og‘zi shaloqligiga qaramay, yana uni shu paytgacha mansabida ushlab turgan prezidentga orqa qilyaptimi?

Aslida davlat rahbarining orqasiga urilgan xanjar emasmi bu?

Hokimning haqoratlarini eshitib, bir vaqtlar Andijon voqealari haqida gapirgan ëzuvchi Xurshid Do‘stmuhammad isyon qatnashchilarini «sho‘rvaning kir ko‘piklari», deya atagani yodga tushadi.

Har holda Xurshid Do‘stmuhammad deputat ëzuvchi edi. Xalqimiz bu «erkalik»ni uni sevgani uchun ko‘tara olardi.

Lekin ish qidirib, ro‘zg‘or tashvishida o‘zga yurtlarga otlangan chog‘ida tiriklayin yonib ketgan hamyurtlariga hatto o‘limidan keyin ham bir og‘iz yaxshi so‘zini ravo ko‘rmagan vallomatning haqoratlarini xalqimiz kechirarmikin?

Qolaversa, azador xalqning yarasiga tuz sepgan bu hokimning o‘z mansabida qolish-qolmaslik masalasi xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerakligini aytayotgan davlat rahbari uchun ham bir imtihon kabidir.

Sardor Azim
Eltuz.com

Tag‘in o‘qing
15 september 2016
O‘zbekistonda hukumat vakillari har yilgi paxta mavsumini urush jabhasiga tenglashtirishadi. Ko‘pincha selektor tarmog‘i orqali Bosh vazir (endilikda prezident) Shavkat ...
30 november 2017
«Paxta kampaniyasi» mehnat huquqi bo‘yicha ekspert Andrey Mrost tomonidan o‘tkazilgan «O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi: mehnatkashlar tashkilotimi yoki ishchilarni nazorat ...
12 may 2017
11 may kuni BMT inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zeyd Raad Al-Xuseynning tashrifi yakunlandi. Tashrifning bosh natijasi 15 yillik ...
6 june 2016
O‘quvchilarimizga ma'lumu mashhur Quddus A'zamovning navbatdagi bir ko‘rsatuvi «Tinchlik uchun kurashmoq kerak» mavzusiga bag‘ishlandi. Ana tok shou, mana tok ...
Bloglar
31 january 2026
Bir do‘stim hozir ichimni yoqib Kolumbiyada safarda yuribdi. Kecha u Medelin (ispanchasi Medeyin) shahrida edi. ...
29 january 2026
O‘zbekistonlik faol Farida Sharif o‘zining yangi blogida «So‘qir Sherlok» ya'ni Blaynd Sherlok detektiv serialini tomosha ...
23 january 2026
Vladimir Zelenskiy bugun Davosda: 🇨🇭 «Sizlarga (jahon elitasiga) Ukraina mustaqilligi hammadan ko‘ra ko‘proq kerak. Chunki ...